Sovuqda uyni nima bilan isitish kerak? Kun sovishi hamono qalqib chiquvchi savollar
Qish fasli keldi. Uyini ko‘mir va o‘tin bilan isitishga majbur xonadonlarning barchasi qo‘lbola pechlardan foydalanadi. Aytaylik, davlat standartidan o‘tgan ko‘mir pechkani izlab o‘tirishdan foyda yo‘q. Chunki odam yashayotgan uyidagi pechkada ko‘mir yoqish aslida mumkin emas.
Yaqinda «O‘ztransgaz» AJga qarashli korxona tomonidan berilgan e'longa ko‘zim tushdi. Unda is gazidan zaharlanishning oldini olish uchun ayrim tavsiyalar berilgan. Jumladan, aholidan bir qator qo‘lbola pechlardan foydalanmaslik so‘ralgan. Ko‘p qavatli uylarda gaz plitadan uylarni isitish maqsadida foydalanmaslik, suyultirilgan gaz solingan maishiy ballonlardan uy ichida foydalanmaslik shular jumlasidan. Qolaversa, nostandart elektr isitish uskunalaridan foydalanish ham azaldan tavsiya etilmaydi.
Bir tomondan, bu kabi e'lonlarda mantiq bor, albatta. Axir deyarli har kuni qaysidir viloyatda is gazidan halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz haqida eshityapmiz. Ammo masalaning ikkinchi va og‘riqli tomoni ham bor: unda sovuq faslda uyni nima bilan isitish kerak?
Ko‘p qavatli uylardan boshlaymiz.
Qoida bo‘yicha ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar issiq suv (otopleniye) bilan isitiladi. Isitishning eng xavfsiz va standart usuli shu. Endi bu boradagi ahvolimizga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Shu yil 4 oktyabrda respublika prezidenti ishtirokida aholini uzluksiz issiq suv va issiqlik quvvati bilan ta'minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgandi. Yig‘ilishda bugungi kunda mavjud qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarining muayyan qismi eskirgani, ayrimlari foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgani, sohaga hozirgacha xorijiy investitsiyalar umuman jalb qilinmagani, mavjud imkoniyatlar yetarlicha ishga solinmagani aytib o‘tilgandi.
Yig‘ilishda aytilganidek, yillar davomida texnologik modernizatsiya ishlari amalga oshirilmagani uchun soha daromadining 85 foizi yoqilg‘i-energetikaga sarflanmoqda. Tarmoqdagi yo‘qotishlar 35–40 foizga yetgan. Energiya resurslari xarajati va to‘lovlardagi nomutanosiblik oqibatida kreditor va debitor qarzdorlik yuzaga kelmoqda.
Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, issiqlik manbai sohasi og‘ir ahvolga kelib bo‘lgan. Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 39 mingta ko‘p qavatli uy bo‘lsa ulardan 23 ming 800 tasini issiqlik bilan ta'minlash shart. Ammo ayni vaqtda 13 ming 900ta ko‘p qavatli uyga issiqlik berilyapti, xolos.
20 mingdan ortiq uy issiqliksiz qolib ketmoqda. Bu — tan olingan rasmiy ma'lumot. Sizningcha, hozir bu uylarda issiqlik nimaning evaziga ta'minlanyapti. Yuqorida aytilganidek, gaz plita bilan isitish mumkin emas, gaz ballondan foydalanish mumkin emas, o‘tin yo ko‘mir pechka o‘rnatish-ku umuman mumkin emas! (Axir, bu «dom»-ku?!)
Vaziyat ana shunday bo‘lgach, ko‘p qavatli uylarda odamlar qishning sovuq kunlarida, yashash uchun mumkin bo‘lmagan barcha choralarni qo‘llashga majbur. Variantlardan eng yaxshisi, turli elektr isitgichlar. Shahar markazida, elektr ta'minoti uzilmaydigan hududlarda shundan umid qilsa bo‘ladi. Yomoni shuki, issiqlik ta'minoti bo‘lmagach, sovuq tushgan zahoti elektr uzatish tarmoqlari va inshootlarida avariyalar soni favqulodda oshib ketadi. Albatta, zo‘riqishdan.
Qishloq joylarda esa ahvol yanayam og‘irroq.
Necha yillardan buyon qishda odamlarning yagona tashvishi mana shu bo‘lib qolmoqda. Ta'lim, dam olish, ma'naviyat, vatanparvarlik, saylov, kitobxonlik... kabilardan so‘z ochsangiz ensasi qotadiganlar paydo bo‘layotgani shundan. Qishloqda uyni kim qanday isitayotgani bilan qiziqsangiz, xayolingizga ham kelmagan holatlarga guvoh bo‘lasiz. Boshqa iloj yo‘q, qo‘lbola, nostandart pechlar haqdagi rasmiy gaplar boshqa sayyora uchun!
Demak, qishloqlarda, tabiiy gaz, o‘tin, ko‘mir, yog‘och qirindisi, yong‘oq po‘chog‘i, mol tezagi (tappi), sandal va turli xil elektr (aksariyati qo‘lbola va nostandart) uskunalar bilan.
Keyingi vaqtlarda tarqalgan birgina «Uch kun kerosinga botirib qo‘yilgan pishiq g‘ishtni pechkaga solsangiz cho‘g‘ bo‘lib, ertalabgacha uyni isitarmish», degan gapning o‘zi holatimiz qanchalik nochor ekaniga dalolat. Sababi pishiq g‘isht, tuproq hech qachon yonmaydi, cho‘g‘ bo‘lmaydi. Buni hamma biladi. Ammo ishongisi keladi, boshqalardan so‘rab ko‘radi, rostmikin, deb.
So‘nggi besh-olti yilda shu kabi o‘nlab «ixtiro»ga qo‘l urib ko‘rildi. Ayrim qishloqlarda temirchilar kam yoqilg‘i bilan ko‘proq isita oladigan ajabtovur uskunalar ham yasay olishdi. Pechkaning dudburoni uyning yarmini bir aylantirib keyin tashqariga yo‘naltirilgan xonadonlarni ham ko‘rdik (ko‘proq issiqlik berish uchun ekan). Xullas, uyni isitishning turli yo‘llari san'at darajasiga ko‘tarildi.
Darvoqe, nima uchun nostandart elektr jihozlar deyishingiz mumkin? Avvalo, qishloqda hammaning ham qimmat va sifatli elektr jihozlariga kuchi yetmaydi. Ikkinchidan, qish kunlarida elektr kuchlanishi qishloqlarda pasayib ketgani bois, qator turdagi elektr jihozlar, misol uchun konditsionerlar ishlamaydi.
Ochig‘ini aytish kerak, aholiga qish kunlarida jon saqlash uchun davlat tomonidan belgilangan narxda ko‘mir yetkazib berilayotganiga bir necha yil bo‘ldi. Birgina Samarqand viloyati uchun bu yil 111 ming tonna ko‘mir yetkazilmoqda. Hech kim «ko‘mir xavfli ekan», deb o‘tirgan emas, aksincha, o‘tgan yillar o‘z ulushini ololmay qolganidan shikoyat qilib kelgan fuqarolar ham bo‘ldi. Fikrimizcha, tegishli idoralar uyni ko‘mir bilan isitishda amal qilish kerak bo‘lgan qoidalar targ‘ibotidan tortinmasliklari kerak. Aksincha shart bu. Ehtimol, o‘shanda is gazidan zaharlanayotganlar soni kamayar?
Nima qilish kerak?
Tahririyatga har kuni «mahallamizga gaz berishsin» mazmunidagi ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Har yili gazta'minot idoralari vakillari bilan suhbatlarda qishda gaz bosimi pasayib ketishi sababi bilan qiziqamiz. Odatda «gaz aslida uyni isitish uchun emas, oshxona uchun, agar hamma to‘g‘ri foydalansa gaz bemalol yetadi», qabilida javob beriladi. Ammo hali biror marta «tabiiy gazni yetkazolmayapmiz», degan gap aytilgan emas...
Dunyo tajribasiga tayanadigan bo‘lsak, aksariyat mamlakatlarda uylar yoki elektr jihozlar yoki issiq suv bilan isitilishiga guvoh bo‘lamiz. Tabiiy gaz esa nihoyatda qimmat.
Har ikki variant hozircha bizga to‘g‘ri kelmayapti. Issiq suv bilan ta'minlash tizimi esa boya aytganimday xarob holga kelib qolgan. Samarqand viloyat «Issiqlik manbai» korxonasi ham debitor qarzdorlik botqog‘iga botib qolgan bo‘lib, ulkan iqtisodiy yordamsiz oyoqqa turolmasligi aniq. Aksariyat hududlarga issiqlik yetib bormayotganiga necha yillar bo‘lib ketdi. Tarmoqlar chirib, uzilib yo‘q bo‘lib ketgan.
Elektr energiyasi tanqisligi ikkinchi variantni ham yo‘qqa chiqaradi. Salkam o‘ttiz yil davomida elektr ishlab chiqarishda yirik loyihalar amalga oshirilmagani bugun bizni shu ahvolga solib qo‘ygani bor gap. Boshlangan loyihalar ham oxiriga yetmay qolib ketdi. Mavridi kelganda ana shu loyihalarning eng «mashhuri»ni eslab o‘tamiz.
Bizni sharmanda qilgan 500 million dollarlik loyiha
Internetga kirib, Google qidiruv tarmog‘ida «Samarqandda quyosh elektr stansiyasi» deb yozsangiz 46 soniyada 11400ta ma'lumot paydo bo‘ladi.
2013 yil prezidentning «Muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilingach, shu hujjat asosida Samarqandda quvvati 100 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi haqda butun respublika ommaviy axborot vositalari tinimsiz bong urdi.
O‘sha yiliyoq Toshkentda Osiyo quyosh energiyasi forumi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika mamlakatlaridan qariyb 300 nafar xalqaro moliya institutlari, kompaniya va korporatsiyalar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, olimlar, soha mutaxassislari va ekspertlar qatnashdi. Ishtirokchilar, «Markaziy Osiyoda ilk marta» quyosh elektr stansiyasi qurilayotgan shahar — Samarqandda bo‘lishdi, dabdabali anjumanlar tashkil etildi. Stansiya 2016 yil qurib bitkazilishi e'lon qilinganida o‘sha vaqtdagi og‘ir elektr tanqisligi sabab jurnalistlar «2016 yilni kutish samarqandliklar uchun og‘ir sinov emasmi?» sarlavhasi bilan OAVda chiqish ham qilishdi.
Aholi bilan uchrashuvlarda elektr tanqisligidan gap ochilsa «Ana, quyosh elektr stansiyasi qurilyapti» qabilidagi bayonotlar urfga kirdi. Ammo 2016 yil ham, undan keyin ham fotoelektr stansiya ishga tushmadi. Eng yomoni, xalqqa buning sababi ham oshkor etilmadi. 2017 yildan elektr ta'minoti biroz yaxshilangach, ulkan loyiha esdan chiqdi-ketdi (o‘rtada o‘sha stansiya quriladigan joyda 4–5 milliard so‘m sarflanib, tayyorgarlik ishlari olib borilgani qoldi, xolos). O‘tgan yildan boshlab bu borada yana yangi loyihalar bo‘y ko‘rsata boshladi va bu safar ular amalga oshishiga umid bildirib qolamiz.
Darvoqe, yuqorida «Nima qilish kerak» degan savol qo‘yilgandi. Sirasini aytganda, bu masalaga necha yillardan beri «ixtirochilik» qilib kelayotgan fuqarolar ham, jurnalistlar ham yechim topolmaydi. Bunday vaziyatda so‘z navbatini allaqachon olimlarimiz olishi kerak edi.
Ehtimol, endi ham nisbatan arzon va samarali lokal qozonxonalar qurish vaqti kelgandir. Ehtimol, deyarli an'anaviy va eski qoliplardan voz kechib, uylar qurilishida energiya tejamkor va issiqlikni saqlovchi qurilish materiallaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish lozimdir. Xullas, buyog‘iga xalq hayotidagi eng muhim bu masala ustida olimlarimiz ham bosh qotirishi shart deb hisoblaymiz.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
07:35
Beshta hududda 16 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi
16:36 / 20.12.2024
Qarshida bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan zaharlangan - ekspertiza
16:25 / 20.12.2024
Chorvoqda bir oilaning uch a’zosi gazdan zaharlanib vafot etdi
09:09 / 20.12.2024