Jahon | 23:57 / 24.10.2019
7437
2 daqiqa o‘qiladi

Inson huquqlarini himoyalash bo‘yicha Saxarov mukofoti qamoqdagi uyg‘ur huquq himoyachisiga berildi

Xitoyda uyg‘urlar huquqlari uchun kurashuvchi va hozirda umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan uyg‘ur iqtisodchisi Ilhom To‘xti 2019 yil uchun Yevroparlamentning “Fikr erkinligi uchun” Saxarov mukofotiga loyiq topildi.

Ilhom To‘xti

To‘xti Yevroparlament siyosiy guruhlari yetakchilarining ovoz berishi bilan tanlangan. Yevroparlament prezidenti David Sassoli sovrindorni e'lon qila turib, “To‘xti hayotini Xitoydagi uyg‘ur ozchiligi huquqlarini himoyalashga bag‘ishladi. U yarashuv va mo‘'tadillik ovozi bo‘lganiga qaramay, 2014 yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan”, deb aytgan.

“Bu mukofotni berar ekanmiz, Xitoy hukumatidan To‘xtini ozod qilishni va Xitoydagi ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishni qat'iyan talab qilamiz”, deb aytgan Yevroparlament rahbari.

Pekin universiteti professori bo‘lgan To‘xti 2014 yilda ayirmachilik ayblovi bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. U qamoqqa tushishdan avval UighurOnline deb nomlangan sayt ochib, dolzarb mavzularda uyg‘urcha va xitoycha xabarlar berib borgan.

To‘xti avvalroq Yevropa Kengashining inson huquqlari bo‘yicha Vatslav Havel mukofotiga ham loyiq ko‘rilgan edi.

Joriy yilda Saxarov mukofotini olishga finalchilar orasida braziliyalik huquq himoyachilari va keniyalik talabalar ham bo‘lgan. Ular 18 dekabrda Strasburgda o‘tadigan mukofotlash marosimiga taklif qilinadilar. Mukofot miqdori 50 ming yevroni tashkil qiladi. 

Akademik Andrey Saxarov nomidagi mukofot 1988 yildan boshlab inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoyalashda ajralgan odamlar va tashkilotlarga beriladi. 2018 yilda ushbu mukofotni ukrainalik rejissyor Oleg Sensov olgandi.

Mavzuga oid