O‘zbekiston | 08:48 / 08.11.2019
11636
3 daqiqa o‘qiladi

Oilaviy mehmon uylari qanday tartibda soliqqa tortilishi ma'lum qilindi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Oilaviy mehmon uylari xizmatlari oilaviy mehmon uyi tashkil etish uchun yaroqli turar-joy binosiga ega bo‘lgan va unda yashovchi xususiy tadbirkorlar yoki oilaviy tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ko‘rsatiladi. Bu haqda DSQ matbuot xizmati yozmoqda.

Oilaviy mehmon uyi egasining oila a'zolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek, har bir yashovchi shaxsga 3 kv. metr hisobidan to‘g‘ri keladigan turar-joy maydoniga ega bo‘lishi kerak.

Bunday tartib Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi 631-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi nizomga asosan belgilangan.

Oilaviy mehmon uylari xizmatlarini sertifikatlashtirish soddalashtirilgan holda, oilaviy mehmon uylarini o‘rganish dalolatnomasi asosida ularni Oilaviy mehmon uylari yagona reyestriga kiritish va Oilaviy mehmon uylari yagona reyestridan tegishli ko‘chirma berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi oilaviy mehmon uylarini ro‘yxatga olish va Oilaviy mehmon uylari yagona reyestrini yuritishni amalga oshiradi.

Oilaviy mehmon uylari xizmatlarini amalga oshiruvchi xususiy tadbirkorlar yoki oilaviy tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan prezidentning 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qarorining 9-ilovasiga asosan tovarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumi 100 mln. so‘mgacha qat'iy belgilangan soliq to‘lovlarini to‘laydi.

Oilaviy tadbirkorlik sub'yekti nomidan ish yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkor har oyda bazaviy hisoblash miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda yagona ijtimoiy to‘lovni to‘laydi.

Oila a'zolari tomonidan qat'iy belgilangan soliq to‘lovidan ozod etilgan bo‘lib, Soliq kodeksining 311-moddasiga asosan oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lgan har bitta oila a'zolari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yagona ijtimoiy to‘lov amalga oshiriladi.

Tijorat banklari tomonidan Oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestriga kiritilgan xususiy tadbirkorlar va oilaviy tadbirkorlik sub'yektlarining buyurtmalariga binoan bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobarigacha miqdorda besh yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavka bo‘yicha imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangan.

Mavzuga oid