O‘zbekiston | 21:00 / 28.11.2019
76043
6 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi elektr energiyasi tizimidagi uzilishlar va nosozliklar bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston Energetika vazirligi elektr toki uzilishi sabablari va uning nima uchun elektr yetkazib beruvchilar tomonidan o‘chirib qo‘yilishi haqida ma'lumot berdi.

Ma'lumotda O‘zbekiston Energetika vazirligi tasarrufida faoliyat yuritayotgan elektr energiyasi tizimiga elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stansiyalar («Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va «O‘zbekgidroenergiya» AJ), elektr energiyasini uzatish uchun yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari («O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ), elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlari («Hududiy elektr tarmoqlari» AJ) va elektr energiyasi iste'molchilari kirishi qayd etilgan.

Mazkur tizimning boshqa ishlab chiqarish soha va yo‘nalishlardan farqi shundaki, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste'mol qilish bir paytning o‘zida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yagona texnologik jarayon hisoblanadi. Har lahzada tizim qismlari o‘rtasida muvozanat o‘rnatish nihoyatda muhim vazifa sanaladi.

Ya'ni elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste'mol qilish o‘rtasida energiya balansi muntazam ravishda ta'minlanishi lozim. Muvozanat saqlash tizimning ishonchli faoliyatining kafolati hisoblanadi. Shunga ko‘ra, tizim dispetcheridan juda qisqa vaqtda keskin chora ko‘rish talab etiladi.

Ma'lumotda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj keskin ortishi kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste'mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta'minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qolayotgani, katta avariyalarning va butun mamlakatda hamma iste'molchilarning elektrsiz qolishining oldini olish uchun elektr energiyasi ta'minotida uzilishilar qilishga to‘g‘ri kelishi ta'kidlangan.

«Dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta'minlamasa, tizimdagi zo‘riqish turli yirik avariyalarga sabab bo‘lib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiyasi bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lum qilinishicha, elektr energiya ta'minoti tizimidagi nomutanosiblik hamda elektr energiyasi talab ortishi sababli sodir bo‘ladigan avariyalarning tipik sabablari quyidagicha bo‘lishi mumkin:

  • ishlab chiqaruvchi quvvatining pasayishi yoki energiya tizimida iste'molning ko‘payishi, ya'ni iste'molchi yuklamasining ortishi tufayli elektr toki chastotasining keskin pasayishi. Chastotaning pasayishi natijasida avariya holatida ishlayotgan jihoz va uskunalar nosoz holga keladi;
  • elektr energiya tizimining asosiy tugunlarida (avtotransformatorlarda) kuchlanish darajasining pasayishi tufayli generator va sinxron kompensatorlar faoliyatida reaktiv quvvat yuklamasining yetishmasligi yoki haddan tashqari yuklanishi;
  • generator va sinxron kompensatorlarning aktiv va reaktiv kuchlari noto‘g‘ri taqsimlanishi, elektr energiyasi iste'molchilarining tarmoqqa haddan tashqari ko‘p ulanishi, energouzellarda quvvat oqimlari ko‘payishi;
  • energiya iste'molining intensiv o‘sishi sababli energiya tizimining ayrim generatorlarida asinxron rejim paydo bo‘lishi;
  • tarmoqlararo tizim va tarmoq ichidagi tranzit elektr uzatish liniyalari va uskunalarida quvvat oqimlarining maksimal qiymatidan oshib ketishi va energotizimda paydo bo‘ladigan boshqa beqarorliklar.

Qayd etilishicha, favqulodda o‘chirishlar paydo bo‘lishining asosiy sabablari energiya uskunalari haddan tashqari yuklanishi hamda mavjud quvvat va elektr energiyasi ta'minotida muvozanat buzilishi hisoblanadi.

Bunday tizimli avariyalarning oldini olish uchun elektr energiya tizimini muntazam ravishda rivojlantirib borish, iste'mol madaniyatini shakllantirish orqali mamlakatda energiya samaradorligini oshirish lozim. Shuningdek, tizimni muqobil energiya turlari bilan boyitib borish va energotizim faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlarda yangi texnologiyalarni joriy etish orqali mehnat unumdorligini oshirish hamda texnologik sarflarni kamaytirishga erishish talab etiladi. Hukumatimiz tomonidan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholi va yuridik iste'molchilarini elektr energiyasi iste'molini nazorat qilish va kelgusida mavsumiy iste'mol hajmini oldindan aniqlash imkoniyatini yaratadi.

Ma'lum qilinishicha, agar energotizimda muvozanat ta'minlanmasa, «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasining dispetcherlari belgilangan tartibga muvofiq elektr energiyasini o‘chiradi. Agar bu muvozanat hududiy nazoratchilar tomonidan amalga oshirilmasa, ya'ni ma'lum jadvalga asosan cheklashlar orqali muvozanat saqlay olinmasa yoki ular tomonidan markaziy dispetcherlik boshqaruvi ko‘rsatmalariga amal qilinmasa, energotizim xavfsizligini ta'minlash maqsadida yuqori kuchlanishli elektr liniyalari tarmoqdan vaqtincha uzib qo‘yiladi.

«Aniqrog‘i, bunday amaliyot qo‘llanilishiga majbur bo‘linadi. Agar hududiy dispetcherlar ma'lum jadval tartibiga asosan, tegishli texnik-muhandislik qoidalariga binoan past kuchlanishli elektr tarmoqlarida energotizim muvozanatini ta'minlasa, markaziy dispetcherlik boshqaruvida favqulotda qaror qabul qilinishiga hojat bo‘lmaydi», — deyiladi vazirlik izohida.

Qayd etilishicha, belgilangan cheklovlar hududiy elektr tarmoqlari tomonidan bajarilmagan taqdirda, tizimdagi yirik avariyalarning oldini olish uchun «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tarkibidagi Milliy dispetcherlik markazi tomonidan katta hududlar elektr ta'minotidan uzib qo‘yiladi. Bu amaliyot hukumat tomonidan tasdiqlangan elektr energiya xavfsizligi qoidalariga binoan amalga oshiriladi. Natijada, yirik talafot keltirishi mumkin bo‘lgan baxsiz hodisalar hamda jiddiy iqtisodiy zararlarning oldi olinadi.

Mavzuga oid