Jamiyat | 15:40 / 27.11.2019
97385
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda metan gaz berilmayotganidan norozi haydovchilar yo‘lni to‘sib qo‘yishdi

Bugun, 27 noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Baxt shahri hududida metan gaz tarqatish shoxobchasiga navbat kutib turgan haydovchilar «zapravka» yopib qo‘yilgach M-34 yo‘lining Toshkent-Guliston yo‘nalishini yopib qo‘yishdi. Ijtimoiy tarmoqda voqea joyidagi janjalli video tarqalgach, Sirdaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmati Kun.uz muxbiri so‘roviga javoban voqea yuzasidan munosabat bildirdi.

«Bir necha kundan beri aholi o‘rtasida tabiiy gaz va elektr toki taqchilligi bo‘layotgani sababli e'tirozlar ko‘plab kelib tushmoqda. Shu jumladan, gaz taqchilligi avtomobillarga gaz tarqatish shoxobchalarida ham kuzatilmoqda. O‘z navbatida gaz quyish shoxobchalarida ko‘plab transport vositalari to‘planib qolishi oqibatida avtomashinalar navbat uzunligi bir necha yuz metrga yetmoqda. 

27 noyabr kuni esa M-34 yo‘lning 89-kilometrida, yo‘l yoqasida joylashgan «Sheraton-servis» MChJga qarashli Avtomobillarga gaz tarqatish korxonasi oldida bir qancha fuqarolar gaz quyish shoxobchasida norozilik bildirib, shu yerda fuqarolar kutish joyidagi stullarni olib M-34 yo‘lining Toshkent-Guliston yo‘nalishini vaqtincha to‘sgani, yo‘lda esa avtomashinalar tirband bo‘lib to‘xtab turgani ko‘rsatilgan. 

Voqea joyiga zudlik bilan Sirdaryo viloyati YHXB va Sirdaryo tumani IIB mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganilganda, ushbu gaz tarqatish shoxobchasi bugun tongda ishga tushirilgani, haydovchilar esa kechadan beri navbat kutib turishganini, soat taxminan 11:00da o‘zlarini O‘zbekiston Respublikasi «O‘zneftgaz» inspeksiyasi, Majburiy ijro byurosi, «O‘ztransgaz» agentligi xodimlari deb tanishtirgan shaxslar kelib gaz hisoblash moslamasini tekshirish uchun olib ketishganliklarini, navbatda turgan 5-6 nafar haydovchilar esa ushbu holatga o‘z noroziliklarini bildirib, M-34 yo‘lining Toshkent-Guliston yo‘nalishini berkitishganini bildirishgan. 

Shundan so‘ng olib borilgan tushuntirish ishlaridan so‘ng u yerga yig‘ilgan haydovchilar tarqatilib, zudlik bilan yo‘lda harakat tiklanganini ma'lum qilamiz», deyiladi Sirdaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid