O‘zbekiston | 11:54 / 18.10.2019
50379
2 daqiqa o‘qiladi

«Soha va tarmoqlarning hududiy rahbarlari «qotib qolgan» - Surxondaryoda prezident ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda

Termiz shahrida Surxondaryo viloyati va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari, respublikadan kelgan mutasaddilar, faollar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida hududlardagi holatga tanqidiy baho berdi.

«Siyosatimizning mazmuni, maqsadi oddiy: mehnat qilsang, rohat ko‘rasan. Davlat shu mehnatga, emin-erkin ishlashga sharoit yaratib berishi shart. Shu maqsadda qarorlar qabul qilinyapti, yo‘nalishlar belgilab berilyapti. Lekin quyi tizimda ularni bajaradigan saviyali rahbar kam. Hokim tayyorlash maktabini yaratdikmi degan savolga ijobiy javob yo‘q. Soha va tarmoqlarning hududiy rahbarlari «qotib qolgan», - dedi prezident.

Davlat rahbari o‘sish sur'atlari viloyatning haqiqiy salohiyati uchun hali yetarli emasligini ta'kidladi.

«Joriy yilda viloyatga uchinchi bor tashrif buyurishimizning sababi Surxondaryo misolida barcha rahbarlarga hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini hisobga olib, ularni jadal rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va o‘sish nuqtalarini aniqlash hamda to‘liq ishga solishni ko‘rsatib berishdir», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Har bir vazir, soha va tarmoqlar rahbarlariga bu yil yakunigacha va kelgusi yilda Surxondaryo uchun nimalar qilishini aniq yozib, viloyat hokimligiga taqdimot qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mavzuga oid