Past Darg‘omda ko‘cha yuzidagi sog‘lom daraxtlar kesildi - Moratoriy nega inkor etilyapti?
Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani markazida joylashgan ko‘cha yuzidagi ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlanayotgani haqida tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Aniqrog‘i, daraxt kesishga moratoriy joriy etilganidan boxabar va befarq bo‘lmagan fuqarolar vaziyatning fotosuratlarini jo‘natishdi.
Biz — Kun.uz muxbirlari voqeani o‘rganish uchun zudlik bilan Past Darg‘om tumaniga yo‘l oldik.
Tuman ichki ishlar bo‘limi kapital ta'mirlanayotgan ekan. Ichki ishlar bo‘limining hududidan tashqarida daraxtlar kesilganiga guvoh bo‘ldik.
Tez orada tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari ham yetib kelishdi. Daraxt kesish haqida hujjat so‘rashdi. Tuman IIB xo‘jalik ishlari mudiri Vohid Ro‘ziyev «yagona darcha»ga murojaat qilib, daraxt kesish uchun ruxsat olinganini aytdi.
Birozdan so‘ng V.Ro‘ziyev ruxsatnomani ham keltirib ko‘rsatdi. Biroq unda tuman IBB hududidagi ikkita archa va qurigan o‘rikni kesishga ruxsatnoma berilgan ekan.
Ayni biz ustiga borgan holatda esa tuman obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan hududida daraxtlar kesilayotgan edi.
Tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Jasur Negmatov respublikada bu borada moratoriy joriy qilingani, daraxtlarni kesish mumkin emasligi va bu xatti-harakat javobgarlik keltirib chiqarishi haqida tushuncha berdi.
Keyin aniqlashimizcha, nariroqda — tuman moliya bo‘limi qarshisidagi ko‘chada ham daraxtlar kesilgan ekan. Kimdir xalaqit bergan chog‘i, bitta daraxtga arraning tig‘i botirilgan, lekin kesilmasdan qolib ketibdi.
Bizga ma'lum qilishlaricha, tuman obodonlashtirish bo‘limida ishlovchi «Sasha» ismli shaxs bu daraxtlarni kesishga bosh-qosh bo‘lgan. Qolgan to‘nkalaridan daraxtlarning barchasi sog‘lom bo‘lgani ko‘rinib turibdi.
Tumandagi mutasaddilar respublikada daraxt kesishga moratoriy joriy qilinganidan xabardormi yoki yo‘q? Yo respublika miqyosida chiqarilayotgan normativ hujjatlarga bepisandlikmi bu?
Endi qarang: Voqea tuman IIBning oldginasida sodir bo‘lyapti. Kim bu huquqbuzarlikni sodir etgani aniqlanib, aybdorlar qonunda belgilanganidek jazolanarmikan?
Eng qizig‘i — biz vaziyatni tasvirga olib, tahririyatga yetib kelganimizda sodir bo‘lgan. Kimningdir buyrug‘i bilan daraxtlarning to‘nkasi ekskavator yordamida qo‘porib tashlashga kirishilgan.
Bu harakatdan murod nima? Izlarni yo‘qotishmi yoki… Chunki avval ham Past Darg‘omda yo‘l chetidagi archalar kesib tashlanganiga guvoh bo‘lgan edik. O‘tgan safar aybdorlarga biror chora ko‘rilgani haqida xabarsiz qoldik.
Xo‘sh, mazkur holatda o‘zi daraxtlarni kesishga kim ruxsat bergan? Ruxsat berilmagan, o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan bo‘lsa bu huquqbuzarlikka biror chora ko‘riladimi yoki yo‘qmi?
Xo‘sh, yopig‘liq qozon yana yopig‘ligicha qolib ketaveradimi? Biz viloyatdagi mutasaddilardan bu borada javob kutib qolamiz.
Shuhrat ShOKIRJONOV, Faxriddin HOTAMOV (tasvirchi),
Kun.uz muxbirlari
Mavzuga oid
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
09:54 / 12.12.2024
Samarqandda bog‘cha yonib ketdi
23:03 / 08.11.2024
Samarqandda uyda tayyorlangan konserva mahsulotlaridan yegan bir oilaning 4 a’zosi zaharlandi
20:07 / 15.05.2024