Yaponiyada 126-imperator taxtga o‘tirdi. U qanday vakolatlarga ega?
Yaponiyaning 126-imperatori Naruxito 22 oktabr kuni tantanali ravishda taxtga o‘tirdi.
«Xalq oldida va konstitutsiyaga binoan, insonlar farovonligi va butun dunyodagi tinchlik uchun, Yaponiya va uning xalqiga ularning ramzi sifatida xizmat qilishga qasamyod qilaman.
Xalqimizning donoligi va mehnati bilan mamlakatimiz yana ham gullab-yashnasin. Sa'y-harakatlarimiz tinchlik va xalqaro jamoatchilik bilan do‘stlikka hamda insoniyat farovonligi uchun xizmat qilsin», – dedi imperator.
Ob-havoning noqulayligi va mamlakatda motam kunlari bo‘lishiga qaramay, marosim 2 mingga yaqin mehmon ishtirokida o‘tdi.
An'anaga muvofiq Yaponiyaning qadimiy poytaxti Kiotoda o‘tgan tadbir mamlakatning barcha telekanallari orqali translatsiya qilindi.
Imperator saroyining bosh zalidagi marosimda 183ta davlatdan tashrif buyurgan taxminan 400 nafar xorijlik yuqori martabali delegatlar qatnashdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Buyuk Britaniya valiahd shahzodasi Charlz, Ispaniya qiroli Filipp VI, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer, Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi, Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr, Daniya valiahd shahzodasi Frederik, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shular jumlasidan.
Ma'lum bo‘lishicha, xorijdan tashrif buyurgan oliy darajadagi 400 mehmonning 70 nafarini bevosita davlat rahbarlari va monarxlar tashkil etgan.
Qayd etish kerak, oliy darajadagi marosim protokoli 200 yildan ko‘proq vaqtdan buyon o‘zgarmay kelmoqda.
1869 yildan boshlab ushbu tadbir uchun xitoycha emas, balki yaponcha marosim liboslarini kiya boshlashgan. Jumladan, bugungi tadbir vaqtida imperatritsa Masako 12 qavatli, taxminan 15 kg tosh bosadigan an'anaviy libosda edi.
Marosim yakunida Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe imperatorni tabrikladi va so‘zi oxirida uch marta «Banzay!» («O‘n ming yil!») deya hayqirib, unga uzoq umr tiladi. Yangi imperator sharafiga to‘plardan o‘q uzildi.
Taomilga ko‘ra, intronizatsiyadan so‘ng katta parad bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq «Xagibis» to‘foni qurbonlari xotirasiga motam kunlari kechayotgani bois parad 10 noyabrga qoldirildi. Shu bois yangi imperator taxtga kelganini nishonlash tantanali kechki ovqat bilan cheklandi.
Eslatib o‘tamiz, 59 yoshli Naruxito 1 may kuni imperatorga aylangan, u (to‘ng‘ich o‘g‘il) keksayib qolgani tufayli taxtdan voz kechgan otasi Akixitoning o‘rnini egallagandi. Shuning bilan, Yaponiyada 30 yil davom etgan xeysey («hamma yerda tinchlik») davri yakunlanib, reyva («maftunkor uyg‘unlik») shiori ostidagi davr boshlandi.
Saroy rahbari bahordayoq almashgan bo‘lsa-da, mamlakat qonunchiligida imperatorning taxtga o‘tirish marosimi faqat kuz va qishda o‘tkazilishi mumkinligi belgilangani sabab intronizatsiya kechiktirilgan edi.
Naruxito Ikkinchi jahon urushidan keyin tug‘ilgan Yaponiyaning ilk imperatoriga aylandi. U Tokiodagi mahalliy universitet va Oksfordning Merton kollejida o‘qigan, tarix fanlari magistri hisoblanadi. Naruxito xayriya faoliyatini bilan shug‘ullanib keladi.
Naruxitoning o‘g‘li yo‘qligi bois, qonunga muvofiq uning ukasi Fumixito taxt uchun keyingi nomzod sanaladi.
Ma'lumot uchun, Yaponiyada ijro hokimiyati bosh vazirga tegishli. Yapon imperatori deyarli to‘liq ramziy vazifani bajaradi va uning vakolatlari, masalan Britaniya monarxining huquqlaridan anchaga kam.
Imperatorning vakolatlari quyidagilardan iborat:
- parlament taqdimiga binoan Bosh vazir nomzodini tasdiqlash;
- Vazirlar Mahkamasi taqdimiga binoan Oliy sud raisini tasdiqlash;
- parlament qabul qilgan qonunlarni e'lon qilish;
- Vazirlar Mahkamasi ma'lumotiga asosan, saylovlar natijalarini e'lon qilish va parlamentni tarqatib yuborish;
- ratifikatsiya qilingan shartnomalarni tasdiqlash va amnistiya e'lon qilish;
- davlat mukofotlarini berish, xorijiy davlatlar elchilarini qabul qilish va davlat marosimlarini o‘tkazish.
1947 yilda qabul qilingan «Imperatorlik uyi to‘g‘risida»gi qonunga asosan, imperator umrbod lavozimida qoladi. Naruxitoning otasi Akixito Yaponiya taxtidan o‘z xohishi bilan voz kechgan so‘nggi 200 yil ichidagi ilk imperator bo‘lgandi.
Mavzuga oid
20:50 / 23.12.2024
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28 / 23.12.2024
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
18:22 / 22.12.2024
Yaponiyada AESlar yaqiniga radioaktiv zarralardan himoya qiluvchi palatkalar joylashtiriladi
20:30 / 21.12.2024