O‘zbekiston | 12:03 / 22.11.2019
21012
3 daqiqa o‘qiladi

Yodju rektori: yoshlarimizdagi diplom olish uchungina o‘qish tushunchasini o‘zgartirishimiz kerak

Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti rektori Janpo‘lat Kudaybergenov O‘zbekistonda ko‘pchilik o‘qimasdan turib, qing‘ir yo‘llar bilan OTM diplomini olish haqida o‘ylashini ta'kidlab o‘tdi.

Foto: Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti

«Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti xususiy oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. Bizga abituriyentlar, ularning ota-onalari uchun aksariyat hollarda institut diplomi O‘zbekistonda tan olinishi muhim. Bu oddiy savolga o‘xshaydi chetdan qaraganda. Ammo diplomning qaysidir mamlakatda tan olinishidan oldin diplomni olishning talablari bor.

Masalan, Harvard o‘z bitiruvchilari falon miqdorda oylik olishlarini kafolatlaydi, qachonki ular Harvardning talablarini bajarishsa. Harvardda o‘qib, uning diplomini olgan bilan bunday kafolat berilmaydi. Diplom – oddiy bir qog‘oz. Masalan, men ham Top-100likka kiruvchi Birmingem universitetida o‘qidim, diplomim bor. Ammo xorijda qayergadir ishga kirish uchun hujjat topshirsam, meni albatta testdan, suhbatdan o‘tkazishadi, bilimim diplomimga mosligini aniqlab, keyin ishga olishadi», deya Janpo‘lat Kudaybergenovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Rektorning qayd etishicha, Yodju texnika institutiga ko‘pchilik o‘qimasdan turib, turli yo‘llar bilan diplomni olish haqida so‘rab keladi.

«Xususiy oliy ta'lim muassasasi rahbari sifatida aytaman, biz istitutimizda o‘qimaganlarga diplom bermaymiz. Agar hozir xususiy sektordagilar talabgorlarga qaysidir yo‘llar bilan diplomni beraversa, tanish-bilishchilik qilinsa, to‘rt yildan keyin odam kelmay qo‘yadi. Bu – bozor iqtisodiyotining oddiy qonuniyati. Shuning uchun yoshlarimizdagi diplom olish uchungina o‘qish tushunchasini o‘zgartirishimiz kerak. Odam institutda bilim olish, sohasining haqiqiy ustasi bo‘lish uchungina tahsil olishi kerak. Buni ingliz tilida SKILLS va KNOWLEDGE deyishadi. Shunda qaysi OTMning diplomiga ega bo‘lmasin, mustaqil hayotda imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi. Agar maqsad faqat diplom bo‘ladigan bo‘lsa, bu katta muammo», deb aytgan davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tkazilgan «Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar» mavzusidagi konferensiyada.

Rektor institutda talabalarga stipendiya berilmasligi, biroq bu yil eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan besh nafar talabaning kontarkt to‘lovi OTM tomonidan to‘lab berilganini, bu ham haqiqiy bilim hamisha qadrlanishining tasdig‘i ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid