O‘zbekistonning asosiy tashqi qarzi OTB, Jahon banki, Xitoy va Yaponiya hissasiga to‘g‘ri kelishi ma'lum qilindi
Oliy Majlis Senatining bugun, 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a'zosi Abduqodir Toshqulov vazirliklar va idoralar olingan tashqi qarzlarni nechog‘li samarali, maqsadli ishlatayotgani, bu qanday nazorat qilinayotgani bilan qiziqdi.
Bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov joriy yil yakunlari bo‘yicha davlat tashqi qarzi 1,5 barobar ko‘payishi kutilayotganini ma'lum qildi va buning sababini yirik loyihalarning moliyalashtirilishi bilan izohladi.
“Yil boshiga yaxlitlab aytadigan bo‘lsam, tashqi qarzimiz 9,9 mlrd dollarni tashkil etar edi. 2019 yil 1 oktabr holatiga tashqi qarzimiz 13,5 mlrd AQSh dollarini tashkil qilyapti. Mablag‘lar qayerdan kelyapti degan savolga to‘xtalsam, yil boshi va yil oxirini qaraydigan bo‘lsak, tashqi qarz manbalari tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yo‘q. Jami tashqi qarzning qariyb yarmini xalqaro moliya tashkilotlari bergan. Xalqaro moliya tashkilotlari asosan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar beradi. Xalqaro moliya tashkilotlari ichida eng katta kreditorimiz Osiyo taraqqiyot banki. Yil oxirigacha OTBdan oladigan qarzimiz 3,6 mlrd dollarga yetishi kutilyapti, bu hozircha prognoz, aniq raqamlar emas. Jahon bankining qarzi yil oxirigacha 2,7 mlrd dollar atrofida bo‘lishi kutilyapti”, deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Moliya vazirining ma'lum qilishicha, mamlakatlar kesimida O‘zbekistonning eng katta kreditorlari Xitoy (yil boshidagi tashqi qarz miqdori 2 mlrd dollar), Yaponiya (1,5 mlrd dollar), Germaniya (334 mln dollar), Janubiy Koreya (114 mln dollar) bo‘lib, ulardan keyingi o‘rinlarda Fransiya, AQSh, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Ispaniya va Rossiya turadi.
“Tashqi qarzning nazorati haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchidan, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarimiz hozir juda ham mo‘'tadil darajada. Chunki joriy yilning yakunlari bilan tashqi qarzimiz yalpi ichki mahsulotga nisbatan yigirma besh foizni tashkil etadi. 4-5 oy avval Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan tashqi qarz bo‘yicha strategiyamizni ishlab chiqish bo‘yicha birga ishladik. XVJning ta'kidlashicha, tashqi qarz miqdori YaIMning 55 foizigacha bo‘lsa, xavfsiz hisoblanadi. Biz 55 foizmas, 50 foizni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik, shundan kelib chiqib, “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ham har yili yangidan imzo chekiladigan tashqi qarz shartnomalari miqdorini 4 mlrd dollar bilan cheklab qo‘ydik”, deb aytgan bosh vazir o‘rinbosari.
Jamshid Qo‘chqorov davlatning tashqi qarzlari bilan ishlovchi tashqi savdo va investitsiyalar, iqtisodiyot va sanoat, moliya vazirliklarining bu sohadagi samaradorligini oshirish chindan katta vazifa ekanini ta'kidlab, bu bo‘yicha hozir prezident farmoni loyihasi tayyorlanayotgani, unga binoan bosh vazir huzurida maxsus kengash yoki ishchi guruh tashkil etilishi, u tashqi qarz bilan bog‘liq loyihalarning nazorati bilan shug‘ullanishini ma'lum qildi.
Moliya vazirining aytishicha, davlat tashqi qarzi 2019 yil davomida 1,5 barobarga oshib yil yakunida 15,3 mlrd. dollar (YaIMga nisbatan 25,4 foiz) miqdorida bo‘lishi kutilmoqda.
Senator Abduqodir Toshqulov moliya vaziriga ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning tashqi qarzi oshib borayotgani tez-tez ko‘tarilishi, bu masala ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga, aholining xavotirlarga sabab bo‘layotganini aytib, Moliya vazirligi olinayotgan tashqi qarz nimalarga sarflanayotgani, jamoatchilikning xavotiri asosli yoki asossiz ekaniga zudlik bilan oydinlik kiritish, bayonot va sharhlar berilishini yo‘lga qo‘yishini taklif etdi.
Avvalroq, Moliya vazirligi ayni paytda O‘zbekistonning tashqi qarzi YaIMga nisbatan 23,8 foizni tashkil etayotgani haqida xabar bergan edi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
16:56 / 07.12.2024