Buxoroda dunyoga taniqli kompaniyaning zamonaviy tibbiyot klinikasi ochildi
Buxoro shahrida O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligidagi «Himchan» ko‘p tarmoqli klinika ochildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tibbiyot tizimida xususiy sektor ulushini oshirish, uning huquqiy mexanizmlarini yaratish, ularga keng imtiyozlar taqdim etilayotgani natijasida bu yo‘nalishdagi shifoxonalar soni 5300dan oshdi. Shuningdek, qisqa vaqt ichida mamlakatda AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Isroil kabi xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda 100dan ortiq zamonaviy xususiy klinikalar ish boshladi.
Xususan, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Buning natijasida Toshkent shahrida koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida o‘xshashi yo‘q to‘rtinchi darajali bolalar ko‘p tarmoqli milliy tibbiyot markazini bunyod etish jadal olib borilmoqda. Bundan tashqari, Koreya Respublikasining ko‘plab tashkilotlari, jumladan, «KOICA», «KOFIH», «EDCF» jamg‘armalari bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash sohasida qiymati 190 million AQSh dollaridan ziyod qator sarmoyaviy va grant loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, shifokorlarning malakasini oshirish, tibbiy ta'limni rivojlantirish va tibbiyot yangiliklarini ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.
«Buxoro shahrida qad ko‘targan zamonaviy «Himchan» klinikasi ham ana shunday hamkorlikning muhim ko‘zgusidir. Mazkur klinika qurilishi shu yil boshida boshlangan edi. Uni barpo etgan Janubiy Koreyaning eng taniqli «Korea medical Foundantion Sangwon Hospital Himchan» klinikasi jahonda travmatologiya-ortopediya va neyroxirurgiya markazlarini qurish va jihozlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan nufuzli muassasa hisoblanadi. Mazkur kompaniya boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham aynan shu yo‘nalishdagi tibbiyot markazlarini barpo etib, mutaxassislarga zamonaviy jarrohlik uslublarini o‘rgatib kelgan.
Buxoro shahrida ochilgan «HIMCHAN» xususiy klinikasini qurish, jihozlash va faoliyatni elektron tashkil etish ishlariga 7,1 million AQSh dollari miqdorda investitsiya kiritildi. Bu yerda 140dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilib, statsionar sharoitda davolanish uchun 90ta o‘rin tashkil etildi. Endilikda viloyat aholisi ushbu yo‘nalishda malakali tibbiy diagnostika va davolash yordami olish uchun olis yo‘l bosib poytaxtga borishiga hojat qolmadi. Ushbu tibbiyot muassasasida travmatologiya, ortopediya, neyroxirurgiya, umumiy xirurgiya kabi qator sohalarda aholiga eng yuksak texnologiyalar vositasida diagnostika va davolash yordami ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Yana bir e'tiborli tomoni, ushbu tibbiyot muassasasi nafaqat aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, balki, tegishli sohalar bo‘yicha shifokorlarning malakasini oshirish borasida ham o‘ziga xos markaz vazifasini o‘taydi. Bu yerda Janubiy Koreyadan kelgan malakali mutaxassislar ishtirokida mahalliy shifokorlar uchun tibbiyot yutuqlari va ilm-fan yangiliklari yuzasidan uzluksiz mahorat darslari, seminar-treninglar tashkil etiladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chjye Kvon ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
11:04 / 02.12.2024
2025 yilda Rossiya shahrida Buxoro madaniyati kunlari o‘tkaziladi
17:27 / 30.11.2024