Jamiyat | 18:26 / 31.10.2019
9678
2 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Hindistonga shifo ilinjida ketgan Shohrux murakkab operatsiyani o‘tkazib qaytdi

Bir oz muddat oldin tahririyatimiz orqali «Bir o‘g‘limni shu dard sabab tuproqqa qo‘ydim. Ikkinchisiga chiday olmayman» – baxmallik otaning hasrati» sarlavhali xayriya aksiyasi saytimiz orqali e'lon qilingan edi.

Maqolada bir o‘g‘lini ikki buyrak yetishmovchiligi sabab yo‘qotgan, endi ikkinchi o‘g‘li ham bu kasallik bilan xastalangan ota Baxtiyor Rahmonqulovning yaxshi insonlardan yordam so‘rab murojaat qilgani aks etgan edi.

Xayriya aksiyasi e'lon qilingach, ko‘plab saxovatpesha insonlar bee'tibor bo‘lishmadi. Yurtdoshlarimizning yordami bilan kerakli mablag‘ yig‘ildi. Shundan so‘ng oila umid bilan shifo ilinjida Hindistonga jo‘nab ketgan edi.

Bugun, 30 oktabr kuni Baxtiyor Raxmonqulov o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i bilan farzandining og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishdi. Biz ham oilani kutib olish uchun aeroport tomon shoshdik. Ularning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib sevindik, taassurotlari haqida suhbatlashdik. Baxtiyor aka yordam bergan, duoda bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni uzundan-uzun duo qildilar.

Shu o‘rinda biz ham inson taqdiriga befarq bo‘lmagan aziz yurtdoshlarimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib o‘tamiz. Qilgan ehsonlaringiz o‘z dargohida qabul bo‘lib, umringizga umr, rizqingizga rizq, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik ato etsin. Bugun Allohning marhamati va sizning yordamingiz sabab – bir o‘zbek bolasi oyoqqa turmoqda, oilasiga va farzandlari bag‘riga qaytmoqda. Yaxshilik qilishdan charchamang, tolmang, aziz yurtdoshlar!

Mavzuga oid