Jamiyat | 15:20 / 22.11.2019
30141
4 daqiqa o‘qiladi

Saylov – nima? Unga befarqlikning oqibatlari haqida

Saylov — shaxsni deputatlikka, biror tashkilot a'zoligiga yoxud mansabga ochiq yoki yopiq shaklda ovoz berish yo‘li bilan saylash.

Kishilarning birlashmasi jamiyat deb nomlanadi. Jamiyat bo‘lib yashash odamlarga ko‘plab qulayliklar keltiradi. Zero jamiyatda odamlar birlashib o‘z hayotiy muammolarini hal qilishadi.

Jamiyat qanchalik jips bo‘lsa, shunchalik muvaffaqiyatli bo‘ladi. Tarqoq bo‘lsa – muvaffaqiyatsiz.

Jamiyatni haqiqiy jamiyat qiluvchi omillardan biri – hayotiy qarorlarni ko‘pchilik bo‘lib qabul qilishdir. Buning yaxshi tarafi shundaki, qarorlar qabul qilishda yakka shaxslar yoxud jamiyatning ba'zi guruhlari emas, balki hamma bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi. Ko‘pchilikning aqliy salohiyati ishga solinadi.

Bu narsani ro‘yobga chiqarish vositalaridan biri – saylovdir. Bunda kishilar ichlaridan eng salohiyatlilarini saylab olishadi va ularga qarorlar qabul qilishni ishonib topshirib, ulardan kengash tuzishadi. Ammo ish shu bilan tugamaydi – saylaganlar saylanganlardan mudom qabul qilingan qarorlardan hisobot so‘rab turishadi, faoliyatlarini kuzatib borishadi.

Shu tarzda ba'zilargina emas, balki hamma jamiyat ishlarida, qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi va shu tarzda barchaning manfaati inobatga olinadi.  

Demak, saylov – muhim va kerakli narsa.

Ammo bu – saylov haqiqiy saylov bo‘lsa!

Afsuski, ko‘plab holatlarda saylov haqiqiy saylov jihatlarini yo‘qotib qo‘yadi. Saylovning asosiy jihati deb omma ichidagi salohiyatli, jonkuyar kishilarni saylab olish deb aytdik. Agarda bu yuz bermasa, ya'ni salohiyatli kishilar emas, balki ba'zi guruhlarning boshqalarga bosim o‘tkazishi yoki boshqa harakatlar natijasida noloyiq kishilar saylanib olsa, unda SAYLOV o‘zining haqiqiy ma'nosini yo‘qotib qo‘yadi. U endi jamiyatga xizmat qiluvchi kuchli vosita – saylov emas, boshqa narsa. Saylanganlar kengashi esa ko‘pchilik manfaati uchun xizmat qiladigan majlis emas – allambalo boshqa narsa. Bu esa odamlarda jamiyat ishlariga daxldorlik hissi pasayib ketadi, degani. Chunki bunda hayotiy muammolar endi ko‘pchilik bo‘lib hal qilinmaydi, qarorlar ko‘pchilik bo‘lib qabul qilinmaydi. Bu endi jamiyat emas, balki shunchaki odamlar to‘plami. Bu holda muvaffaqiyat qozonilmaydi. Muammolar ichida yashaydi, ammo ularni hal qilolmaydi. Bunda boyliklariga hamma emas, balki ba'zi guruhlar ega chiqadi. Ko‘pchilik esa qashshoq holatda yashaydi.

Shuning uchun ham saylov haqiqiy saylov bo‘lishi har bir yurt uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda saylovchilarning faolligi, salohiyatli, ishonchli kishilarni saylashga intilishlari muhim. Zero saylovchilarning faolsizligi jamiyatning faqat ba'zi guruhlarigina o‘zlari xohlagan odamlarni saylab olishi va boshqalarning manfaatlarini chekkaga surib qo‘yishiga olib boradi.

Bunday bo‘lmasligi uchun har bir saylovchi saylovchilik mas'uliyatini his etmog‘i, saylov nimaligini bilmog‘i lozim. Saylovlarga befarqlik, kimni saylayotganini-da bilmaslik, nomzodlarni savollar bilan tergamaslik – bular jamiyat uchun og‘ir oqibatlar keltirishini bilmoq lozim.

Saylov – jamiyatni haqiqiy jamiyatga aylantiruvchi muhim omil. Inchunin, noloyiq odamlarni saylab qo‘yib jamiyat emas, tarqoq omma bo‘lib qolmaslik, kelajak avlodni qorong‘ilikda qoldirmaslik lozim.

Mavzuga oid