Samarqandda quruvchi blogerni sudga berdi. Da'vogar tomon 500 million so‘m ma'naviy zarar talab qilmoqda
Samarqandlik quruvchi qurilish maydonchasini noqonuniy qo‘lga kiritgani haqida blogpost yozgan blogerni sudga berdi. U sud orqali blogerdan 500 million so‘m ma'naviy zarar undirmoqchi.
Saytimizda «Samarqandning tarixiy qismida noqonuniy qurilishlar davom etmoqda: endi «GOM»ni buzib, «dom» ko‘tarishmoqda» sarlavhasi ostida samarqandlik mustaqil bloger Mirzo Subhonovning surishtiruviga asoslangan xabar berilgan edi.
Mazkur xabardan so‘ng bloger M.Subhonov o‘z blogida «Ichki ishlar mulki reyder quruvchidan saqlab qolindi» sarlavhasi ostida tashkilotlarning ilgarigi blogpostiga munosabatini e'lon qilgan.
Bloger Mirzo Subhonovning Samarqand viloyati qurilish nazorati inspeksiyasiga ko‘ra yozishicha, Samarqand shahridagi «Buran quruvchi servis» MChJ shahardagi ijtimoiy obektlarni buzib, ularning o‘rniga qurgan ko‘p qavatli turarjoylar noqonuniy qurilgan, deb topilgan va YuNeSKO talabi bo‘yicha buzilishi belgilangan Samarqand shahridagi jami 17ta obekt ro‘yxatiga kiritilgan.
Bloger Mirzo Subhonov Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, «Buran quruvchi servis» MChJ ushbu maqolalar yuzasidan uni sudga bergan.
«O‘tgan hafta pochta orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudidan xat keldi. Ochib qarasam — menga nisbatan ma'naviy zarar ishi bo‘yicha chaqiruv qog‘ozi jo‘natilgan ekan.
Holatga aniqlik kitirish maqsadida bugun — 14 oktabr kuni Toyloq tuman sudiga borganimda «Buran Quruvchi Servis» MChJ sud orqali men va yana bir blogerdan jami 500.000.000 (besh yuz million) so‘m ma'naviy zarar talab qilayotgan ekan.
Da'vogarning arizada bildirishicha Kun.uz saytida e'lon qilingan «Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi o‘z mulkini reyder quruvchi «hamla»sidan saqlab qoldi» sarlavhali maqola ortidan uning qurilish ishlari to‘xtab qolgan.
Undan uy sotib olmoqchi bo‘lib shartnoma qilgan xaridorlar esa ushbu shartnomalarni bekor qilib, oldin to‘lagan pullarini yoppasiga qaytarib olishgan. Buning oqibatida quruvchi sotayotgan uy-joylarining bozor narxi tushib ketgan.
«Bizning or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘-e'tiborimizni haqoratlovchi ma'lumotlarni tarqatish tufayli bizga ma'naviy zarar yetkazildi, ushbu ma'naviy zararimizni 500.000.000 (besh yuz million) so‘m miqdorida baholaymiz», deyilgan arizada.
Holbuki, Samarqand shahar ma'muriy sudining sudya O.Pardayev raisligida 2019 yil 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida «Buran Quruvchi Servis» MChJ Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasidagi Samarqand shahar IIBga qarashli 3-son militsiya bo‘linmasiga tegishli joyni o‘zboshimchalik bilan egallab olgani to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Bloger davlat tashkilotlari va sud qarorlariga asoslanib, o‘z blogpostini yozgan.
«Men blogerlik ortidan daromad olmayman. Da'vogar sudda to‘liq yutib chiqqan taqdirda ham, menda u talab qilayotgan mablag‘ yo‘q. Mendagi bor jami pullarni sud orqali undirib olgan taqdirda ham, quruvchining o‘zi da'vo qilayotgan tang moliyaviy holatini o‘nglay olmasligi aniq», — deydi M.Subhonov biz bilan suhbatda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudidan olingan ma'lumotga ko‘ra, mazkur fuqarolik ishini ko‘rish 2019 yil 18 oktabr kuni soat 12:00ga tayinlangan.
Kun.uz mazkur vaziyatni kuzatishda davom etadi.
Mavzuga oid
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024
Moskvadagi harbiy sud terrorizm bo‘yicha deyarli barcha ishlarni yashirdi
17:49 / 06.12.2024