O‘zbekiston | 01:35 / 23.10.2019
221154
3 daqiqa o‘qiladi

Ahmed Aliyev: MXX sobiq generali O‘zbekiston rahbarlariga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgandi

Yetti yil “Jasliq” qamoqxonasida mahbuslikda bo‘lgan «Aliyev zargari» (Gold Center) zargarlik kompaniyasi rahbari Ahmed Aliyev 21 oktabr kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida 2012 yilda sobiq MXX amaldorlari O‘zbekistonda davlat to‘ntarishi uyushtirmoqchi bo‘lishganini aytdi

Foto: Gazeta.uz

«2012 yilda meni va xodimlarimni hibsga olishganida hamma buni Gold Center bilan bog‘lagandi. Darhaqiqat, bu sabab bo‘lgan, lekin ikkinchi darajali sabab. Birinchisi siyosiy sabab bo‘lgan. 2011—2012 yillarda, fikrimcha, O‘zbekistonda o‘sha vaqtdagi prezident Islom Abdug‘aniyevich Karimovni chetlashtirish va ta'kidlab aytaman, bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni – hozirgi xalq prezidentini jismonan yo‘q qilish orqali davlat to‘ntarishini amalga oshirishga tayyorlanishgan», — dedi u.

Ahmed Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Rahim Mamajonov MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov nomidan unga zargarlik markazi binosini G‘ulomovga berish va oylik maosh evaziga markazni boshqarishni taklif qilgan.

Bundan tashqari, Rahim Mamajonov unga davlat to‘ntarishini amalga oshirish rejalashtirilayotganini aytgan.

Aliyev bu haqda tegishli organlarga ma'lum qilmoqchi bo‘lgan, ammo tez kunda hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning yanvarida 51 yoshli general-leytenant Shuhrat G‘ulomov Milliy Xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ishdan olingan va Surxondaryo viloyati boshqarmasiga o‘tkazilgandi. Shuhrat G‘ulomov MXXdagi faoliyatini aynan Surxondaryodan boshlagandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 19—20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘lgan chog‘ida Shuhrat G‘ulomovni xoin deb atagandi. 

“Surxondaryoda bu masalada og‘ir edi. Shuning uchun bu yerga bitta ham biznesmen kelmagan, keldimi darrov qamardi. Bu falonchining odami, bu pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami, deb. San kimsan, o‘zing pul bermaydiganmiding, san G‘ulomov. Sotqin. Poraning boshida o‘zi o‘tirardi”, degandi Mirziyoyev.

Ma'lumot uchun, MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov 2017 yili O‘zbekiston Harbiy sudi tomonidan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va giyohvand moddalar kontrabandasini tashkil etishda aybdor deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

Mavzuga oid