O‘zbekiston | 13:36 / 29.10.2019
43155
2 daqiqa o‘qiladi

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i ishdan olindi, «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari qat'iy ogohlantirildi

Foto: O‘zbekneftgaz

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Narziyev rejada belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta'minlamagani uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati xabar qilmoqda.

2019 yil 28 oktabr kuni Qarshi shahridagi «O‘zbekneftgaz» binosida ushbu topshiriqlarni joylardagi ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining maslahatchisi, energetika vaziri Alisher Sultonov tomonidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Tizim rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda ularni iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yetkazib berish prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilish holati tahlil etildi. 

Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi. 

Unga ko‘ra, rejada belgilangan vazifalarni ijrosini o‘z vaqtida ta'minlamagani uchun Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Narziyev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Ushbu lavozimga Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti boshlig‘i R.Sherov tayinlandi. 

«O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisining qazib chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Mustafoyev hamda Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i O.O‘rinboyev ishdagi kamchiliklari sabab qat'iy ogohlantirish oldi. 

«O‘zbekneftgaz» Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i K.Omonovga ushbu lavozimga yaqinda tayinlanganligi sabab yil yakuniga qadar qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini yanada oshirish talabi qo‘yildi.

Mavzuga oid