Yunusobod tumani hokimining o‘rinbosari pora bilan qo‘lga olindi
Yunusobod tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari E.Z. qo‘lga olindi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yunusobod tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari E.Z. fuqaro R.M.dan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini e'tirof etish bo‘yicha tuman hokimining qarorini chiqarib berish evaziga 5.000 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 11 oktabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan E.Z.ga nisbatan JK 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma'lumot uchun: E. Z. shu yilning boshida Yunusobod tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
U uzoq yil "O‘zuyjoyjamg‘armabank" banki tizimida rahbar lavozimlarida ishlagan, "Makon Kapital Invest" mas'uliyati cheklangan jamiyati ta'sischisi va moliya masalalari bo‘yicha maslahatchisi ham bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning sentabr oyida Toshkent shahri Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olishda gumonlanib qo‘lga olingandi.
Abdusamatov shu yilning may oyida Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 yilga qamalgan.
Mavzuga oid
21:10 / 20.09.2024
Pora bilan ushlangan Dashtobod stansiyasi boshlig‘i ilgari sudlanmagani aytildi
11:41 / 20.09.2024
Dashtobod temiryo‘l stansiyasi boshlig‘i pora olgan vaqtida ushlandi
19:02 / 09.09.2024
Qashqadaryo va Jizzaxda pora olgan ekologiya va qurilish mutaxassislari ushlandi
20:10 / 20.08.2024