Andijonda «erka shoir»ga avtomobil sovg‘a qilindi. U viloyat paxta rejasini bajarmagunicha Toshkentga ketmasligini aytib she'r yozgandi
10 noyabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahrida «Tibbiyot xodimlari kuni» munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir davomida shoir Sharofiddin Boltaboyevga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yangi avtomobil sovg‘a qildi.
«Andijonning erka shoir o‘g‘li, vatan kuychisi Sharofiddin Boltaboyevga yurtni madh etuvchi she'rlari uchun viloyat hokimining qimmatbaho sovg‘asi, yengil avtomashina topshirildi», deyiladi Andijon viloyat matbuot xizmati xabarida.
Shoir bu yilgi paxta mavsumining ilk kunlaridan o‘zi tug‘ilgan Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani dalalarida terimchilar bilan birga paxta tergan.
Qo‘rg‘ontepa hokimligi matbuot xizmatining feysbukdagi sahifasida yozilishicha, shoir tashrifining ilk bosqichini Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Avazbek Ergashev bilan bo‘lgan uchrashuvdan boshlab, butun Andijon viloyati bo‘ylab ham she'rlari orqali, ham amaliy ko‘magi bilan hasharchilarga qo‘llab-quvvatlash uchun, dastlab o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘rg‘ontepa tumanidan safarini boshlash istagi borligini, Andijon viloyatining paxta sotish rejasi bajarilmagunicha Toshkentga qaytmasligini suhbat jarayonida va she'riy satrlarida bayon qilgan edi.
«Shoir paxta dalalarida tushlik payti bo‘lgan vaqtlarda, hasharchi paxtakorlar nomidan yozilgan,
Shahdi o‘tkir qilichdan,
Shuhrat Qo‘shaqboyevichdan,
«Ravon» olgim kelyapti,
Paxta tergim kelyapti!
kabi misralarni o‘z ichiga olgan yangi she'rlarini o‘qib eshittirish bilan birga, paxta dalasiga kirib tumanimiz hamda viloyatimiz xirmoniga amalda hissa qo‘shishga ham ulgurdi», deyiladi tuman hokimligi matbuot xizmati xabarida.
Shoir viloyat hokimining ilg‘or terimchilarga avtomobil sovg‘a qilayotganidan, viloyat paxta topshirish rejasini tez kunda bajarishidan ruhlanib, «Yuksak marra, dovon muborak!» va «Paxta tergim kelyapti» she'rlarini yozib ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qildi.
Dovon muborak
Andijonim! Yuksak marra, dovon muborak,
Oq oltindan bo‘y cho‘zgan tog‘ - xirmon muborak,
Joriy qilding yangi tizim KLASTeRlarni
INNOVATsIYa g‘oyalaring, imkon muborak!
Yurtboshimiz faxr bilan e'zozlagan yurt,
Har onlaring quvonch bo‘lsin, g‘amlarni unut,
Gar yo‘qlasang, o‘pkam to‘lib shod kunlaringda
Poytaxtlardan uchib kelay, shoiringni kut!
Sharobiddin har satrida sen sharaf, shonim,
Yuragimning ardog‘isan, jon Andijonim!!!
Paxta tergim kelyapti
Qarsillatib she'r o‘qib,
Yangi misralar to‘qib,
Kuch olaman mehrli
Ko‘zlaringizga boqib.
Paxta - oq oltin tillo,
Dur, chaman sochar jilo,
Mayli, bellarim qotsin
Kunda terib 100 kilo.
Ko‘krak kergim kelyapti,
Paxta tergim kelyapti.
Kelib hol so‘ramasam,
Yozda suv taramasam,
Aytgin, qanday bolangman
Koringga yaramasam.
Aylanay, zabtingizdan,
Isindim taftingizdan,
Chanoq tilgan, yorilgan
Qadoq qo‘l kaftingizdan.
Duo olgim kelyapti,
Yurtda qolgim kelyapti.
Ma'lumotlarga ko‘ra, avtomobil shoirga homiylar tomonidan taqdim qilingan.
Elmurod Ermatov, Andijon
Mavzuga oid
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
15:16 / 18.12.2024
Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi
10:49 / 15.12.2024