Yaponiyaga to‘fon yopirildi. Bu yarim asrdagi eng yirigi bo‘lishi mumkin
Yaponiyaning katta qismini kuchli shamol va yomg‘irlar qamrab oldi. «Xagibis» to‘foni so‘nggi 60 yildagi eng yirigi bo‘lishi mumkin.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, kamida 18 kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan. Yana 16 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Dastlab qurbonlar soni 5 nafarligi aytilgandi.
Itixara shahrida kuchli shamol tufayli avtomobil ag‘darilib ketdi va 50 yashar haydovchi olingan jarohatlar oqibatida olamdan o‘tdi. Kavasakida 60 yoshli yerkak suv ostida qolgan kvartirada jonsiz holda topildi. Totigi prefekturasida bir ayol kanalga yiqilib tushib, cho‘kib ketdi. Tomi shahrida daryoda suv sathi ko‘tarilishi tufayli uchta mashina ko‘prikdan pastga qulagan. Ularda jami 6 kishi bo‘lgan: uch kishi qutqarilgan, yana uch kishining taqdiri noma'lum. Tokio ko‘rfazida Panama bayrog‘i ostida harakatlanuvchi kema cho‘kib ketgan. Uning bortida 12 kishi bo‘lgan, ulardan 3 nafari qutqarilgan. Ekipajning qolgan 9 a'zosi bedarak yo‘qolgan.
7 milliondan ortiq kishi suv toshqinlari xavfi va ko‘chkilar haqidagi ogohlantirishlar tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Ammo hozirda vaqtinchalik turarjoylarga faqat 50 ming kishi kelgan.
To‘fon shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat kechqurungi 7da Tokio shahriga yetib keldi va shimolga harakatlana boshladi. To‘fon markazida shamol tezligi soatiga 225 kilometrgacha yetadi.
Hukumat bu 1958 yildan buyon kuzatilgan eng kuchli to‘fon bo‘lishidan xavotirlanmoqda. 61 yil muqaddam «Kanogava» to‘foni 1200 kishini hayotdan olib ketgandi.
Talofat bundan ham katta bo‘lishi mumkin
Meteoxizmatlar shanba va yakshanba kuni yog‘adigan yomg‘irlar hajmi poytaxt hududida 500 mm.gacha yetishi mumkinligi va suv toshqinlari hamda ko‘chkilar ro‘y berishi ehtimoli «yuqori darajada»ligi haqida ogohlantirgan. Shahardagi daryolar qirg‘oqlaridan toshib chiqishi mumkin.
Ayni vaqtda poyezdlar harakati to‘xtatilgan, yuzlab aviareyslar bekor qilingan.
Davlat televideniyesida ma'lum qilinishicha, 270 mingdan ortiq xonadon elektr ta'minotisiz qolgan.
Shanba kunga belgilangan sport tadbirlari ham qoldirilgan: «Formula 1» gran-prisi va regbi bo‘yicha jahon chempionati kubogi doirasidagi Angliya-Fransiya hamda Yangi Zelandiya-Italiya o‘yinlari.
To‘fonga «Xagibis» nomi berilishi sababi, Filippin aholisining to‘rtdan bir qismi foydalanadigan tagalog tilida bu so‘z «tezlik» ma'nosini beradi.
Yaponiya hukumati avvaldan bu tabiiy ofatga tayyorgarlik ko‘rayotgandi.
Sentabr oyida ham ko‘lami nisbatan kichikroq bo‘lgan «Faksay» to‘foni Yaponiyada 30 mingdan ortiq xonadonga shikast yetkazgandi.
«O‘tgan oyda vaqtinchalik boshpanaga ko‘chib turishimga to‘g‘ri keldi, chunki uyimning tomi uchib ketdi va hammayoqni suv bosdi. Endi men uyim butunlay vayron bo‘lishidan xavotirdaman», degan Tiba prefekturasining Tateyama shahrida yashovchi 93 yoshli kishi NHK muxbiriga.
Mavzuga oid
20:50 / 23.12.2024
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28 / 23.12.2024
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
18:22 / 22.12.2024
Yaponiyada AESlar yaqiniga radioaktiv zarralardan himoya qiluvchi palatkalar joylashtiriladi
20:30 / 21.12.2024