O‘zbekiston | 08:26 / 26.10.2019
46347
5 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov IIVda korrupsiyaga qarshi kurash qanday olib borilayotganini aytdi

Foto: KUN.UZ

Ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami arafasida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov bilan suhbatlashdi.

«Agar jamiyatda qonun ustuvorligi ta'minlanmasa, unda odamlar nafaqat bugungi, balki ertangi kunga ham ishonchini yo‘qotadi. Agar shaxsiy manfaatlar ustun kelsa, korrupsiya ildiz otadi, natijada mamlakat inqirozga uchraydi. Har qanday ongli shaxs bunday mamlakatdan chiqib ketish imkoniyatini qidiradi, xorijiy investor korrupsiyalashgan davlatga sarmoya kiritishni istamaydi. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, sarmoya kiritishdan oldin investor mamlakat sharoitlari va ishbilarmonlik muhiti haqida davlat idoralari vakillaridan emas, balki tadbirkorlardan bilib oladi», - deydi u.

Ichki ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hukumat amaldorlari vijdonli va halol bo‘lishi kerak.

«Korrupsiya darajasi davlatning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini belgilovchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda korrupsiya butun dunyo hamjamiyati uchun jiddiy muammoga aylandi. Shuning uchun barcha davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashmoqda», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Po‘lat Bobojonovning xabar berishicha, ichki ishlar idoralarida amaldagi qonunlar va davlat dasturlari asosida korrupsiyaga qarshi qat'iy kurash olib borilmoqda.

«Bu yil vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan muhim hujjati qabul qilindi. Xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi immunitet va murosasizlikni shakllantirish maqsadida samarali profilaktika choralari ko‘rilmoqda. Bosh prokuratura bilan hamkorlikda xodimlar o‘rtasida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning dekabr oyida ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi deb e'lon qilindi, bunda tashkiliy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan», - deydi vazir.

Ichki ishlar vazirligi rahbarining fikricha, korrupsiyani yo‘q qilishga oddiy profilaktik choralar, uchrashuvlar o‘tkazish yoki jazolash orqali erishib bo‘lmaydi. Bu tizimli yondashuvni talab qiladi.

«Shu bois, Prezidentimiz xodimlarimizni ijtimoiy himoya qilishga, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratmoqda. Ularga uy va avtoulov sotib olish uchun uzoq muddatli kreditlar, bolalarni ta'lim muassasalarida o‘qitish bo‘yicha tavsiyalar va boshqa imtiyozlar taqdim etilyapti. Ichki ishlar organlarida maxsus jamg‘armalar tashkil etilgan, xodimlar qo‘shimcha ravishda ustama bilan rag‘batlantirilmoqda. Bu ish o‘zining ijobiy samarasini beryapti», - dedi Po‘lat Bobojonov.

Uning ta'kidlashicha, ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni hal qilish uchun quyidagilarga e'tibor qaratish lozim:

birinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish kerak;

ikkinchidan, korrupsiya tahdidlarini chuqur tahlil qilish asosida xodimlarni ushbu holatning oqibatlari to‘g‘risida xabardor qilish uchun huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozim;

uchinchidan, soha xizmatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng qo‘llanilishi hisobidan fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda inson omili ishtirokini kamaytirish mumkin;

to‘rtinchidan, huquqni muhofaza qilish xodimlariga pora berishga va boshqa noqonuniy usullardan foydalanishga tayyor bo‘lganlarga qarshi kurashning kuchayishi;

beshinchidan, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va moddiy rag‘batlantirishga doimiy e'tibor qaratish;

oltinchidan, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashda barcha darajadagi rahbarlarning javobgarligini oshirish;

yettinchidan, davlat hokimiyati institutlarining ishonchi va korrupsiyaga qarshi choralar samaradorligini baholash maqsadida jamoatchilik fikrini o‘rganish.

«Hech kim bu masalaga befarq bo‘lmasligi kerak, hamma birgalikda jamiyatdagi korrupsiyani yo‘q qilishi lozim», - deya xulosa qildi Po‘lat Bobojonov. 

Mavzuga oid