Iqtisodiyot | 10:52 / 21.11.2019
5190
3 daqiqa o‘qiladi

Koreya fond birjasi O‘zbekiston bozorida faol pozitsiyani egallamoqchi

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Koreya fond birjasining strategik rejalashtirish bo‘yicha direktori Son Yun Xun boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatulla Bekenov va Kapital bozorni rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov ishtirok etdi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori mehmonlarni mamlakatdagi xususiylashtirish dasturlari va davlat korxonalarini butunlay xususiylashtirish bo‘yicha shakllantirilgan rejalar bilan tanishtirdi.

Barcha davlat korxonalari bosqichma-bosqich xususiy sektorga taklif etilishi, davlatning qisman ishtirokini faqat strategik korxonalarda saqlab qolish ko‘zda tutilayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Katta miqdordagi aksiyalar va korxonalarni bozorga taklif etish orqali birinchi navbatda mahalliy fond bozorini rivojlantirish, shu asosda aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini xususiylashtirish jarayonlariga faol jalb etish lozimligi qayd etildi.

Bu jarayonda fond birjasining samarali infratuzilmasi talab etilishi, birja faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar, boshqaruv usullari va mavjud yechimlarni joriy etish o‘ta zarurligi ta'kidlandi.

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Mehmonlar ham Koreya birjasi mahalliy bozorda yetarlicha samarali faoliyat yuritishi, Koreya bozoridagi turg‘unlik va o‘sishning pastligi oqibatida rivojlanayotgan mamlakatlar bozorida munosib o‘rin egallashga intilishi, O‘zbekistonda fond bozori juda katta istiqbolga ega ekanini e'tirof etdi.

Shuningdek, birja faoliyatini faol rivojlantirish uchun “Toshkent” respublika fond birjasi kapitalidagi ulushini nazorat paketigacha oshirish rejalashtirilganligi, yangi dasturiy ta'minotlar hamda ekspertlarni jamoa tarkibiga olib kelish istagida ekanligini ma'lum qildi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Toshkent respublika fond birjasi aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz plyus bir dona aksiyani, Koreya fond birjasi ulushi 25 foiz minus bir dona aksiyani tashkil etadi. Qo‘shimcha ravishda, 4 ta tijorat banklari fond birjasining bir xilda 6,25 foizdan aksiyalarga egalik qiladi. 

Mavzuga oid