«O‘zcharmsanoat» import oyoq kiyimlar uchun boj oshirilganiga izoh berdi
«O‘zcharmsanoat» uyushmasi mutasaddilari import oyoq kiyimlar uchun boj miqdori 20 foizga oshirilgani, bunga nimalar sabab bo‘lganini izohlashdi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida «O‘zcharmsanoat» uyushmasi rahbariyati va mutasaddi xodimlari ishtirokida tashkil qilingan matbuot anjumanida «O‘zcharmsanoat» uyushmasi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasida import qilinuvchi oyoq kiyimlar uchun boj stavkasini 10 foiz o‘rniga 30 foiz etib belgilash taklif etilgani va bu taklif ko‘pchilikning noroziliklariga sabab bo‘lgani, hozirgi qonunchilikda boj stavkasi necha foizni tashkil etayotgani borasida savol bilan murojaat qilindi.
«Haqiqatdan ham qonunchilikka taklif sifatida kiritgan loyihamiz ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Xo‘sh, nima uchun shu paytga qadar biz bu masalani ko‘tarmay keldik. Bunga sabab, 2017 yilda poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz tomonidan bor yo‘g‘i 12 million juft poyabzal ishlab chiqarilgan.
2018 yil 3 maydagi «Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilinishi natijasida tadbirkorlarga soliqdagi, bojxona to‘lovlaridagi imtiyozlar taqdim etildi. Natijada sohada katta o‘zgarishlar kuzatildi va o‘tgan yilning o‘zida 58,1 million juft poyabzal ishlab chiqarildi.
Soha tez o‘sib bormoqda, biz o‘tayotgan yilda ishlab chiqarish hajmini 80 million juftga yetkazishni rejalashtiryapmiz.
Demoqchimanki, har qanday mamlakat o‘zining ishlab chiqaruvchilarini himoya qiladi.
Biz import qilinuvchi oyoq kiyimlar uchun boj stavkasini oshirish taklifini o‘zimiz berganimiz yo‘q, ishlab chiqaruvchilar bilan maslahatlashgan holda bergan edik», deya «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi Faxriddin Boboyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ma'lumot uchun, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi taklif qilgan 30 foizlik boj stavkasi amalga kiritilganda, import qilinuvchi har bir juft oyoq kiyim uchun taxminan 3-5 dollar atrofida boj to‘lovlari amalga oshirilgan bo‘lar edi.
Qaror loyihasiga nisbatan bo‘lgan e'tirozlarda ham, aynan ko‘tarilgan boj to‘lovlari sababli O‘zbekistonga import bo‘ladigan sifatli oyoq kiyimlarning miqdori kamayib ketishi mumkinligi aytilgandi.
Faxriddin Boboyev shuningdek, amaldagi qonunchilik bo‘yicha import qilinuvchi oyoq kiyimlar uchun boj miqdorini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, hozirda 20 foizlik boj stavkasi amalga kiritilgan va import qilinayotgan har bir juft oyoq kiyim uchun 2 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda boj olinmoqda.
Uyushma rahbarining javobi uning o‘rinbosari Farhod Nurmuhammedov tomonidan to‘ldirilgan. Uning aytishicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan berilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari uzoq muddatga mo‘ljallanmagan. «Prezidentimiz qarori bo‘yicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun belgilangan imtiyozlar 2023 yilning 1 yanvariga qadar amalda bo‘lishi belgilangan», deydi Farhod Nurmuhammedov.
Qaror loyihasi tarixi
Eslatib o‘tamiz, «O‘zcharmsanoat» assotsiatsiyasi joriy yilning 10 iyunida poyabzal importi uchun boj to‘lovini oshirish taklif qilingan qaror loyihasini muhokamaga qo‘ygandi. Unda 1 iyul kunidan import qilinadigan poyabzallar uchun to‘lanadigan boj stavkasini 10 foizdan 30 foizga, bir juft poyabzal uchun 5 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish taklif qilingandi.
Bir necha kun o‘tib, «O‘zcharmsanoat» poyabzal importi boji bo‘yicha yangi taklif tayyorladi. Unda faqat erkaklar poyabzali uchun 20 foizlik stavka belgilash taklif qilingan (avval barcha poyabzallar uchun tavsiya etilgandi), minimal chegara esa 3 dollar etib belgilangandi.
Bu taklifni ham iqtisodchilar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari e'tirozlar bilan kutib olishdi.
Tadbirkor Zafar Hoshimov bunday o‘zgarishlar joriy qilinsa kontrabanda va qora bozor gullab-yashnashi mumkinligi, sifatli oyoq kiyim narxlari ko‘tarilib ketishi, iste'molchi uchun tanlov imkoniyati keskin qisqarishi, bu holatlar esa davlat budjetiga katta zarar keltirishi mumkinligini taxmin qilgandi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov esa bu loyihani «barchani qashshoqlashtiruvchi bojlar» deb atagandi.
«O‘zcharmsanoat» o‘zini «himoya» qilish uchun, barchamizni qashshoqlashtiruvchi bojlarni qabul qilmoqchi. Endi erkaklar oyoq kiyimiga bojlar 20 foiz tashkil etarkan. Bojlar, bu xalqning cho‘ntagidan olinadigan mablag‘», degandi u telegramdagi kanalida.
Mavzuga oid
11:10 / 15.12.2024
O‘zbekistonga o‘tgan 10 oyda import qilingan elektromobillar soni ma’lum qilindi
10:23 / 13.12.2024
Import qilishda QQSni o‘zaro hisobga olish tartibini qo‘llash kengaytirildi
09:24 / 12.12.2024
O‘zbekiston 10 oyda qancha elektromobil import qilgani aytildi
22:16 / 25.11.2024