Iqtisodiyot | 23:28 / 28.10.2019
23395
2 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab yangi bojlar birlamchi iste'mol tovarlari narxi oshishiga ta'sir qilmaydi – Vazir o‘rinbosari

G‘anisher Mamatqulov / Arxiv foto: jizzax.uz

O‘zbekiston hukumati hozir nol stavkada bo‘lgan 300dan ortiq turdagi tovarlar olib kirilishiga 1 yanvardan boshlab bojlar joriy etmoqda. Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari G‘anisher Mamatqulov mazkur qarorga izoh berdi.

«Bu o‘zgarishlardan asosiy maqsad – bugungi kunda jahonda yuz berayotgan hodisalarni, ya'ni tashqi omillarning iqtisodiyotga salbiy ta'sirini kamaytirish. Bu, o‘z navbatida, mamlakatning boshqa davlatlar bilan savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yishda ham muhim ahamiyatga ega.

Mazkur o‘zgarishning ichki iste'mol bozoriga ta'siri, ya'ni 2 oktyabrdagi 4470-sonli qarorga asosan, aholining doimiy iste'mol qiladigan birlamchi ehtiyojidagi tovarlar narxlarining oshishiga ta'sir ko‘rsatmaydi. Chunki respublikada ishlab chiqarish hajmi yetarli bo‘lmagan asosiy iste'mol tovarlari uchun bojxona boji stavkalari oshirilmaydi», – dedi Mamatqulov dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

G‘anisher Mamatqulov (chapda)

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, vazir o‘rinbosari o‘z ma'ruzasida bojxona stavkalari MDH davlatlari bilan savdo-sotiqqa ta'sir qilmasligiga alohida urg‘u bergan.

«Eng asosiysi, O‘zbekistonning xalqaro kelishuvlariga asosan, MDH davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo aloqalari uchun bojxona stavkalari qo‘llanilmaydi. Yana ta'kidlayman, qo‘llanilmaydi.

[2019 yilning yanvar-sentabr oylarida] import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining 65,9 foizi, ya'ni uchdan ikki qismi MDH mamlakatlaridan import qilingan. Ushbu mahsulotlarning respublikamizga kirib kelishiga bojxona boji ta'sir qilmaydi», – dedi G‘anisher Mamatqulov.

Bundan oldin, Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov yangi bojxona stavkalariga qanday izoh bergani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid