«Endi banklar resurs jalb etish bo‘yicha «o‘z aravasini o‘zi tortishi» kerak» - Prezident bank tizimini isloh qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 oktabr kuni bank tizimini isloh qilish va banklarning investitsiyaviy faolligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish va ishlab chiqarishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda banklar muhim o‘rin tutadi. Shu bois ushbu moliyaviy institutlarning barqarorligini va hayotdagi rolini oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda.
Oxirgi yillarda davlat budjetidan tijorat banklariga dasturlarni moliyalashtirish uchun 8,4 trillion so‘m, aylanma mablag‘lar uchun 400 million dollar, ustav kapitalini oshirish uchun 1,7 milliard dollar mablag‘ ajratildi. Umuman olganda, so‘nggi ikki yil ichida banklar kapitalizatsiyasini oshirish uchun 3,3 milliard dollar davlat mablag‘lari berildi.
Yig‘ilishda bu mablag‘lardan samarali foydalanilmayotgani, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashish, mijozlar va bank daromadlarini ko‘paytirish borasidagi ishlar yetarli emasligi tanqid qilindi.
Misol uchun, xususiy banklar kredit resursining yarmidan ko‘pini depozitlar hisobiga shakllantirayotgan bo‘lsa, davlat banklarida bu ko‘rsatkich atigi 10 foiz atrofida.
Shuningdek, davlat banklari kredit portfelining yarmidan ko‘pi 5ta yirik davlat korxonasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Hanuz eskirgan dasturiy ta'minotlardan foydalanayotgani uchun bank xizmatlari sifati talab darajasida emas.
Tizimda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida banklar faoliyatida davlat ishtiroki bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Xususan, davlat dasturlari doirasidagi kreditlar foizi qayta moliyalash stavkasi bilan tenglashtirildi va 2021 yildan to‘liq erkinlashtirilishi belgilandi. Bu banklarni ko‘proq mijoz topish, resurs jalb qilish, kredit ajratish bo‘yicha izlanishga, rivojlanishga undaydi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, banklar transformatsiyasini tezlashtirish va sifatli amalga oshirish maqsadida barcha davlat banklaridagi aksiyadorlik vazifasi Moliya vazirligiga yuklatildi.
Yig‘ilishda Moliya vazirligi va Markaziy bankka Jahon banki bilan birgalikda bank sektorini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini yakunlash vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbari tijorat banklarining hozirgi holatini tahlil qilib, dolzarb chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi.
Bugungi kunda banklarga qo‘yilgan depozitlarning 70 foizi qisqa muddatli bo‘lgani holda, kreditlarning 90 foizi uzoq muddatga berilgan. Ayrim banklarda joriy xarajatlar daromadga nisbatan 60-70 foizni tashkil etadi.
Shu bois banklarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va ularning barqarorligini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.
Banklarning mijozga yo‘naltirilgan, aholining keng qatlamiga mo‘ljallangan xizmatlarini ko‘paytirish hamda kreditlash tartibini soddalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Onlayn va mobil aloqa orqali xizmat ko‘rsatish, chet ellarda keng tarqalgan «skoring» va avtomatlashtirilgan modulli kredit ajratish tizimini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Banklarning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, biznesga yo‘naltirilgan korporativ boshqaruv tizimi va kuzatuv kengashlarini jonlantirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish orqali xususiy sektor ishtirokini kengaytirish kerakligi ta'kidlandi.
– Endi banklar resurs jalb etish bo‘yicha «o‘z aravasini o‘zi tortishi» kerak. Shundagina bozor sharoitiga mos, zamonaviy boshqaruv tizimiga ega moliyaviy institutga aylana oladi, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga ham alohida e'tibor qaratilib, Markaziy bank huzurida tashkil etilayotgan Bank xodimlarini qayta tayyorlash korporativ markazi va Toshkent moliya instituti bu borada jiddiy shug‘ullanishi kerakligi aytildi. Bank xodimlarining mijozlar bilan ishlashini rag‘batlantirish, ular faoliyatini samaradorlikka qarab baholash indikatorlarini joriy etish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish so‘ngida «Sanoatqurilishbank» hamda Xalq bankining 2020 yil va istiqboldagi rejalari taqdimoti o‘tkazildi.
Mavzuga oid
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024
Mirziyoyev va Putin ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi
15:25 / 06.12.2024