O‘zbekiston | 22:56 / 13.11.2019
38475
4 daqiqa o‘qiladi

Maktabdagi baholar asosida talabalikka qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda – DTM rasmiysi

Sevara Zuparxodjayeva

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari 11-sinfni tamomlash arafasida bir qator fanlar, jumladan ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidan ham yakuniy imtihondan o‘tadi. Bu imtihonlardan ko‘p o‘tmay, talaba bo‘lishni istagan bitiruvchilar OTMga kirish sinovlarida ham yuqoridagi uchta fandan soddalashtirilgan majburiy test topshirishlari kerak.

Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Sevara Zuparxodjayeva Kun.uz muxbiri bilan suhbatda OTMlarga kirishning yangi tartibi haqida ma'lumot berib, yuqoridagi holatga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bitiruv davlat attestatsiyasi sertifikati bilan OTMga qabul qilish xorijiy  davlatlar tajribasida bor. Rossiya Federatsiyasi tajribasida YeGE (Yedinyy gosudarstvennyy ekzamen) imtihonlari ham maktab ta'limini tugatgan o‘quvchilardan olinib, uning natijalari universitetlarga qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Endi o‘z tajribamizga kelsak. Garchi maktabni bitirishda ham umumta'lim fanlaridan imtihon olinsa-da, OTMga kirish imtihonlariga yana shu fanlarni majburiy qilib belgilash – maktab tizimiga ishonchsizlik emas.

Hamma narsaga bosqichma-bosqich o‘tilishini hisobga olib, O‘zbekistonda ham yakuniy davlat attestatsiyasi natijasi OTMga qabul qilishga asos bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida muhokamalar jarayoni boryapti.

Biroq buning uchun maktablar ham tayyor bo‘lishi lozim. Faqat me'yoriy hujjat kiritib, uning asosida o‘quvchilarni talabalikka qabul qilishni boshlash unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunda ma'lum sharoitlar yaratilishi va ma'lum talablar qo‘yilishi zarur.

Masalan, imtihon xolisona o‘tkazilishi uchun atrofdagi muhit va bevosita jarayonga jalb qilinadigan odamlarning neytralligi, test materiallarining xavfsizligini ham ta'minlashimiz kerak bo‘ladi.

Bu kabi jihatlarning barchasi to‘g‘ri kechishi uchun, avvalo, xorijiy tajribani o‘rganishimiz va o‘z ta'lim tizimimizni hisobga olgan holda xorijiy amaliyotning qaysilari bizga mos, qaysilari bizga mos emas, ijobiy-salbiy tomonlarini o‘rgangach, keraklilarini o‘zlashtirishimiz zarur.

Bu bo‘yicha ishlar boshlanganligi sababli balki bir yildan so‘ng nimadir natija haqida bemalol gapirishimiz mumkin bo‘ladi», – dedi Zuparxodjayeva.

DTM rasmiysi OTMlarga kirishda keyinchalik testdan boshqa imtihon turlari ham qo‘llanishi mumkinligini istisno etmadi.

«Balki bu tizimning ijobiy jihatlari aniqlansa, keyinchalik faqat test bilanmas, balki boshqa usullar bilan ham imtihon o‘tkazishimiz mumkin bo‘ladi. Lekin hozir qisqa fursatda katta kontengentni sinovdan o‘tkazish uchun test tizimi eng qulay usul hisoblanadi. Sababi joriy yil ham kirish imtihonlarida 1 milliondan ortiq abituriyentlarimiz imtihon topshirdi. Alohida iqtidor talab qilinadigan ijodiy imtihon topshirganlarni hisobga olmaganda ham 950 mingdan ortiq abituriyentlarimiz test topshiriqlarini bajardi», – deydi u.

Sevara Zuparxodjayeva OTMga kirish imtihonlariga qo‘shilayotgan majburiy fanlar blokidagi savollar qiyin bo‘lmasligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

«Qo‘shimcha 3ta fandan test topshirilishi ko‘pchilikka yangilik va o‘ta qiyinday tuyulmoqda. Biroq majburiy fanlar bo‘limidagi testlar, avvalo, o‘quv dasturlariga binoan va ancha sodda tarzda, abituriyentning umumiy savodxonligi, mantiqiy fikrlashi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltirilgan, birinchi qiyinlik darajasida bo‘ladi», – deydi Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid