O‘zbekiston | 15:10 / 17.11.2019
54338
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston YeOIIga a'zo bo‘lishining foydasi bor(mi)? Ekspertlar senator fikrlariga munosabat bildirdi

O‘zbekistonlik migrantlar hayoti qulaylashadi. O‘zbekistonga ko‘proq pul kirib keladi. Investitsiya hajmi o‘sadi. Energetika, tabiiy gaz qazib olish hajmi ortadi. Qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar eksporti oshadi, bu tashqi savdo hajmi 80 foizga o‘sishini anglatadi va hakozolar.

Yuqoridagilar senator Odiljon Iminovning Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida bildirilgan fikrlar edi. Senatorning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lsa, oliy ta'lim sohasida ham diplomlarni o‘zaro tan olishda qator yengilliklar vujudga keladi. Migrantlarga bo‘lgan munosabatda ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.

Kun.uz ayni iddaolar qanchalik haqiqatga yaqin, degan savollar bilan bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan ekspertlarga murojaat qildi. Migrantlar huquqlari bilan shug‘ullanib kelayotgan huquqshunos Botirjon Shermuhammad hamda iqtisodchi-ekspert Jamshid Muslimov quyidagi savollarga o‘z fikrlarini bildirishdi.

— O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lishi migrantlarga qanchalik foyda beradi?

J.M.: Senatorimiz birgina migrantlar masalasi bois, YeOIIga a'zo bo‘lish uchun ikki qo‘limni ko‘tarib ovoz beraman, dedilar. U kishining bu bayonoti, go‘yoki siz migrantlar Rossiyada ishlab, bizga ko‘proq pul yuboraveringlar, biz bu yerda uni sarflaymiz, degandek taassurot uyg‘otmoqda. Ammo, siz mehnat muhojirlarining fikrini so‘raydigan bo‘lsangiz, kimdir yoqlaydi, kimdir vaqti kelib, vatanga qaytishni reja qiladi.

Eksport masalasini gapirdilar. Rossiyaga O‘zbekistonning qishloq xo‘jalik mahsulotlari, tekstildan boshqa narsasi unchalik qiziq emas.

Jamshid Muslimov

B.Sh.: Migrantlarimiz, O‘zbekiston tashkilotga a'zo bo‘lsa, Rossiyaga kelgan birinchi kundan mehnat qilishlari mumkin bo‘ladi. 7 kun ichida emas, 1 oy muddatda ro‘yxatga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Ammo, senatorning hisob-kitoblari bo‘rttirib yuborilgan. O‘zbek migrantlari, asosan, Moskva shahriga kelmoqda. Bu 40 foizni tashkil etadi. Ular har oy 5 ming rubl patent to‘laydi. Patentni rasmiylashtirish uchun 12-13 ming rubl atrofida to‘lovi ham bor. O‘zbekiston fuqarosi Moskvaga kelib, bir yil patent bilan ishlasa, 86700 rubl xarajat qilmoqda. Ya'ni, 1700 dollar emas, 1200 dollar xarajat qiladi. Boshqacha aytganda qirg‘izistonlik mehnat muhojiriga nisbatan 77700 rubl ko‘proq sarflayapti.

Botirjon Shermuhammad

Yana bir gap. Senator 1700 dollarni 2,5 mln mehnat muhojiri bor deb, shu songa ko‘paytirmoqda. Bu ham noto‘g‘ri. Rasman 668 ming o‘zbekistonlik patent olib ishlamoqda. Demak, 1200 dollarni 668 mingga ko‘paytirsak, 802 mln (801,6 mln) dollar bo‘lmoqda. Bu 33 millionlik bir davlat uchun, uning budjetiga jiddiy ta'sir qiladigan darajadagi juda katta pul emas, aslida.

Yana bir xato bayonot berilgan. Go‘yoki, bizning fuqarolar ittifoqqa kirmagan mamlakat fuqarolari bo‘lgani uchun qirg‘izistonlik yoki qozog‘istonliklarga nisbatan qiynalmoqda, deyish noto‘g‘ri. Unday emas. Rossiyaning eng katta muammosi – bu korrupsiya. Rossiyalik ish beruvchiga ham qizig‘i yo‘q. Bizga MDH mamlakatlaridan kelgan mehnat muhojirlari murojaat qilishadi. Ular orasida maoshini ololmagan qirg‘izlar ham, o‘zbeklar ham bor.

— O‘zbekiston tashkilotga a'zo bo‘ldi. Rossiya nima yutadi yoki yutqazadi? O‘zbekiston-chi?

B.Sh.: Rossiya nima yutadi, degan savolga javob yo‘q. Chunki, biz nima yutqazishini ko‘rib chiqyapmiz. Umuman, biz iqtisodiy hamkorlik xalqimizga foyda bersa, qarshi emasmiz. Ammo, migrantlar masalasida, Rossiya O‘zbekiston ittifoqqa a'zo bo‘lsa yutqazadi. O‘tgan yili 1,071 mln fuqaro patent olgan bo‘lsa, shundan 40 foizi o‘zbekistonliklardir. Rossiya mahalliy budjetlariga jami 57 mlrd rubl tushum tushgan. Shundan 40 foizini o‘zbekistonliklar to‘lagan. Rossiya bir vaqtning o‘zida bundan mahrum bo‘ladi. Buning evaziga Rossiya O‘zbekistondan nima olishi mumkin: tekstil, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ko‘paygan migrantlarni oladi. Rossiya ishlab chiqaruvchilariga 33 millionlik bozor shunchalik muhimmi? Aslida, bu yerda iqtisodiydan ko‘ra, siyosiy maqsadlar ko‘proq. Nega Rossiya Xitoyni YeOIIga taklif qilmayapti? Chunki, siyosiy jihatdan qo‘rqadi.

J.M.: Qarorlar qanday qabul qilinayotganidan bexabarmiz. O‘zbekiston rahbariyati bu masala ochiq muhokama qilinsin, ekspertlar fikrini bildirsin, dedi.

Senator eksport hajmi ortishini aytdi. Ammo, Armaniston va Qirg‘iziston ittifoqqa a'zo bo‘lmasdan oldingi ko‘rsatkichda qolmoqda. Tashqi savdoda esa, faqat Rossiya yutib chiqmoqda. Faqat Rossiya o‘z bozorini sotmoqda.

B.Sh.: Yana bir qiziq gap bo‘ldi. Turizm rivojlanishi haqida. Nima hozir turistlarning kelib-ketishiga biror to‘sqinlik bormi? Yana diplomlar nostrifikatsiyasi haqida ham gapirildi. Yaqinda hukumatlarimiz diplomlarni o‘zaro tan olish borasida bitimni imzolashgandiku? Aytmoqchimanki, bu kabi muammolarni o‘zaro ikki tomonlama shartnomalar asosida hal qilish mumkin.

— O‘zbekiston qaysi yoki qanday davlatlar bilan ittifoqqa kirgani manfaatliroq?

B.Sh.: Bugungi kunda Rossiya va O‘zbekiston munosabatlari eng yuqori darajada. Nega endi Rossiya bilan ittifoq qurishimiz kerak? O‘zi ittifoq kim bilan quriladi? Avvalo, hamkorlik har qanday davlat bilan, biror sohada raqib yoki dushman bo‘lgan davlat bilan ham qilinaveradi. Biroq, ittifoq qadriyatlari, maqsadlari bir bo‘lgan davlatlar bilan tuziladi. Biz, demokratik jamiyat qurishni, korrupsiyaga barham berishni, inson huquqlarini yuqori darajada ta'minlaydigan davlat qurishni maqsad qilganmiz. Agar mehnat migrantlari muammosini hal qilishni istasak, mana, Janubiy Koreya va Yaponiya bor. Imkon bo‘lsa, Skandinaviya mamlakatlari bilan ittifoq tuzish kerak.

J.M.: O‘zbekistonning o‘zida ham ishlab chiqarishni rivojlantirish lozim. Shu bilan mehnat migrantlarimiz o‘zimizda qolishi kerak.

— Tashkilot siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan iqtisodiy tashkilot sifatida ham baholandi. Shunday qarash to‘g‘rimi?

J.M.: Siyosiy maqsadlar haqida gapirganda Rossiyada sobiq ittifoqni, imperiyani qo‘msash kuzatilmoqda. Mana shu kayfiyat, pragmatik maqsadni ham qayd etish lozim. Rossiyada shunday xavotir borki, O‘zbekiston Rossiyaning mintaqaviy ta'siridan chiqib ketsa, go‘yoki AQSh ta'sir doirasiga tushib qoladi.

Tolib Rahmatov
Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid