O‘zbekiston | 17:53 / 20.11.2019
48951
13 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilar faoliyatini litsenziyalash: islohotmi yoki qog‘ozbozlik?

San'atkorlarning «O‘zbekkonsert» bilan ziddiyatlari odamlarda «litsenziya» so‘ziga nisbatan birmuncha salbiy qarash shakllanishiga olib keldi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Jahongir Otajonov va boshqa bir necha ijodkorga litsenziyasi qaytarib berilganidan 10 kuncha o‘tib, o‘qituvchilar faoliyatini majburiy litsenziyalash haqida chiqqan xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli qarama-qarshi fikrlarga sabab bo‘ldi.

Kimdir litsenziya o‘qituvchilar yelkasiga yuklangan og‘ir yuk, korrupsiyaga yo‘l ochadi, deya fikr bildirsa, boshqalar unga kafolat, himoya sifatida qaramoqda.

Siyosiy partiyalar qanaqa fikrda?

6 noyabr kuni xalqaro matbuot markazida shu mavzu ko‘tarilgan edi. O‘zAning yozishicha, unda siyosiy partiyalar vakillari masalaga o‘z munosabatlarini bildirgan.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Munira Qahhorova: «O‘qituvchilarni litsenziyalash ta'lim sohasida korrupsiyani vujudga keltiradi. O‘qituvchilar fanga mehr berish o‘rniga faqat litsenziya olishni o‘ylab qoladi. O‘qituvchining o‘z faniga bo‘lgan mehri yo‘qoladi. Shu bois bizning partiya Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ilgari surilgan o‘qituvchilarni litsenziyalashga qarshi».

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi liderining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Bahrom Burxoniddinov: «O‘qituvchilarni litsenziyalash, sertifikatlash qog‘ozbozlikni ko‘paytirishdan boshqa narsa emas. Ta'limdagi muammolarni bu yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Maktablararo va o‘qituvchilar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish lozim».

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakilining aytishicha, Xalq ta'limi vazirligi o‘qituvchilarni litsenziyalash haqida e'lon qilishdan oldin Qonunchilik palatasi bilan kelishmagan. Shuningdek, o‘qituvchilarni litsenziyalash monopoliyani keltirib chiqarishi mumkin.

Jamoatchilik munosabati qanday?

Prezident qarori loyihasi 25 oktyabrda muhokamaga qo‘yilgan edi. Portalda loyiha yuzasidan turli fikr va savollar qoldirilgan.

Komil Jalilov: Lisenziyani kim, qanday asosda beradi? Oliy ta'lim bergan diplom-chi, u bir parcha qog‘ozga aylanadimi? Lisenziya berish-bermaslik kim tomonidan, qanday mezonlar asosida qabul qilinadi? Lisenziyasi bo‘lmagan o‘qituvchi qayerga boradi?

Mamirjon Otajonov: Qaror zamonaviy ta'lim talablari asosida puxta ishlab chiqilgan. Qarorning hozirgi shakli keyinchalik yangiliklar asosida unga takomillashtirib borish imkoniyatini istisno qilmaydi. Oliy ta'lim tomonidan beriladigan hujjat (diplom tahr.)ni litsenziyalash tartibiga zid, deb hisoblash noto‘g‘ri. Oliy ma'lumot diplomi bilan pedagogik layoqatni bir-biriga almashtirib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘qituvchilarni litsenziyalash tizimi pedagog xodimlarning kasbiy layoqat va imkoniyatlarini baholashning yagona maqsadga muvofiq usuli sifatida qarorda o‘z aksini topgan.

Baxtiyor Usmonov: 7-bandda litsenziyasi yo‘q hodimlar yoki litsenziya muddati tugagan hodimlar masalasi ochiqlanmagan. 9-bandda malaka toifasi bo‘lmagan o‘qituvchi kasbiy litsenziya olganidan so‘ng uning mehnatiga haq to‘lash shartlari ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarga tenglashtiriladi, deyilgan. Shunday holatda ikkinchi malaka toifasidagi o‘qituvchi litsenziya olgach, birinchi malaka toifasiga, birinchi malaka oliy toifaga tenglashtiriladimi? Bu yerda shu savollarga ham javob bo‘lishi kerak.

Oybek Usmonov: Kasbiy litsenziya faqat o‘rta-maxsus ma'lumotli va boshqa nomutaxassis sifatida 6 oylik qayta tayyorlov kursida o‘qigan pedagoglar uchun joriy etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Lisenziyaga ega maktab o‘qituvchisi kollej yoki litseyda ham dars bera oladimi?

Isroil Tillaboyev: Masalasi juda bahsli. Avvalo, shu sababli ham o‘qituvchilar o‘z ustida majburiy ishlashlari o‘ylanmoqda, shekilli. Bu yaxshi. Toifa olayotganda ham, yil o‘qituvchisi tanlovi uchun ham imtihon olinadi. Unga qo‘shimcha ravishda litsenziya imtihoni nimaga kerak? Eng ajablanarlisi, o‘qituvchilar qo‘lida DIPLOM bor va u dars berishga ruxsatnoma vazifasini bajaradi. Bu ham yetarli bo‘lmasa, diplomning nima keragi bor unda? Lisenziya xuddi toifa kabi pullik bo‘lish ehtimoli juda katta.

Akbar Mirzo: Oliy pedagogik ma'lumotga ega har qanday shaxs o‘qituvchilik qila olmaydi. Oddiy avtomobilni boshqarish uchun ham litsenziya (haydovchilik guvohnomasi – tahr.) talab qilinadi. Nima uchun o‘quvchining taqdiriga javobgar ustozlar litsenziyaga ega bo‘lmasligi kerak?

Gulasal Berdialiyeva: Kasbiy litsenziyalash to‘g‘risidagi bandda professor, fan doktori (PhD, DSc) kabi ilmiy daraja va unvonlarga ega bo‘lgan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziya berilishini belgilash maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu qaror loyihasining 1-bandidagi «ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yosh pedagoglarni jalb qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash» talabi rivojlanishiga asos bo‘ladi.

Xalq ta'limi vaziri: «Lisenziya o‘qituvchi maqomini oshiradi, faoliyatini himoya qiladi»

Sherzod Shermatov 7 noyabr kuni vazirlikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu masala yuzasidan fikr bildirib o‘tgan edi.

«Xalqaro ekspertlar bizga aytishgan: avtomobilda harakatlanish uchun litsenziya (haydovchilik guvohnomasi) joriy qilgansizlar. Lekin 30 nafar bolaning taqdirini hal qiladigan odamni tekshirmasdan sinfda dars berishiga yo‘l qo‘yyapsizlar. Qaniydi diplom hammasini hal qilsa? Ta'lim tizimida oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan, o‘rta-maxsus ta'lim muassasalarini bitirganlar ham bor.

Sirdaryo viloyati miqyosida maktab o‘qituvchilari bilimini DTM test savollari asosida o‘rganib chiqdik. Ahvol biz o‘ylaganimizdan ham yomon: o‘rtacha olganda 68 foiz o‘qituvchi o‘z fanini bilmaydi. Bunda, albatta, o‘qituvchilarni to‘liq ayblab bo‘lmaydi, chunki ular 25 yil davomida paxta tergan, qurilishga jalb etilgan, ko‘cha supurgan. Viloyatda ingliz, rus tili o‘qituvchilarining til bo‘yicha bilimi qoniqarlimas. Shu holat bizga ta'lim tizimi qanaqa ahvoldaligini ko‘rsatib turibdi. Biz hozir shu bosqichda turibmiz. Endi biz vaziyatni o‘zgartirishimiz kerak.

Yuqorida aytganimdek, hammaga bir xil oylik tayinlash kerakmas. Bilimi kuchlilargina yuqori maoshga loyiq. Xo‘sh, malakali pedagoglarni qanday aniqlab olamiz? Har o‘quv yili boshida maktab direktorlari o‘qituvchilarga dars soati belgilashda qiynalishadi. Malakali o‘qituvchilarga ko‘proq, darajasi pastroqlariga shunga mos dars soatlari belgilansa, oylikni kam olayotgan o‘qituvchi norozilik bildiryapti, portalga yozyapti. Keyin maktab direktori buni ko‘rgach, hammaga bir xil dars soati beradi. Bu tizim yaxshi o‘qituvchi rag‘batsiz qolib ketishiga sabab bo‘lyapti.

Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun to‘g‘ri mexanizm ishlab chiqishimiz kerak. Lisenziya faqat kasbiy mahorat emas, balki o‘qituvchining psixologik holatini ham baholab berishi kerak. Bu tizimni harakatga keltirishda xarajatlar bo‘lishi tabiiy. Ularning bir qismi budjetdan, qolgani davlat boji hisobidan olinishi masalasi o‘rganib chiqiladi. Lekin bu yerda maqsad pul ishlash, o‘qituvchini qiynash emas, malakali va kasbiga mos bo‘lmagan o‘qituvchini ajratib berishdir.

2021 yildan 5 foiz o‘qituvchi va maktab direktorlari ixtiyoriy ravishda litsenziya imtihonidan o‘tkaziladi. Shundan keyin vaziyat o‘zgaradi. Maktab direktori litsenziyasi bor pedagoglarga ko‘proq dars soatlari belgilay oladi, chunki hujjat asos bo‘la oladi. Bunda ham o‘qituvchi, ham direktorning himoyasi ta'minlanadi. Ularga, tabiiyki, yuqori oylik maosh beriladi. O‘z-o‘zidan boshqalar ham harakat qila boshlaydi. Bu tizim o‘qituvchining jamiyatdagi maqomini ham oshishiga xizmat qiladi, degan fikrdamiz», – degandi Xalq ta'limi vaziri.

Lisenziyalash qay tartibda joriy etiladi?

Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan izoh olish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati rahbari Anvar Umarov bilan bog‘landi.

«Ushbu tartib 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga oshirilishi taklif etilmoqda. Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari jadvalida litsenziyalash jarayoni bir necha bosqichda o‘tkazilishi qayd etilgan. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab o‘qituvchi va maktab direktorlarning (qariyb 500 ming nafar) 5 foizi (25 ming nafar) majburiy litsenziyadan o‘tkaziladi.

2025 yilga kelib esa bu raqam 10 foizga yetkaziladi. 2030 yilgacha esa 20 foiz o‘qituvchilar va maktab direktorlari litsenziyaga ega bo‘lishadi. Bunda o‘qituvchilar uchun kasbiy litsenziya 5 yil muddatga, maktab direktorlari uchun 3 yil muddatga menejyerlik litsenziyasi beriladi. Bosqichma bosqich yuz foiz o‘qituvchilar litsenziyaga ega bo‘ladilar.

Lisenziyalash vakolatini Xalq ta'limi vazirligiga topshirish taklifi berilgan. Lisenziyalash jarayonini tashkil etish uchun va jarayonning ochiqlik hamda shaffofligini ta'minlash maqsadida vazirlik qoshida ta'lim sifatini baholash va xodimlarni litsenziyalash bo‘yicha mustaqil milliy baholash markazini tuzish rejalashtirilgan. Markaz faoliyatini tashkil etish uchun litsenziyalash va bu bilan bog‘liq jarayonlar bo‘yicha katta tajribaga ega xorij tashkilotlarini jalb etish ko‘zda tutilgan. Bu sohada ma'lum tajriba orttirilgandan keyin mustaqil faoliyat olib boriladi.

Lisenziyalashdan maqsad nima?

1. Motivatsiya. Kasbiy litsenziya olgan o‘qituvchining oylik maoshi litsenziyaga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarga nisbatan yuqoriroq bo‘ladi. Bu esa pedagoglarning o‘z ustida ishlashiga, bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirib borishlariga turtki bo‘ladi. Rag‘bat o‘z ortidan ta'lim sifati oshishiga ham hissa qo‘sha oladi.

2. Himoya. Avgust va sentabr oylarida o‘qituvchilarga dars taqsimotida o‘qituvchilar orasida noroziliklar paydo bo‘ladi. Bir fandan ikki o‘qituvchi har xil soat oladi. Lisenziya tartibi kiritilganidan keyin, litsenziyaga ega o‘qituvchilarga dars taqsimotida ko‘proq dars soati olish imkoniyati beriladi. Litsenseziyasiz o‘qituvchilar esa minimal talablarga javob bermaganliklari uchun kamroq soat oladilar. Bu esa maktab rahbarlarini himoya qiladi.

3. Baholash. Lisenziya imtihoni nafaqat o‘qituvchining bilimini baholaydi, balki uning psixologik holatini ham sinovdan o‘tkazadi. Nima uchun ikkinchi mezon kiritildi? OAV va ijtimoiy tarmoq orqali pedagogning o‘quvchiga qo‘pol muomalada bo‘lgani, hattoki urgani haqida xabarlar tarqaldi. Shu bilan birga, o‘qituvchilarning dars tashkil etish mahorati yo‘qligi ham ta'kidlanadi. Lisenziyadan o‘tgan o‘quvchilar maktablarda ta'lim sifatini ta'minlab bera oladi va unga ishonib topshirilgan yoshlarning barkamol va bilimli bo‘lib yetishib chiqishiga erishiladi.

Lisenziya kimlarga bepul beriladi?

Qaror loyihasiga ko‘ra, kasbiy litsenziya oliy, birinchi va ikkinchi toifali pedagoglar uchun birinchi martada imtihon asosida bepul beriladi. Imtihondan o‘ta olmagan yoki qayta imtihon topshirishni istaganlar ma'lum miqdorda pul to‘lashlari kerak bo‘ladi. Bu boradagi rejalarda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Ma'lumot uchun, o‘qituvchilarning 3,1 foizi – oliy, 14,6 foizi – birinchi, 29,4 foizi – ikkinchi malaka toifasiga ega pedagoglar hisoblanadi. Qolgan 52,9 foizni esa mutaxassislar (oliy va o‘rta ma'lumotli, ammo toifaga ega bo‘lmaganlar) tashkil etadi.

Maktab direktorlariga litsenziya nega kerak?

«Maktab direktorlariga menejyerlik litsenziyasi har 3 yilda beriladi. Direktorlar, asosan, pedagogik mahorati yuqori bo‘lgan, hurmatga sazovor mutaxassislar orasidan tanlab olinadi. Lekin buning o‘zi yetarli emas.

Prezident videoselektorlarning birida maktab direktorlari malakali boshqaruvchi bo‘lishlari lozimligini ta'kidlagandi. Haqiqatan ham direktor boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim, chunki maktabni, o‘qituvchilarni faqatgina pedagogik bilim orqali boshqarib bo‘lmaydi. Xalq ta'limi vazirligi bu yo‘nalishda boshqaruvchi kadrlarni yetishtirish bo‘yicha ham ish olib boryapti. Rejaga muvofiq, maktab direktorlari menejyerlik kurslarida o‘qitiladi va ilg‘or maktablar tajribasi o‘rganiladi», – deya tushuntirdi Anvar Umarov.

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi.

Mavzuga oid