O‘zbekiston | 20:10 / 22.11.2019
27654
4 daqiqa o‘qiladi

TDIU: Talabalarning kiyinishi bo‘yicha erkinlik berildi, lekin ichki tartib-qoidalariga rioya qilinishi zarur

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti universitetda besh kunlik ta'lim tizimiga o‘tilayotgani, universitetda forma butunlay bekor qilingani to‘g‘risida tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi. Ma'lum qilinishicha, talabalarning kiyinishi bo‘yicha erkinlik berilgani rost, ammo bu istalgan kiyimni kiyish mumkin, degani emas.

«Haqiqatan ham, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2019 yil 25 noyabrdan boshlab besh kunlik ta'lim tizimiga o‘tish belgilangan. Bunda talabalar haftaning 5 kuni davomida nazariy bilimlarni egallashsa, haftaning shanba kunida mustaqil ta'lim bilan mashg‘ul bo‘ladilar.

Shu o‘rinda aytib o‘tishni joiz deb bilamizki, «Xalq so‘zi» va uning qandaydir manbasiga tayanib berilgan ma'lumot noto‘g‘ri talqin etilgan. Xabardan anglashiladiki, endi talabalar uchun shanba va yakshanba kunlari dam olish ekan (faqat yakshanba dam olish kuni, shanba mustaqil ta'lim kuni). 

Shuningdek, xabarda universitetdagi kiyinish tartibi haqida ham o‘rinsiz yondashuv mavjud. To‘g‘ri, talabalarning kiyinishi bo‘yicha erkinlik berildi. Ammo universitet jamoatchilik kengashi va talabalar tomonidan ma'qullangan ichki tartib-qoidalariga rioya qilinishi zarurligi belgilab qo‘yilmoqda. Albatta, bunda talabalik odobiga rioya qilgan, ta'lim dargohi – madaniyat o‘chog‘i ekanligini yoddan chiqarmagan holda kiyinish tavsiya etilmoqda. Bu o‘z navbatida, «Xalq so‘zi» ta'biri bilan aytganda, «universitet talabasi istalgan kiyimda o‘qishga kelishi va darslarda ishtirok etishi mumkin» degani emas.

Bunday xabarlarni tarqatishdan avval rasmiy shaxslardan, jumladan, universitet matbuot kotibidan (+998974404504 telefon raqami orqali) ma'lumot olish o‘rinli bo‘lar edi», deyiladi TDIU axborot xizmati xabarida.

Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida ushbu raddiya bo‘yicha izoh berdi.

«Umuman olganda, bu hayron qolarli yangilik emas. Butun dunyoda ham shunaqa, erkin forma degani, bu talaba istasa shippakda, istasa shortikda, istasa ich kiyimda kelishi mumkin degani emas.

Erkin forma, bu - umumiy chegaralar ichida istalgan formada kelishni anglatadi. Erkin forma joriy qilingan joyda, bizdagiga o‘xshab «galstuging qani?», «nega ko‘ylaging rangi oq emas?», «nega paypog‘ing kalta?» degan savollar berilmaydi, xolos.

Ammo muammo shundaki, «erkinlik» degan so‘zni bizda ikkala taraf ham bo‘rttirib qabul qiladi. Ayrim mas'ullar talabaga erkinlik bersak, yalang‘och kelmasmikin, deb xavotir oladi. Ayrim talabalar esa, erkinlik berildi desa, yalang‘och borsam bo‘larkan-da, deb qabul qiladi. Qarabsizki, mana shunaqa xavotirlar ostida barcha erkinliklarga taqiq qo‘yilaveradi. Holatni bo‘rttirmasdan, boricha qabul qilaverish kerak.

Mayli, har ne bo‘lsa-da, Iqtisodiyot universitetidagi o‘zgarishlardan xursandman», deya yozadi huquqshunos.

Mavzuga oid