O‘zbekiston | 19:00 / 08.11.2019
99665
8 daqiqa o‘qiladi

«Turkiyaga o‘ynagani ketganimiz yo‘q edi...» Migrantlar muammosi Nodira Qodirova oilasi misolida

Xorijdagi millionlab vatandosh – bir-biriga ham o‘xshash, ham farqli millionlab taqdirlar demakdir. Nodira Qodirova voqeasini ham mehnat migrantlarining alohida qatlami shakllanib ulgurgan o‘zbek jamiyatidagi muammolardan ayro holda tahlil etib bo‘lmaydi.

Deputatning uyida haqiqatan suitsid bo‘lganmi yoxud qotillik, degan savol qanchalik aktual bo‘lsa, migrantlar bilan bog‘liq navbatdagi fojia – 23 yoshli qizning o‘limidan biz qanday xulosa qilyapmiz, degan savol ham shunchalik muhim.

Nodiraning akasi Muhammadali Qarshiboyev bilan suhbatimiz bizni ana shunday xulosaga undadi.

«Biz u yoqlarga o‘ynagani ketganimiz yo‘q edi. Ishlash uchun, uy olaylik deb, yo‘qchilik tufayli ketgandik. O‘z vatanida, oilasi bag‘rida, do‘st-birodarlariga qo‘shilib yurishni, to‘y-ma'rakalarga qatnashishni har kim ham xohlaydi...» – deydi so‘nggi 5 yil davomida Turkiyada mehnat muhojiri bo‘lgan Qarshiboyev.

Suhbatimizning birinchi qismida Muhammadali bevosita voqea tafsilotlarini so‘zlab bergan edi. Intervyu jizzaxlik oilaning o‘tmishi va buguni, aka-singilning Turkiyaga borib ishlashi sabablari va Qarshiboyevning musofirchilikdagi hayoti kabi mavzularda davom etdi.

Suhbatning birinchi qismi: «Singlim aqli zaif ham, fohisha ham emasdi!»

Aka-singilni Turkiyada ishlashga nima majbur qildi?

– Oilada to‘rt farzandmiz – uch qiz, bir o‘g‘il. Ikki opam turmushga chiqqan. Kenjamiz, ona singlim Nodira rahmatli bo‘ldi. Otam vafot etganlar, joylari jannatdan bo‘lsin. Jizzax viloyatida doimiy ro‘yxatda turamiz, hozir Toshkentda ijarada istiqomat qilyapmiz.

Oilaviy sharoitimiz og‘irligi tufayli oxirgi besh yil davomida Turkiyada ishladim. Olayotgan maoshim ro‘zg‘ordan ortmasdi. Ikki opam turmushga chiqqan, oilada ota-onam va singlim bor edi. Uch yil oldin vafot etgan otam mehnat qila olmasdilar – og‘ir kasallikka chalingandilar. Dori-darmonga ko‘p pulimiz ketib qolardi. Hatto amakimlar, do‘st-u birodar, qarindoshlardan qarz havola qilib... Bu qarzlarni shu paytgacha ham uza olganimiz yo‘q. Alloh sog‘lik bersa, uzamiz, avvalo otamning sog‘ligiga qaraylik, degan maqsadda ularning dori-darmoniga pul topish uchun chet davlatga ketganman.

Besh yil Anqarada ishladim. Oyligim ro‘zg‘ordan, dori-darmondan ortmasdi. So‘ng oilamiz bilan maslahatlashgan holda singlim Nodirani oldimga chaqirishga majbur bo‘ldim. Ya'ni o‘zi bergan taklifdan, oilaviy sharoitimizdan kelib chiqqan holda. «Aka, topgan pulingiz ro‘zg‘ordan ortmayapti. Oldingizga boray. Ikki kishilashib ishlaylik. Birimiz topgan pul doriga ketsa ham, birimizniki yig‘iladi», degach, Nodira singlimni yonimga chaqirdim.

Nodira ish joyi – Unal oilasi haqida qanday fikrda edi?

– Shirin Unal Nodira ishlayotgan paytida uni qizimdek bo‘lib qoldi, derdi. O‘lganidan keyin yomonga chiqarishi insoniylikdan emas.

Singlim bilan xo‘jayinining xarakteri haqida ba'zida gaplashib turardik. Muomalasi qanaqa, deb so‘raganimda: «Aka, menga mukofot bersangiz bo‘ladi, bu yerda juda ko‘pchilik ishlab ketgan ekan, bu odamning xarakteriga hech kim dosh bera olmagan ekan. Xarakterlari o‘ta og‘ir», degandi.

Nodira bu ishdan ketaman, deb aytishga qo‘rqardi. Xasta xonimni parvarishlash asnosida beli og‘rib qolgach, bir marta ketmoqchiligini aytgan ekan. Lekin oila rozi bo‘lmagan. «Kasal ayolim senga o‘rgandi, qizimga ham dugonaday bo‘lib qolding, oilamdagilar seni hurmat qilishadi, ketmay qo‘yaver», degan ekan o‘shanda Shirin Unal.

Shundan keyin singlimni o‘zimiz davolatamiz deb, kasalxonaga olib borishdi. Og‘ir ishlar uchun boshqa bir alohida xizmatchi olishlarini, singlim ovqat qilish kabi yengil yumushlar bilan shug‘ullanishini aytishgan. Keyinroq andijonlik Hilola ismli qizni ishga olishdi.

Singlim telefon qilib: «Oilaning ra'yiga yo‘q deya olmadim, Shirin Unal o‘qishga kirishingga ham yordam beraman, deb aytdi. O‘qishga kirsam bo‘ldi, mendan baxtli inson bo‘lmasdi», degandi.

Unalning xasta rafiqasini esa Nodira juda ham yaxshi ayol deb ta'riflagandi. Singlim xo‘jayini va uning qizi haqida ijobiy fikrda bo‘lmasa ham, ammo o‘zi parvarishlayotgan ayolni juda ham hurmat qilishini aytgandi.

Turmushga chiqish haqida gaplashganimizda: «Yo‘q, aka, hali bor. Turmushga chiqish haqida umuman o‘ylamayapman, faqat o‘qiyman, o‘qishga kiraman – orzum ushalsin», derdi.

«Otamning janozasiga kela olmadim...»

– [Uch yil oldin] ishlayotgan joyimdan oyligimni ola olmagandim. Maoshimni talab qilganim uchun meni ishdan haydashdi. Sadaqa so‘raganim yo‘q edi, o‘z ish haqimni beringlar, degandim.

Uydagilar bilan telefonlashib turgandik. Onam dori-darmonga pul jo‘natishimni so‘radi: «Otang kundan-kunga og‘irlashib boryapti...»

Jami ikki oylik maoshimni berishlari kerak edi. U paytda 1,5 ming liraga (hozirgi kursda $250dan biroz ko‘proq – tahr.) ishlardim. 3 ming lira berishlari kerak edi, berishmadi. Haqimni so‘raganim uchun ishdan bo‘shatishdi.

Kvartiramga borsam, u yerdagi yigitlar o‘rtasida janjal chiqqan, shikoyat tushgan, «uchastkovoy» bosgan... Kvartiramdan ham chiqdim.

Ham ishimdan ayrildim, ham kvartiramdan. Qo‘limda pulim yo‘q. Shu orada onam telefon qildi. Baqirib yig‘layapti: «Muhammad, tez orqangga qayt, biletingni ol, dadang xayrlashyapti, seni ko‘rmoqchi...»

Telefonni o‘chirdim. Qayerga borishimni, nima qilishimni bilmayman. Pulim yo‘q. Sumkam bilan ko‘chada qoldim.

Otamning janozasiga yetib kela olmadim. Armon bo‘lib qoldi.

Ancha yildan buyon xasta edilar. Insult. Badanlarida falajlik bor edi. Avvaliga hassada yurardilar. Keyin, dori-darmonlar yetkaza olmaganimiz sababli, ahvollari kundan kunga og‘irlashib borayotgandi.

«O‘ynagani ketmagandik...»

– Faqat men boquvchi edim. Xasta onam uy bekasi. Ro‘zg‘ordan orttira olmaganimiz uchun ham marhuma singlimni chaqirgan edik. Biz u yoqlarga o‘ynagani ketganimiz yo‘q edi. Ishlash uchun, uy olaylik deb, yo‘qchilik tufayli ketgandik. O‘z vatanida, oilasi bag‘rida, do‘st-birodarlariga qo‘shilib yurishni, to‘y-ma'rakalarga qatnashishni har kim ham xohlaydi...

Musofirchilikni ko‘rgan biladi. Osonmas. Chet elda yurgan ko‘p fuqarolarimiz bor, hammasini Allohim o‘z panohida asrasin. O‘zlarini ehtiyot qilib yurishsin. Bunga o‘xshash voqealar hech kimning boshiga kelmasin.

Umrining besh yildan ko‘prog‘ini muhojirlikda o‘tkazgan 26 yoshli Muhammadali Qarshiboyev ortiq chet elda ishlamoqchi emas. Onasining yuragi xasta, qon bosimi bor, endi uni yolg‘izlatib qo‘ya olmaydi.

Mavzuga oid