Jamiyat | 14:50 / 29.10.2019
83649
3 daqiqa o‘qiladi

Dalaga o‘rgangan odamlar orasida. Paxtakorlarning bir kuni

Hozir respublika bo‘ylab paxta mavsumining cho‘g‘i so‘nay deb qolgan davr. Xalq tili bilan aytganda «birinchi terim» ko‘pgina viloyatlarda nihoyasiga yetgan yoki oxirlayapti.

Ayni shu jarayonlarni kuzatish, terimchilar bilan suhbatlashish maqsadida Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani Farg‘ona shaharchasida bo‘ldik. Hududining katta qismi hozir ham ekin maydonlaridan iborat bo‘lgan bu «shaharcha» Mirzacho‘l yerlari o‘zlashtirilishi paytida vodiy viloyatlaridan ko‘chib kelgan aholi tomonidan bunyod qilingan. Shuning uchun ham u Farg‘ona shaharchasi deb ataladi.

Bizni dalaga boshlab borgan mahalla raisi Abdurayim akaning aytishicha, paxta terayotganlar orasida nafaqat hudud aholisi, balki boshqa viloyatlardan kelgan hasharchilar ham bor. 

O‘zimiz guvoh bo‘lganimiz esa: ko‘pchilik terimchilar 50 yoshdan oshgan, serfarzand onalar. Ular ro‘zg‘origa harna yordam bo‘lsin deya «kuniga 100» qilish harakatida.

Paxtakorlar orasida 30 kilogramdan og‘irroq etakni boshida ko‘tarib tarozigacha boradigan ayollar ham, 35 yildan beri bir-birini ardoqlab yashayotgan er-xotin terimchilar ham, bu yil oliy o‘quv yurtiga kira olmay kelasi yil uchun terim tugagach tayyorgarlik ko‘raman deb niyat qilgan abituriyentlar ham bor. 

Muhimi ularning barchasi o‘z ishiga, dalasiga mehr qo‘ygan, ortiqcha narsa kutmaydigan mehribon insonlar. 

P.S: Ochig‘i, paxtazorda og‘ir mehnat bilan shug‘ullanayotgan kishilar hayoti haqida ijobiy "material" tayyorlash murakkab ish. Umuman, biz "Paxtazorda bir kun" orqali ijobiylikka ham intilganimiz yo‘q, shunchaki, kam maosh, og‘ir mehnat  bilan oilasining kamini to‘ldirishga intilib yashayotgan insonlar hayotini bor bo‘yoqlar bilan "chizish"ga harakat qildik, xolos.

Paxtakorlar haqida hammasini batafsil videoreportajda ko‘rishingiz mumkin.

Zilola G‘aybullayeva, Ilyos Safarov, Kun.uz muxbirlari.
Mirvohid Mirrahimov, operator.

Mavzuga oid