«O‘zbekistondagi paxta terimi dunyodagi eng katta majburiy mehnat kampaniyasi edi» – Yonas Astrup
O‘zbekistonda paxta terimi uchun bolalar mehnatidan foydalanilishiga butunlay chek qo‘yilgan, tizimli majburiy mehnatga barham berilgan, dedi seshanba kuni Londonda o‘tgan UzInvest forumida so‘z olgan Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi bosh maslahatchisi Yonas Astrup.
Kun.uz muxbirining Angliya poytaxtidan xabar berishicha, Yonas Astrup mamlakat yaqin tarixidagi eng nozik mavzulardan biri bo‘lgan masala ijobiy yechim topayotgani va bu ham investorlar uchun muhim signallardan biri ekanini ta'kidlagan.
«Uch yildan buyon oilam bilan Toshkentda yashayapman. O‘zbekistonga borsangiz, hamma joyda paxtani ko‘rasiz. Choy ichayotgan piyolangizdan tortib, mana hozirgi forumning logotipida ham paxta tasviri tushirilgan. Darhaqiqat, o‘tmishda mamlakat ekin yerlarining 90 foizga yaqiniga paxta ekilgan.
Paxta terimidagi majburiy mehnat masalasiga kelsak, bu – juda jiddiy muammolardan biri bo‘lib kelayotgan edi. O‘zbekistondagi paxta terimi – bilamizki, dunyodagi eng katta majburiy mehnat kampaniyasi edi. Har yili kuz oylarida 2,5 million kishi paxta terimiga chiqadi. Bu mamlakat uchun katta ahamiyati ega agrotadbir bo‘lib, eng nozik mavzulardan biri sanalardi», – degan Astrupning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Xalqaro mehnat tashkiloti vakili so‘nggi yillardagi islohotlarga ham to‘xtalar ekan, hukumat majburiy va bolalar mehnatiga chek qo‘yish bo‘yicha qat'iy pozitsiyaga o‘tganiga, mazkur masala prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT minbarida ham tilga olinganiga urg‘u berdi.
«XMT O‘zbekistonda paxta terimi mavsumidagi bolalar mehnati masalasini 2013 yildan, majburiy mehnat mavzusini 2015 yildan buyon monitoring qilib kelmoqda. O‘tgan yili ishchi, fermer, tadbirkor va boshqalar bilan 11 mingtacha intervyular o‘tkazdik. Birinchi navbatda shuni aytmoqchimanki, endilikda O‘zbekistonda paxta terimida bolalar mehnatidan tizimli ravishda foydalanilishiga chek qo‘yilgan. Bu masalani xotirjamlik bilan kun tartibidan chiqarib tashlasak ham bo‘ladi.
Majburiy mehnatga kelsak, o‘rganishlarimiz natijasida ma'lum bo‘ldiki, oxirgi 3 yilda terimchilarga to‘lanadigan ish haqi 3 barobardan ko‘proqqa oshirilgan. Hukumat ishonch telefonlarini ishga tushirgan, ularga Telegram yo WhatsApp orqali ham xabar yuborish mumkin. O‘tgan yili mamlakat Mehnat vazirligiga 2600ta holat bo‘yicha xabar kelib tushgan bo‘lib, bular mehnat inspektorlari tomonidan 24-48 soat ichida o‘rganib chiqilgan. Qolaversa, majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun jarima miqdori bu yil 10 barobarga oshirildi. Bu bo‘yicha tez orada jinoiy javobgarlik ham kiritilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, biz mamlakat sanoatida xususiylashtirish va liberalizatsiya jarayonlari ketayotganining guvohi bo‘ldik. Bugunga kelib, paxta yetishtirish uchun foydalanib kelingan yerlarning 63 foizi to‘qimachilik klasterlari ixtiyoriga berilgan.
Shuningdek, jurnalistlar majburiy mehnat holatlari haqida erkin axborot berishmoqda – ularga bu kabi muammolarni yoritishda erkinlik berilgan. Hukumatning inson huquqlari va fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan munosabati o‘zgargan.
Bu choralarning samarasi shu bo‘ldiki, 2019 yilda terimchilarning 93 foizi o‘z xohishi bilan paxta terishga chiqdi. Mamlakatda tizimli majburiy mehnat endi yo‘q. Bunga tizimli yondashuv bilan erishildi. Albatta, hali ayrim masalalar mahalliy darajada uchrab turibdi», – deya qayd etdi ekspert.
Mavzuga oid
18:59 / 07.06.2024
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy Kengashi a’zoligiga saylandi
20:51 / 04.02.2023
Dunyoda ishsizlar soni 205 milliondan oshdi
09:50 / 13.06.2022
Tanzila Norboyeva Jenevada Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori bilan uchrashdi
20:04 / 27.01.2021