O‘zbekiston | 23:05 / 28.10.2019
7537
4 daqiqa o‘qiladi

650ta yangi transformator va boshqa choralar. Andijonda energiya tejamkorligi borasida nimalar qilinmoqda?

28 oktabr kuni Andijon shahrida Prezidentning 2019 yil 22 avgustdagi «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan seminar tarzidagi davra suhbati o‘tkazildi.

Anjumanda Andijon viloyati shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, tadbirkorlar hamda aholi vakillari ishtirok etdi.

Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyev va Energetika vazirligi departament direktori Muzaffar Hakimov hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanish  masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Davra suhbatida ma'lum qilinishicha, «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan viloyatdagi 611 ming aholi xonadonlari va 15 mingdan ortiq korxona va tashkilotlarga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

2019 yilning 9 oyi davomida iste'molchilarga 2 mlrd. 800 mln. kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lsa, avvalgi yillarning mos davrida yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori 2 mlrd. 200 mln. kVt.soatni tashkil etdi.

Xususan, so‘nggi to‘rt yil davomida viloyatda elektr energiyasi iste'moli deyarli 30 foizga ortdi. Elektr energiyasi iste'molining ortishi bilan tarmoqlarda va jismonan eskirgan elektr jihozlardagi yo‘qotishlar ham ortib borgan. Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni 10-6-0,4 kV kuchlanishli tarmoqlardagi  jismonan eskirgan simlar va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan transformator punktlari hamda mahallalarda yangi qurilgan aholi xonadonlariga tortilgan qo‘lbola 0,4 kV kuchlanishli tarmoqlar tashkil qilgan.

Ushbu yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi PQ-2661 sonli «2017-2021 yillarda past kuchlanishdagi elektr uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish davlat dasturi» asosida 2017-2019 yillarda viloyatda 1400 km 10-0,4 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 10/0,4 kV kuchlanishli 650 dona transformator punktlari yangi qurilib, hududlarda ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan transformator punktlari yuki yengillashtirildi.

Birgina 2019 yil davomida yuqori kuchlanishli tarmoqlarda ortiqcha yuklamada ishlayotgan 4 dona kuch transformatorlarini katta quvvatlisiga almashtirish evaziga 300 ming kVt soat elektr energiyasi, 31 dona 10/0,4 kV kuchlanishli ortiqcha yuklama rejimida ishlayotgan transformatorlarni katta quvvatlisiga almashtirish hisobiga 850 ming kVt.soat elektr energiyasi iqtisod qilindi.

Elektr energiyasidan iste'molchilar tomonidan oqilona foydalanish maqsadida aholi va yuridik iste'molchilarga o‘rnatilgan elektr hisoblagichlarni zamonaviy, masofadan avtomatik boshqariluvchi ASKUE tizimiga ulangan elektron hisoblagichlarga almashtirish ishlari olib borilyapti.

2018 yil 1 yanvardan boshlab «Andijon hududiy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi bo‘limlar, shahar va tuman elektr ta'minoti korxonalari binolarida 19 dona quyosh suv isitkichlari o‘rnatildi. Jamiyat tasarrufidagi barcha bino va inshootlardagi cho‘g‘lanma lampalar to‘liq energiya tejamkor lampalarga  almashtirildi va buning natijasida yil davomida 400 ming kVt soat elektr energiyasini iqtisod qilishga erishilmoqda.

Viloyatning 16 ta tuman iqtisodiy tarmoqlari, ijtimoiy soha  va maishiy iste'molchilarda  mavjud 53762 dona cho‘g‘lanma lampalarni energotejamkor lampalarga almashtirish natijasida yil davomida 46 mln kVt soat elektr energiyasini iqtisod qilindi.

Mavzuga oid