Iqtisodiyot | 16:00 / 14.11.2019
50440
2 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov: «Joriy yilda inflatsiya yuqori bo‘lishi kutilyapti»

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokamasi vaqtida inflatsiya darajasi, uning yuqoriligiga sabab bo‘lgan omillar bo‘yicha ma'lumot taqdim etdi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

«Iqtisodiy sohada tarkibiy islohotlar amalga oshirilayotgan holatda joriy yilda inflatsiya darajasi nisbatan baland bo‘lishi va u 15,5 foizni tashkil etilishi kutilyapti. Inflatsiyani keyingi yilda 12,5-13 foizgacha pasaytirish, 2022 yil yakuni bilan esa 9-9,5 foizgacha pasaytirish lozim bo‘ladi. Buning uchun monetar va fiskal sohada muvofiqlashtirilgan holda qilinadigan choralar, raqobatbardosh iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishning aniq yo‘nalishlari amalga oshiriladi. Umumiy fiskal taqchillikni 2022 yilgacha YaIMga nisbatan 1,5 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.

Yaqinda Xalqaro valuta jamg‘armasining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy prognozlari e'lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi inflatsiya MDHdagi eng yuqori ko‘rsatkich, deb qayd etildi. Bunga bir necha omil sabab bo‘lgan. Birinchidan, investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoj. Yillar davomida bu muammo yig‘ilib qolgan. Ehtiyojni qoplash uchun ichki va tashqi moliyaviy manbalar ishga solindi. Kreditlar hajmi yil yakunlari bilan 40 foizdan ortiq bo‘lishi kutilyapti.

Ikkinchidan, tariflar. Non va un narxi erkinlashtirildi. Mana, yaqinda deputatlar fermerlar murojaatini ko‘rib berishdi. Shu kabi masalalar inflatsiyaga o‘z ta'sirini o‘tkazyapti.

Savol tug‘ilishi mumkin: nega inflatsiya darajasini keskin tushirishga harakat qilinmayapti? Avvalo, iqtisodiyotda moliyaviy manbalarga bo‘lgan ehtiyoj qondirilmay qoladi, iqtisodiy o‘sish darajasi pasayib ketadi. Shuning uchun buni bosqichma-bosqich hal qilishimiz kerak.

Uchinchidan, xalqaro valuta bozoridagi va O‘zbekistonning asosiy savdo hamkor mamlakatlari yirik valuta kurslari almashinuvi sababli milliy valutaning ma'lum darajada devalvatsiyasi sodir bo‘ldi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Mavzuga oid