Jamiyat | 16:40 / 29.11.2019
5215
2 daqiqa o‘qiladi

Onalar o‘limining yarmi shifokorga vaqtida murojaat qilmaslik bilan bog‘liq – Elmira Bositxonova

Bugun, 29 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Mamlakatda onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlik muhitini yanada yaxshilash» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova onalar va bolalar salomatligi masalasiga to‘xtalib, so‘nggi 10-15 yilda onalar va bolalar o‘limi kamaygan bo‘lishiga qaramay ularning salomatligini asrash masalasiga to‘liq e'tibor qaratilmaganini aytib o‘tdi.

Qo‘mita raisi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, homilador ayollarning o‘z sog‘ligiga e'tiborsizligi va shifokorga kech murojaat qilishi tufayli 45-50 foiz holatlarda onalar o‘limi kuzatiladi.

«Shuningdek, bugungi kunda shifoxonalarda bemor bolalar ko‘payib ketishini birlamchi tizimda - oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida uchastka pediatrlari yo‘qligi bilan izohlash mumkin. Vaholanki, mamlakatning 33 foiz aholisini 18 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi.

Bundan tashqari, hududiy hokimliklar tomonidan bu sohani moliyalashtirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlashga aksariyat hollarda oxirgi o‘rinda qaralmoqda», - deya Elmira Bositxonovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilda «Reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun tasdiqlanishi hamda davlat rahbarining «Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi kamchiliklarning oldini olishga yordam beradi.

Mavzuga oid