Jamiyat | 18:53 / 16.10.2019
5395
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida yurak xastaligiga chalingan yoshlar davolanishi uchun xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda

Navoiy viloyatida yurak xastaligiga chalingan yoshlarni davolashga qaratilgan «Mehribon yurak» xayriya aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Xayriya aksiyasi orqali tushgan mablag‘lar bolalarning operatsiyadan oldingi va keyingi muolajalari uchun sarflanadi. Tibbiy ko‘rik va operatsiya esa bepul amalga oshiriladi.

Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati mutaxassisi Dilkusho Navro‘zovaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, xayriya orqali viloyatdagi yurak xastaligiga chalingan, bugungi kunda jarrohlik amaliyotiga zarurati bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan bemor bolalarni davolatish va ularni sog‘lom hayotga qaytarish maqsad qilingan.

Bugungi kunga qadar aksiya doirasida viloyatning tuman(shahar)laridan kelgan yoshlarning 20 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va shifokorlar tomonidan xulosalar berildi. 

Bundan tashqari, shu yilning 23 oktabr kuni soat 17:00da «Mehribon yurak» xayriya aksiya tadbirlari doirasida shahardagi «Yoshlar xiyoboni»da gala-konsert dasturi ham tashkil etiladi. 

30 noyabr kuni esa jarrohlik amalayoti jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar va ularning ota-onalariga ko‘tarinki kayfiyat berish maqsadida konsert dasturi tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, xayriya aksiyasi tashabbusi viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Mavzuga oid