Jamiyat | 19:10 / 22.10.2019
10419
6 daqiqa o‘qiladi

Viloyat hokimligi Andijondagi shifoxona masalasini hal qilgan. Lekin ko‘p savollar ochiq qolmoqda

21 oktabr kuni Kun.uz saytida «Andijonda «ko‘pchilik qiziqadigan» shifoxona mashmashasi qachon hal etiladi?» sarlavhali material e'lon qilingan edi. Andijon viloyat hokimligi mazkur masalaga munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga murojaatlar bo‘lgach, masala o‘rganilib viloyat hokimligiga xabar berilgan. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 13 oktabr kuni viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasiga borgan. Shifoxona jamoasi bilan tadbirkor o‘rtasida kelib chiqqan nizo sababli, viloyat hokimi shifoxona xodimlari bilan uchrashgan.

Uchrashuvda oliy toifali shifokorlar Yashar Abdurashidov, Ne'matilla Hakimov, Hamidullo Zokirov, Ibrohimjon Nazarov va Alisher Zuxriddinov shifoxona davlat tasarrufida qolishi davolanayotgan oddiy xalqning talabi ekanligi, bunaqa shifoxona respublikaning faqatgina uchta viloyatida borligini aytishib, jamoadagi muhitning sog‘lomligi, mutaxassis shifokorlarning malakasi kuchli ekanligi uchun respublikaning barcha viloyatlaridan bemorlar shifo izlab aynan Andijonga kelishi, qo‘shni Qirg‘iziston respublikasidan ham davolanuvchilar ko‘pligini ta'kidlashgan.

Jamoa bilan suhbat natijasida viloyat rahbari shu kungacha jamoani boshqarib kelayotgan oliy toifali ortoped travmotolog Dilmurod Ermatovga ishonch bildirgan. Mahalliy budjetdan mablag‘ ajratib, ertadan shifoxonani zamonaviy ko‘rinishga keltirilish ishlari boshlanishi va qo‘shimcha binolar qurish uchun loyiha ishlarini boshlash uchun «Madat invest elit» MChJ rahbari A.Ro‘ziyevga topshiriq berib, jamoaga shifoxona davlat tasarrufida qolishini e'lon qilgan.

14 oktabr kuni tadbirkor va shifoxona o‘rtasida kelishuv bitimi imzolangan. Shifoxona 3 oy davomida tadbirkor sarflagan mablag‘ni to‘lab berishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, viloyat rahbari Andijon davlat tibbiyot instituti rektoriga shifoxonada qaytadan travmatologiya va ortopediya, anesteziologiya va malaka oshirish kafedralarini tashkil etish to‘g‘risida topshiriq bergan.

Ya'ni, shifoxona haqidagi maqola e'lon qilinishidan oldin «shifoxona taqdiri hal etilgan». Ayni vaqtda shifoxona jamoasi va bemorlar muassasada boshlangan qurilish-ta'mirlash ishlaridan mamnun.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati kelgusida Kun.uz tahririyatiga shifoxonaning zamonaviy holati yuzasidan foto va video lavhalar bilan qo‘shimcha ma'lumot berishni rejalashtirgan.

«Hal qilinmagan» savollar

Hokimlik munosabatida ta'kidlanganidek, shifoxona va tadbirkor o‘rtasidagi muammoni hal etish bo‘yicha amaliy uchun ishlar boshlangandir balki. Biroq javobini kutayotgan bir qator savollar hamon dolzarbligini yo‘qotmagan. Biz shifoxonaga 10 oktabr kuni borgandik. Viloyat hokimligi masalani keyinroq o‘rgangan. Vaholanki, orada tomonlar bir necha bor sudlashgan, ikki taraf ham bir necha tashkilotga yozma murojaat qilgan.

Shifoxona xo‘jalik yurituvida mustaqil bo‘lib, sog‘liqni saqlash boshqarmasi balansida bo‘lmasa ham tadbirkorga berib yuborilgani aytilgandi. Bu masalada yolg‘on axborot berib, vaziyatni chigallashtirgan mas'ullarga qanday chora ko‘riladi?

Shifokor H.Zokirov «Tadbirkor 2018 yilning fevral oyida buzish ishlariga ruxsati bo‘lmay turib, bir qavatli binoni buzib tashlagani» haqida aytgandi. Buni tadbirkor ham tan olib, vaqt kamligi bois qurilishni tezroq boshlash uchun buzish ishlarini boshlab yuborganini tasdiqlagandi. Bu holatda tadbirkorga qanday chora ko‘riladi?

Shifokorlar ishtirokisiz tuzilgan uch taraflama («Andijon viloyat davlat mulkini ijaraga berish markazi» davlat unitar korxonasi, Andijon viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tadbirkor o‘rtasida) ijara shartnomasi keyinchalik bekor qilingan. Noqonuniy ijara shartnomasini tuzgan mas'ul tashkilotlarga qanday chora ko‘riladi?

Ijara shartnomasi tuzilganidan so‘ng tadbirkor ta'mirlash ishlarini boshlab, 3 qavatli foydalanilib turilgan binoning yerto‘la qismidan teshiklar ochgan. Shifokor kuchliroq zilzila bo‘lsa, bino qulab tushishi mumkinligi, binoga zarar yetgani haqida aytgandi. Binoga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu masala nima bo‘ladi? Zilzilaga bardoshlik masalasida tegishli tashkilotlar qanday fikrda?

Tadbirkor H.Niyozov shifoxonada katta tushum borligi, uning davriga kelib bu miqdor oshganini aytgandi. Endilikda tushum masalasida qanday zarur choralar ko‘riladi?

Shifokorlar hozirda foydalanilayotgan binoning pastki qismi yaroqsiz holatdaligini aytishgandi. Biz ham kanalizatsiya trubalaridan suv tomayotganiga guvoh bo‘lgandik. Bu masala hal etiladimi?

Videoga tushib qolgan, hujjat ko‘rsatmay, o‘zini tanitmay, bemorlar xonalarini aylanib yurgan xodimlar yuzasidan rasmiy idoralar izoh bermaydimi? Ular kimning buyrug‘i bo‘yicha va nima maqsadda kelishgandi?

Garchi viloyat hokimi shifoxonaga kelib muammoni qisman hal qilgan, shifoxona rahbariyati ham bu mavzuga boshqa qaytmaslikni istayotgan bo‘lsa-da, yuqoridagi savollar hali ham o‘z javoblarini kutmoqda.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Zafarbek Solijonov

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid