Light | 12:24 / 27.11.2019
45295
5 daqiqa o‘qiladi

Yaroqsiz batareykani nima qilish kerak?

Hech e'tibor berganmisiz, nega oddiy batareykalarga tushirilgan chiqindi qutisi suratining ustidan taqiq belgisi tortib qo‘yilgan bo‘ladi?

Bu belgi ishlatilgan batareykalarni chiqindi qutilariga tashlash qat'iyan taqiqlanishini anglatadi. Chunki o‘zi barmoqdek keladigan bu mitti energiya manbalari inson salomatligi va tabiat uchun juda katta zarar yetkazadi.

Kichkina demang bizni...

Bu energiya manbalari kichkina bo‘lishiga qaramay, zarari anchagina. Chiqindiga tashlangan batareykaning ustki qoplamasi turli tashqi ta'sirlar (issiq, eroziya) natijasida eriydi va unda saqlanuvchi kadmiy, simob, nikel, rux, qalay, magniy kabi zaharli moddalar «ozodlikka chiqadi». Bitta batareyka 20 metr kvadrat yer, 400 litr suv, ikkita daraxt, 1ta tipratikanni zaharlashga yetadigan zararga ega.

Batareykadan havoga ko‘tariladigan va suvga aralashadigan zaharli moddalar kishida o‘pka saratoni, hazm tizimi a'zolari kasalliklari, suyak xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Batareykalarni bola o‘ynab, og‘ziga solishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak!

Batareykalar umumiy chiqindining 0,25 foizini tashkil etsa-da, chiqindilardan atrof-muhitga yetadigan zararning naq 50 foizi ularning ulushiga to‘g‘ri keladi.

Xorijda qanday?

Yevropa davlatlarida ishlatib bo‘lingan batareykalar utilizatsiya qilish (qayta ishlash) uchun yig‘ib olinadi. Buning uchun barcha do‘konlar va muassasalarda maxsus idishlar ajratilgan.

Savdoga chiqariladigan yangi batareykalarning narxiga utilizatsiya chiqimlari ham qo‘shib hisoblanadi, ma'lum foiz ustama qo‘yiladi. Agar xaridor yangi batareyka xaridi chog‘ida ishlatilgan batareykalarni taqdim etsa, muayyan chegirmaga ega bo‘ladi. G‘arb davlatlarida ishlatilgan batareykalarning 50 foizdan ortig‘i utilizatsiya qilinadi. Misol uchun, Germaniyada avtomobil egasi yangi akkumlyator sotib olmoqchi bo‘lsa, eskisini topshirishi shart, aks holda jarimaga tortiladi. Energiya manbalarini o‘zboshimchalik bilan yo‘qotishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Batareyka utilizatsiyasi xomashyo sarfini kamaytiradi

Quvvat beruvchi batareyalar va akkumlyatorlar tarkibida qayta ishlashga yaroqli qismlar kam miqdorni tashkil etadi. Lekin yig‘ib olingan yaroqsiz batareykalarni qayta ishlash orqali yangi batareykalar, plastik, qora qalam, metall, qog‘oz, o‘g‘it, avtomobil shinalari uchun qopalamalar olish mumkin.

O‘zbekistonda-chi?

«Chiqindilar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 22-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida utilizatsiya qilish uchun tegishli texnologiyalar mavjud bo‘lgan chiqindilarning ko‘mib tashlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi», deyilgan. Batareykalar ham utilizatsiya qilinadigan chiqindilar sirasiga kiradi, ammo O‘zbekistonda batareykalarni qayta ishlash bo‘yicha texnologiyalarga ega bo‘lgan birorta korxona mavjud emas.

Qattiq maishiy chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha 2019-2028 yilga mo‘ljallangan startegiyada 2022-2025 yilgacha bo‘lgan oraliqda respublika shaharlarining ko‘p kvartirali turar-joy sektorida chiqindining quyidagi turlari uchun alohida konteynerlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

- qayta ishlanadigan chiqindilar (polimer, qog‘oz, metall);

- organik chiqindilar (oziq-ovqat va boshqa biologik materiallar);

- qayta ishlanmaydigan chiqindilar (kompozitli materiallar, tozalanmagan materiallar);

- xavfli maishiy chiqindilar (akkumulyator, batareyka, tibbiyot chiqindilari);

- shisha idish buyumlari.

Ammo chiqindilar qayta ishlanmaydigan bo‘lsa, ularni saralashdan naf yo‘q. Saralangan chiqindilarni qayta ishlash butun dunyoda qo‘llanayotgan tendensiya, bu orqali xomashyo sarfini kamaytirish hamda ekologiyaga yetadigan zararni minimallashtirish mumkin. Atrof-muhitga yetkazadigan ziyonini inobatga olgan holda batareykalarning qayta ishlanishi masalasini ham qisqa muddatlarda hal qilish talab etiladi. Buni utilizatsiya sohasiga xususiy sektorni jalb qilish, chiqindilarni qayta ishlovchi texnologiyalar uchun imtiyozlar joriy etish orqali hal qilinadi.

Utilizatsiya bo‘yicha hali kerakli tizim ishga tushirilmagan bo‘lsa ham, batareykalarni umumiy chiqindiga qo‘shmaslik tavsiya etiladi. Ularni alohida jamlab, chiqindini yig‘ish punktlariga topshirgan ma'qul. Batareykalar alohida jamlansa, ularni yo‘q qilish va qayta ishlash uchun muqobil yechim izlansa, ehtimol.

Shu o‘rinda layfhak:

Batareykalarni ishlatishdan oldin kontaktli qismlarini qattiq quruq mato bilan yaxshilab ishqalasangiz, ular sizga uzoqroq xizmat qiladi.

Agar batareykalar yoki batareyka o‘rnatilgan qurilma issiqlik ta'sirida uzoq vaqt qolib ketsa, u erib, kuydiruvchi ajralma chiqarishi mumkin. Shu bois bunday holda batareykani qo‘lqop bilan olish tavsiya etiladi.

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid