O‘zbekiston | 10:24 / 11.10.2019
7273
5 daqiqa o‘qiladi

«Hayvonlarni identifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Foto: Amel Emric / AP

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Hayvonlarni identifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Hayvon egalari, shu jumladan xo‘jaliklar, hayvondan olingan mahsulotni ishlab chiqaruvchilar, identifikatsiya vositalarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar hayvonlarni identifikatsiya qilish sub'yektlari hisoblanadi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan (parvarishlanadigan) va urchitiladigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya, it, mushuk, sirk va hayvonot bog‘i hayvonlari, shuningdek, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlardagi hayvonlar hayvonlarni identifikatsiya qilish obektlari hisoblanadi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish sohasining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

hayvonlarni identifikatsiya qilishni tashkil etish;

hayvonlarni identifikatsiya qilish sohasidagi tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

davlat tomonidan hayvonlarni identifikatsiya qilish sohasidagi normalarni belgilash;

hayvonlarni identifikatsiya qilishda nazoratni amalga oshirish;

hayvonlarni identifikatsiya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

O‘zbekiston Respublikasi hududida saqlanayotgan (parvarishlanayotgan) va urchitilayotgan hayvonlar belgilangan tartibda identifikatsiya qilinishi, ro‘yxatga olinishi va so‘yilganda (nobud bo‘lganda), eksport qilinganda ro‘yxatdan chiqarilishi majburiydir.

Identifikatsiya qilinmagan hayvonlar, ulardan olingan mahsulot va xomashyolar import qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Identifikatsiya qilinmagan hayvonlar hamda ulardan olingan mahsulot va xomashyolarni realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Shaxsiy ehtiyoj uchun xonadonlarda hayvonlarni saqlashda ularning bosh sonlarining chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.

Qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari tug‘ilganidan o‘n to‘rt kundan keyin bir oylikdan kechikmasdan, qulunlar va xo‘tiklar to‘rt oyligidan, cho‘chqa bolalari bir oyligidan, it va mushuklar uch oyligidan identifikatsiya qilinadi.

Tsirk va hayvonot bog‘i hayvonlari foydalanishga olinishidan oldin, shuningdek, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlardagi hayvonlar bosqichma – bosqich identifikatsiya qilinadi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish davlat veterinariya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

belgilangan tartibda hayvonlarga individual raqam berish;

elektron axborot tizimiga hayvonlar identifikatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni kiritish;

veterinariya pasportini rasmiylashtirish.

Hayvonlar egasi almashganda, shuningdek, bir hududdan boshqa hududga ko‘chirilganda identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut almashtirilmaydi va bu bo‘yicha elektron axborot tizimi hamda veterinariya pasportiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

So‘yish maqsadida import qilingan hayvonlar identifikatsiya qilinmaydi. Ushbu hayvonlar keltirilgan vaqtdan boshlab yetti kalendar kunida so‘yilishi shart.

Hayvonlar turlariga qarab individual raqam berish quyidagi ikki usul orqali amalga oshiriladi:

vizual va elektron birkalash usuli – qoramol, qo‘y va echki, tuya, cho‘chqa va boshqalarning qulog‘iga birkalarni taqish orqali amalga oshiriladi va u hayvonlarning yashash davri davomida olinmaydi;

elektron mikrochip o‘rnatish (elektron identifikatsiya) usuli – hayvonlarning barcha turlariga qo‘llanilishi mumkin.

Vizual birkalarning identifikatsiya raqamlari quyidagi o‘n ikkita belgidan iborat bo‘ladi:

birinchi va ikkinchi belgi – O‘zbekiston Respublikasining harfli UZ (liter) kodi;

uchinchi belgi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar harfli kodi;

to‘rtinchi belgi – hayvonlar turining raqamli kodi;

beshinchi belgidan o‘n ikkinchi belgigacha – sakkiz xonali raqamdan iborat hayvonlarning individual raqami.

Elektron birkalarda identifikatsiya raqamlari xalqaro tartibga muvofiq raqamlardan iborat bo‘ladi.

Hayvonni egaligiga olganida yetti kun ichida, qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari tug‘ilganidan o‘n to‘rt kundan keyin bir oylikdan kechikmasdan, qulunlar va xo‘tiklar to‘rt oyligidan, cho‘chqa bolalari bir oyligidan, it va mushuklar uch oyligida yashash joyi bo‘yicha hisobga olinadi.

Hayvonlar hisobga olinganidan so‘ng uning egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjatga asosan veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi.
Identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut va veterinariya pasporti hayvonning yashash davri davomida saqlanadi.

Hayvondan identifikatsiya raqamini saqlovchi atributni yechish, o‘zgartirish, boshqa hayvon identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut bilan almashtirish, veterinariya pasportiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, turli yozuvlar kiritish, shuningdek, nobud bo‘lgan (so‘yilgan, yo‘q qilingan) hayvonlarning identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut va veterinariya pasportini saqlash taqiqlanadi.

Mavzuga oid