Jahon | 22:32 / 29.11.2019
68984
2 daqiqa o‘qiladi

Almazbek Atamboyev sudga majburiy ravishda olib kelingani ma'lum qilindi 

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev Bishkekning Pervomaysk tuman sudiga majburiy ravishda yetkazildi. Bu haqda Atamboyevning advokati Sergey Slesarev ma'lum qildi. 

Uning ta'kidlashicha, Atamboyev qarshilik ko‘rsatmagan.

“U yosh soqchilarni zarbaga qo‘ymaslik uchun qarshilik ko‘rsatmadi. Atamboyev hozir sud majlislari zaliga borishdan bosh tortib, soqchilar xonasida qolmoqda”, deb aytgan Slesarev.

Soqchilarning ta'kidlashicha, Qirg‘izistonning sobiq prezidenti sudga ko‘ngilli tarzda kelgan, unga qarshi kuch qo‘llanmagan. Sudga Atamboyevning tarafdorlari va qarindoshlari ham kelgan.

“Bu chidab bo‘lmas holatdir. Biz bu haqida xabar topgach, shoshilinchda bu yerga keldik. Bugun majlis bo‘lishidan ham bexabarmiz. Sud jarayoni yopiq tartibda o‘tar ekan, jurnalistlarni qo‘yishmayapti. Men otam bilan ko‘rishishga umid qilgandim. Biroq uni yashirincha olib kelishdi va yashirincha olib ketishadi. Unga onam bilan ko‘rishishgagina ruxsat berishdi. Men bilan ko‘rishishni taqiqlashdi. Nima ham qilardim, aqalli otam bilan bir binoda bo‘lganimdan qanoatlanib qolaman”, deb izoh bergan vaziyatga Atamboyevning o‘g‘li Qodir Atamboyev.

Ta'kidlanishicha, Atamboyev sudga jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozod qilinishi ishi bo‘yicha yig‘ilishga keltirilgan. Biroq yig‘ilish advokatlar ish hujjatlari bilan tanishishlari uchun 6 dekabrga ko‘chirilgan. Atamboyev sudning soqchilar xonasida ma'lum vaqt qolib, so‘ngra tergov izolyatoriga qaytarib olib ketilgan.

Mavzuga oid