Sport | 14:55 / 20.11.2019
10693
5 daqiqa o‘qiladi

O‘FA prezidentning futbolni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha farmoni loyihasi muhokamasida faol qatnashishga chorladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon loyihasi e'lon qilinish arafasida turibdi.

Bugun, 20 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida mazkur farmonni takomillashtirish va uni yanada boyitish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘FA raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdi. 

So‘nggi yillarda xalq salomatligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, ma'naviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, millionlar o‘yini bo‘lgan va mamlakatda alohida o‘rin tutadigan futbolga aholini, ayniqsa yoshlarni keng jalb etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. 

Yig‘ilishda Abdujabbor Abduvohidov so‘zga chiqib, sohani rivojlantirish yo‘lida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Dunyo tajribasidan ma'lumki, futboli zo‘r bo‘lgan mamlakatning iqtisodi ham yaxshi bo‘ladi. Mazkur farmon muhokamaga qo‘yilishidan avval uni O‘FA raisi bilan yaxshilab muhokama qilib oldik. Zero, shaxsan prezidentimizning o‘zlari futbolni yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berdilar. Mana, bizning bokschilarimizni butun dunyo tan oldi. Nega boshqa sport turlarida bunday darajaga chiqa olmaymiz? Chunki sportning ushbu turida yillar davomida shakllanib kelayotgan o‘zbek boks maktabi bor, malakali mutaxassislar va yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tizim mavjud. Mana shu tizimli ishlashni boshqa sport turlarida ham yo‘lga qo‘ysakgina natijaga erisha olamiz. Buning uchun ishni, avvalo, bolalar futbolini rivojlantirish va xususiy futbol maktablarini rivojlantirishdan boshlash kerak. Mana shunday tashabbus bilan chiqadigan tadbirkorlarni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz», – dedi Abdujabbor Abduvohidov.

«Mazkur farmonda O‘zbekistonda futbolni aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turiga aylantirish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, mamlakat futbolini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, futbol klublari faoliyatini rivojlantirish, terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etish, mamlakatimizda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit'a birinchiliklarini o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari bo‘yicha  farmon loyihasi tayyorlandi va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. 

Farmon loyihasi futbolni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha 18ta band, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida professional futbolni rivojlantirish sxemasi (4 yo‘nalishda), 5 bobdan iborat O‘zbekistonda futbolni 2030 yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi, 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan «Yo‘l xaritasi», 7 qismni o‘zida jamlagan 2030 yilgacha futbolni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari, 2020–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol mahorat maktablarini tashkil etish, ularda qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadvali, Respublika Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladigan professional futbol klublari ustav fondidagi davlat ulushlari va xo‘jalik jamiyatlarining ulushlari ro‘yxati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kabi ilovalardan tashkil topgan», deyiladi O‘FA matbuot xizmati xabarida.

Loyihaning to‘liq matni bilan tanishish, taklif va mulohazalar ushbu havola orqali bildirilishi mumkin.

Mavzuga oid