Jahon | 19:00 / 28.11.2019
16820
2 daqiqa o‘qiladi

Tokioda Rim papasini Yaponiyaga borishga majbur qilgan fotosurat namoyish etildi

Tokiodagi ko‘rgazmada Nagasaki bombardimon qilinganidan so‘ng ukasini krematsiya qilishga olib kelgan bolakayning fotosurati namoyish etildi. Ko‘rgazma tashkilotchisi, TBS telekompaniyasi prodyuseri Midori Sagisakaning aytishicha, aynan shu fotosurat Rim papasi Fransiskni Yaponiyaga borishga majbur qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu suratni Rim papasiga Sofiya universiteti ruhoniysi 4 yil ilgari jo‘natgan. Rim papasi 2017 yilda fotosuratni "Bu urush keltiradigan oqibat" degan yozuv bilan butun dunyodagi katolik ibodatxonalariga tarqatishni buyurgan va Yaponiyaga borish niyatini bildirgan.

Fotosuratda krematsiyaga navbatda turgan 7-8 yoshli bolakay tasvirlangan. Orqasiga esa bombardimonda halok bo‘lgan chaqaloq ukasini opichlab bog‘lab olgan. Fotosurat muallifi Jo O'Donnellning eslashicha, bolakay krematsiya oloviga tikilib turarkan, lablarini qonatguday darajada tishlagan.

Rim papasi keyingi 38 yil ichida Yaponiyaga ilk bor keldi. U tashrifining ertasiga Nagasaki va Xirosimaga yo‘l oldi hamda nutq so‘zladi.

Mavzuga oid