Uy-joy va avtomobil oldi-sotdisida dollar ishlatilishiga qarshi prokuratura orqali kurashish noto‘g‘ri – Markaziy bank raisi
O‘zbekistonda aholining mashina yoki uy-joy oldi-sotdisida xorijiy valutadan foydalanishiga chek qo‘yish huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harakatlari bilan emas, balki iqtisodiy choralar bilan amalga oshirilishi lozim, deb ta'kidladi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Senat yalpi majlisida.
Kun.uz muxbiri xabar berishicha, «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»dagi qonunning yangi tahriri 11 oktabr kuni senatorlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi. Muhokamalar davomida Senat a'zolari fuqarolar uy-joy yoki avtomobil oldi-sotdisida chet el valutasini afzal ko‘rishi muammosiga qanday yechim topilishi masalasida Markaziy bank vakillariga savol bilan yuzlandi.
Savolga MB raisi Mamarizo Nurmuratov javob berdi.
«Mazkur qonun amalga kirganidan so‘ng bu narsa yo‘q bo‘ladi, deyishimiz noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki bunga biz iqtisodiy zamin yaratishimiz kerak. So‘nggi uch yilgacha bo‘lgan davrda mamlakat ichida mashinani valutaga sotib olishni biz o‘zimiz belgilab qo‘ygan edik. Vaholanki, «Markaziy bank to‘g‘risida»gi qonunimizda mamlakat hududida yagona to‘lov vositasi milliy valuta – so‘m, deb belgilangan.
Masalaning ikkinchi tomonini ham ham ochiq aytishim kerak. Biz o‘sha hisob-kitoblarda odamlar milliy valutadan foydalanishi uchun sharoit ham yaratmagan edik. Bitta hovlining oldi-sotdisiga ketadigan pulni qo‘yadigan bo‘lsak, hajmi juda katta bo‘lib ketadi.
Bu narsaning oldini olish kelajakda faqat va faqat o‘zimiz qilayotgan amallarimiz, xatti-harakatimiz bilan xalqning ishonchiga kirish, eng avvalo milliy valutaning qadri bilan, ikkinchisi o‘sha hisob-kitoblarni qilishni oson, qulay, yengil o‘tishiga sharoit yaratish bilan belgilanadi.
Bir tomondan, naqd pulsiz hisob-kitoblarni ko‘paytirish, to‘lov kartochkalariga odamlarning ishochini oshirish orqali, ikkinchi tomondan muomaladagi banknotalarning nominal strukturasini yaxshilash orqali erishamiz.
Aminmanki, bu – nafaqat O‘zbekistonda, boshqa sobiq SSSR mamlakatlarida ham uchraydigan holat. Biz bunga faqat va faqat iqtisodiy harakatlarimiz bilan, aholini milliy pulimizga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash orqali erishishimiz kerak. Menimcha, masalani prokuratura yoki boshqa organlar orqali hal qilishga urinishimiz noto‘g‘ri bo‘ladi. Eng avvalo biz sharoit yaratsak, bu o‘z-o‘zidan kamayib ketaveradi», dedi Nurmuratov.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
15:48 / 20.11.2024