Iqtisodiyot | 18:40 / 12.11.2019
36646
7 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura «buxanka» narxi oshishiga qanday omillar ta'sir ko‘rsatayotganini sanadi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi «Buxanka» narxi oshishi yuzasidan munosabat bildirib, buning 5ta omilini keltirdi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi «Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2019 yil 15 oktyabrdan «O‘zdonmahsulot» AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste'molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi.

Bu esa mahalliy dondan tayyorlangan un va qolipli non narxining oshishiga olib kelib, o‘z navbatida aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, tahlillar qolipli non narxining keskin oshishiga quyidagi omillar sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda:

1. Davlat tomonidan don va un sotib olish narxini sun'iy ravishda ushlab turish siyosatidan voz kechilib, Vazirlar Mahkamasining 866-sonli qaroriga muvofiq, «O‘zdonmahsulot» AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan un va qolipli non narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar va ularning strategik turlari ro‘yxatidan chiqarildi.

Bunga qadar, aholining unga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilardan g‘allani past narxlarda sotib olish mexanizmi amal qilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining har oylik bayoni asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga yopiq birja savdolari orqali mahalliy bug‘doy uni sotib kelingan.

Oqibatda fermerlar va don korxonalarining iqtisodiy zarar ko‘rishi, ular moddiy-texnika bazalarini yaxshilay olmasliklari, hosildorlikni oshirishga bo‘lgan rag‘batning tushib ketishiga olib keldi.

Ma'lumot uchun: davlat ehtiyojlari uchun sotib olingan g‘alla narxi 2017 yilda – 550, 2018 yilda – 750, 2019 yilda esa – 1420 so‘m etib belgilangan.

Ko‘p yillar davomida amal qilib kelgan mazkur tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini arzon narxli qolipli nonga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat bo‘lishi bilan birga, turli korrupsiyaviy sxemalarning vujudga kelishiga, arzon narxlarda sotib olingan undan qolipli non ishlab chiqarmasdan unni bozorlarda sotish orqali mo‘may daromad olinishiga, mahalliy unning aholiga qat'iy o‘rnatilgan davlat narxlarida yetib bormasligiga olib kelgan.

Birgina, «Ohangaron don» AJ boshqaruvi mansabdor shaxslari tomonidan 2011-2018 yillar davomida aholi ehtiyojlari uchun qolipli non ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan jami 18,6 mlrd so‘mlik un va don mahsulotlari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta'minlangan.

Shuningdek, «Qoraqalpoq don mahsulotlari» AJ mansabdor shaxslari tomonidan 2018-2019 yillar davomida har bir qopi 87,5 ming so‘mdan sotilishi belgilangan 6 134 qop un mahsulotlarini 110 ming so‘mdan, jami 674,7 mln. so‘mga sotib, 138 mln. so‘m pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

2. Yoqilg‘i, energetika va gaz narxining yildan yilga oshib borishi ishlab chiqarilayotgan un va non tan narxi qimmatlashuviga olib kelmoqda. Xususan, 2017 yilda un ishlab chiqaruvchi korxonalarga 1 kVt soat elektr energiyasi narxi 204,3 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 2019 yilga kelib 450 so‘mni (120,4 foizga oshgan) tashkil qilmoqda.

3. «O‘zdonmahsulot» AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan va birja savdolariga qo‘yilgan un hajmi iste'molchilar talabiga mutanosib emas. Respublika aholisining 2018 yilda un mahsulotlariga bo‘lgan yillik talabi 3,2 mln tonnani (bir oylik 267 ming tonna) tashkil qilib, respublikada 2,9 mln tonna (92 foiz) un ishlab chiqarilgan (1,5 mln. tonnasi «O‘zdonmahsulot» AJ, 1,4 mln. tonnasi xususiy ishlab chiqarish korxonalari).

Joriy yilning noyabr oyi uchun birja savdosiga qo‘yilgan un miqdori 144 ming tonnani (aholi ehtiyojining 54%) tashkil etib, iste'molchilarning unga bo‘lgan 123 ming tonna (46%) qo‘shimcha ehtiyojlari xususiy korxonalar tomonidan un ishlab chiqarish, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va boshqa davlatlardan import qilish hisobiga ta'minlanmoqda.

4. «O‘zdonmahsulot» AJ tarkibidagi mavjud 44ta korxonaning o‘rtacha yillik quvvati 2,3 mln. tonna un ishlab chiqarishni tashkil etsada, korxonalar to‘liq quvvatda ishlamayotgani sababli 2018 yilda 1,5 mln. tonna (65 foiz) un ishlab chiqarilgan. Oqibatda, «O‘zdonmahsulot» AJ korxonalari tomonidan birja savdolariga qo‘yilishi rejalashtirilgan un hajmi to‘liq ta'minlanmayapti.

Jumladan, joriy yil 23 oktabr kuni jadval asosida birja savdolariga qo‘yilishi rejalashtirilgan kunlik 6700 tonna un o‘rniga 5785 tonna un (86 foiz) savdoga qo‘yilgan. (24 oktabr kuni rejaga nisbatan 716 tonna, 29 oktabr kuni 803 tonna, 30 oktabr kuni 792 tonna kam un qo‘yilgan).

5. «O‘zdonmahsulot» AJ tomonidan un ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xarajatlarini 18,9 mlrd. so‘mga maqbullashtirish hamda mahsulot tannarxini 10,3 foizga arzonlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, amalda un tannarxining arzonlashishi ta'minlanmagan.

Bildirilishicha, yuqorida keltirilgan omillarning barchasi birja savdolarida mahalliy un va qolipli non narxining oshishiga olib kelgan.

Shu bilan birga, aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoyasi manzilligini ta'minlash maqsadida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun yoshga doir va nogironligi bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha nogiron bo‘lgan bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa, shuningdek, belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchi har bir pensiya oluvchiga, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar parvarishi uchun tayinlangan nafaqa yoki moddiy yordam oluvchi oilaga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi 50 ming so‘m qilib belgilandi.

Mavzuga oid