Jamiyat | 20:42 / 12.10.2019
207059
11 daqiqa o‘qiladi

«Hokimiyatning ichki siri» – hokimlar kimning hisobidan mashina sovg‘a qilmoqda?

O‘zbekistonda joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi avvalgi yillarga nisbatan o‘ziga xos qiziqarli va unutilmas voqealarga boy tarzda kechmoqda. Bir tomonda hukumat majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi qattiq kurashayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafda «hokim buva»lar paxtazorlar oralab, terimchilar davrasida yurishni odatga aylantirishdi. Hatto faol paxtakorlar va fermer xo‘jaligi rahbarlarini qimmatbaho buyumlar-u zamonaviy avtomashinalar bilan rag‘batlantirishmoqda.

Internetda hokimlar avtomobillar kalitini topshirgani haqidagi xabarlar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida «Terimchi va dehqonlarga berilayotgan mashinalar qaysi pul evaziga olinyapti?», «Nahotki, bu yil davlat budjetidan paxta mavsumidagi faollarga avtomobil sovg‘a qilishga mablag‘ ajratilgan bo‘lsa?!», «Hokimiyat tasarrufida shunaqa vaziyatlar uchun maxsus fond bo‘ladimi yoki viloyatdagi boy tashkilotlarga «soliq» solinadimi?» singari qator savollar ham tug‘ilmoqda.

Kun.uz muxbiri hokimlik vakillari bilan suhbatlashib, shu kabi savollarga javob topishga harakat qildi.

«Sovg‘a berishda qatnashyapman xolos»

Paxtakorlarga avtomashina tuhfa etishni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshlab bergandi. Respublikada paxta mavsumiga start berilgach, hech qancha vaqt o‘tmay, viloyat rahbari faol terimchilarga avtomobil taqdim qilgani aks etgan suratlar internetda keng bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Bu kabi muhokamalar hokimga shijoat bag‘ishlagan chog‘i, u ilg‘or terimchi-yu fermerlarga avtomashina topshirishda hamon faollikni qo‘ldan boy bermayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda kinoyali va o‘rinli savollarni o‘rtaga tashlayotgan, ammo javob ololmayotganlar yetarlicha topiladi.

Viloyat rahbari Shuhratbek Abdurahmonov bilan telefon orqali suhbatlashib, ushbu holat yuzasidan javob oldik.

«Qishloq xo‘jaligi sohasida yangi tizim joriy qilindi, ya'ni hududlarda klaster korxonalari tashkil etildi. Tekstil korxonalari mavjud bo‘lgan katta tadbirkorlarga tumanlarni berganmiz. Ular o‘ziga biriktirilgan fermer xo‘jaliklari bilan birga paxtani yetishtirib, yig‘ib-terib va qabul qilib, kalava-ip holatiga keltirib, tayyor mahsulotga aylantirishadi. Joriy yildan viloyatning 9ta tumanida mana shunday korxonalar o‘z faoliyatini boshladi. Yana 4ta hududda yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

Klaster korxona rahbarlari paxtani yetishtirishga milliardlab mablag‘ sarflashgan. Ularga tashkilotchilik bo‘lmasa, paxtani qisqa vaqtda yig‘ib-terolmay, sarflagan puliga kuyib qolishi mumkin. Shuning uchun mavsum oldidan ularni yig‘ib, bu yil paxta terimiga o‘qituvchilar, shifokorlar, umuman, budjet tashkilotlari xodimlarini chiqarmaslikni, majburiy mehnatga jalb qilmaslikni ta'kidladim. Ularning o‘rniga uyda o‘tirgan oddiy xalqni olib chiqish kerakligini va albatta rag‘batlantirish zarurligini aytdim.

Birinchi terimda 1 kilogramm paxta uchun davlat tomonidan 800 so‘m belgilangan bo‘lsa, klaster korxona rahbarlari o‘z yonidan 200 so‘m qo‘shib, terimchilarga 1000 so‘mdan berishyapti. Bundan asosiy maqsad aholini ruhlantirib, hosilni erta, yog‘ingarchilikka qoldirmay, yig‘ib-terish va odamlar Qirg‘izistonga paxta terishga ketib qolishining oldini olishdir.

Mavsum davomida besh kunlik, o‘n kunlikda eng ko‘p paxta tergan oilalar, terimchilarga televizor, muzlatkich kabi sovg‘alardan tashqari avtomobillar ham sovg‘a qilish fikri klaster korxona rahbarlarining o‘zidan chiqdi. Menga ular «Shu sovg‘alarni o‘z qo‘llaringiz bilan topshirib bersangiz, paxtakorlar yanada xursand bo‘lishadi», deyishdi. Mashinalarni oddiy oilalar, dalada mehnat qilish bilan umri o‘tayotgan insonlarga taqdim qilishda qatnashyapman, xolos. Hamma sovg‘alar klaster korxona direktorlari hisobidan olinyapti. Ularning barchasi puldor, o‘ziga to‘q odamlar. Bu yerda hech qanday davlat budjeti hisobidan mablag‘ sarflangani yo‘q. Terimchilarni vaqtida rag‘batlantirayotganimiz tufayli hozirda viloyat paxtakorlari rejani 90 foizga bajardi. Marraga oz qoldi!», deydi hokim.

Viloyat hokimligi axborot xizmatidan olingan ma'lumotnomada qayd etilishicha, shu kunga qadar 10 nafar andijonlik mehnatkashga avtomobil berilgan. Mukofotlanganlarning 4 nafari terimchi, 1 nafari suvchi, 4 nafari fermer xo‘jaligi rahbari va 1 nafari tuman hokimligi xodimi bo‘lib, ular uchun 2ta «Spark», 3ta «Neksiya-3», 3ta «Lasetti» hamda 2ta «Kobalt» avtomobillari tuhfa etilgan.

«Spark»lar mahalliy budjet hisobidan berilgani ma'lum bo‘ldi

So‘nggi kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ilg‘or paxtakorlarga muzlatkich, gaz plitasi, televizor singari uy-ro‘zg‘or buyumlari qatorida «Spark» avtomashinasi ham tantanali ravishda topshirilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining paxta terimi hisob-kitobi informatsion markazi tomonidan havola qilingan ma'lumotga ko‘ra, mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish hamda faol terimchilarni rag‘batlantirish maqsadida shu yilning 27 sentyabridan 7 oktyabrigacha 3ta hudud bo‘yicha «O‘n kunda eng ko‘p paxta tergan oila» tanlovi o‘tkazildi. Mazkur tadbirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Beruniy tumanidagi Gulxumor Ro‘zimova, Qonliko‘l tumanida yashovchi Jiyengul Yeshanova hamda Nukus tumanidan bo‘lgan Ikrambay Atashov oilasiga «Spark» avtomashinasi taqdim etilgan. Ushbu avtomashinalar ham, boshqa sovg‘alar ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy budjeti hisobidan sotib olingan.

Eng ilg‘or fermer sifatida «Kobalt» avtomashinasi bilan mukofotlangan Amudaryo tumani Kuyuk ko‘pir ovulidagi «Sardor suvchi» fermer xo‘jaligi raisi O‘rinboy Matyakubovga avtomobil «Amudaryo tekst» MChJ klaster korxonasi hisobidan berilgani ma'lum bo‘ldi.

«Uch yildan beri fermerlik faoliyatini yuritaman. 90 gektar yer maydonining 50 gektariga paxtaning «Sulton» navini ekib, 20 nafarga yaqin ishchilarim ko‘magida parvarishladim. Birinchi terimning o‘zidayoq 90 tonna hosil topshirib, rejani ortig‘i bilan bajardik. Klaster korxonasi rahbari tomonidan avtomashina kaliti topshirildi. Bundan juda xursandman», - dedi O‘rinboy Matyakubov.

«Hokimiyatning ichki siri»

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev klaster usulida paxta yetishtirishga ko‘maklashgan tadbirkorning onasiga «Malibu» sovg‘a qilgani feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida kun mavzusiga aylanib, foydalanuvchilarda turli savollarni uyg‘otdi. 200 million so‘mdan ziyod narxda turuvchi qimmatbaho «toychoq»ni hokim qaysi mablag‘ga xarid qilgani albatta, ko‘pchilik uchun qiziq.

Dastlab, Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov bilan bog‘landik.

«Bu viloyat hokimligining ichki siri, men oshkor etolmayman. Lekin «Malibu» xaridida davlat budjetidagi mablag‘larning daxli yo‘q. Shuningdek, biror tadbirkorning ham homiylik ishtiroki yo‘q», deya javob berdi u.

O‘zbekistonda ochiqlik siyosati ketayotgan davrda hokimlik vakilining bunday javobi ajablanarli.

Shundan so‘ng, avtomashina sohibasi bo‘lgan Hovaxon Madaminovaning o‘g‘li - Qo‘shtepa tumanidagi «FERGANA GLOBAL TEXTILE» MChJ rahbari Mo‘minjon Razzoqovga sim qoqdik. Undan avtomashina kimning mablag‘iga olinganini so‘radik. «Avtomashina viloyat hokimining shaxsiy mablag‘iga sotib olinganmi yoki farzandlar o‘rtada pul yig‘ib volidangizga sovg‘a qildingizmi?», degan savoldan keyin tadbirkor telefonda suhbatlasha olmasligi, Qo‘shtepaga borsak, ko‘rishishi mumkinligini aytib, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

Moliya vazirligi nima deydi?

Holat yuzasidan fikr olish uchun Moliya vazirligi axborot xizmati rahbari Dildora Jo‘rayevaga ham murojaat qildik. Uning aytishicha, davlat budjetidan ushbu maqsadlarga, ya'ni hokimiyatlar tomonidan beriladigan qimmatbaho sovg‘alar va mashinalar uchun hech qanday mablag‘ ajratilmaydi.

«Alohida ta'kidlab o‘tish kerakki, budjetdan tashqari jamg‘arma (fond) mavjud. Bundan tashqari, har kvartalda prognozdan ortiq tushgan mablag‘ bo‘lsa, hokimliklar mazkur tushumlarni o‘zlari zarur maqsadlarga yo‘naltirish imkoniyatiga ega. Lekin shunday bo‘lsa-da, har bir sarf-xarajat uchun Hisob palatasi oldida albatta, hisobot berishadi. Agarda bu kabi xarajatlar homiylar ixtiyori bilan qilinsa, bunga hokimlik organlarining o‘zi mas'ul hisoblanadi.

Tumanlar budjetida shakllangan qo‘shimcha mablag‘larning 10 foizini aholining o‘zi ham qayerga yo‘naltirish borasida ovoz berib, bu jarayonda ishtirok etishlari mumkin», - deydi Dildora Jo‘rayeva.

P/S: Ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga hokimlik vakillari bergan yuqoridagi javoblar qanchalik rost yoxud to‘qima ekani bizga qorong‘i. Agar chindan ham sovg‘alar va avtomobillar klaster korxona rahbarlari mablag‘i evaziga hamda mahalliy budjet hisobidan olinayotgan bo‘lsa, bu kabi xabarlarni ommaga ovoza qilayotgan hokimliklarning matbuot xizmati mas'ullari yanada sinchkov bo‘lishlari zarur. Chunki OAVda tarqalayotgan axborotlarda klaster korxonalari va ularning saxovatpesha rahbarlari nomi yozilmay, aksincha, «hokimning sovg‘asi» sifatida talqin qilinib, hokimlar «saxiy qahramon» sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu esa keng jamoatchilikda turli shubha va savollarni tug‘diryapti.

Mirolim ISAJONOV,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid