Jahon | 20:50 / 01.12.2019
51609
9 daqiqa o‘qiladi

London ko‘prigidagi terakt: xavfli jinoyatchi qanday qilib ozodlikda paydo bo‘lib qoldi?

London ko‘prigidagi hujumdan so‘ng Britaniya Adliya vazirligi zudlik bilan terrorchilik moddalari bo‘yicha qamalganlarni qamoqxonalardan muddatidan avval shartli ozod qilish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta'kidlamoqda.

Terrorizm moddasi bo‘yicha ayblanib, so‘ng muddatidan avval ozodlikka chiqarilgan 28 yoshli Usmon Xonning qurbonlari ikki kishi bo‘ldi, yana uch kishi og‘ir jarohatlar olgan.

BBC bo‘lib o‘tgan voqeani xronologik tarzda tahlil qilib chiqdi.Jinoyatchilarni shartli ravishdan muddatidan avval ozod qilishning hozirgi tizimi jiddiy tarzda qayta ko‘rib chiqilishga muhtojligi haqida qotillik yuz bergan joyga borgan Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bayonot bergan.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonga ko‘ra muddatidan avval ozod qilishning hozirgi tizimi jiddiy tarzda qayta ko‘rib chiqilishga muhtoj.
Foto: PA Media

Bu vaqtda xavfli jinoyatchi Londonning markazida qurol bilan ozodlikda yurganiga kim aybdorligini tushunishga harakat qilishmoqda.

Leyboristlardan deputat Ivett Kuper konservatorlarga aybni ag‘darmoqda: 2012 yilda koalitsion hukumat terrorizm uchun sudlanganlar panjara ortida umrbod qolishi mumkinligi haqidagi qonunni o‘zgartirishgan.

Angliya va Uelsning 2003 yildagi jinoiy odil sud haqidagi qonuni xavfli jinoyatchilarni noaniq muddatga (ayrim hujjatlarga ko‘ra majburiy/muddatsiz umrbod qamoq jazosiga) hukm etish imkonini bergan.

Bu huquqiy me'yor «Jamiyatni muhofaza qilish uchun qamoq jazosi», deb atalgan.

Qonunga ko‘ra, sudya ayblov hukmi chiqarishda sudlanuvchi o‘tashi kerak bo‘lgan minimal muddatni belgilagan. Bu muddat oxirida shartli ravishdan muddatidan avval ozod qilish komissiyasi sudlanuvchi jamiyat uchun hamon xavfli yoki yo‘qligi, ozodlikka chiqishi mumkin-mumkinmasligini hal qilishi kerak bo‘lgan.

Muddatidan avval ozod qilish komissiyasi esa Usmon Xonning jazodan ozod bo‘lishga aloqasi yo‘qligini aytgan: «Aftidan, u qonun talabiga ko‘ra shartli ravishda muddatidan avval ozod qilingan», — deyishdi ular.

Jinoyatchi haqida nimalar ma'lum

28 yoshli Usmon Xon 2012 yilda teraktga tayyorgarlik ko‘rgani uchun qamalgan. U a'zo bo‘lgan guruh portlashlar uyushtirish va Pokistonda terrorchilar yetishtiruvchi lagerlar barpo etishga tayyorlangan.

Usmon Xon 2012 yilda teraktga tayyorgarlik ko‘rgani uchun qamoqqa olingan
Foto: West Midlands police

Xon 16 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan, biroq 2018 yilning dekabrida muddatining yarmisini o‘tagach, ozod qilingan.

U o‘zining harakatlanishini politsiya kuzatib turishi uchun elektron halqa taqib yurishi kerak bo‘lgan. Ko‘prikdagi hujum chog‘ida uning halqasi o‘zida bo‘lgan.

O‘ldirilganlardan biri 

London ko‘prigidagi hujum qurbonlaridan biri Kembrijni yaqinda tugatgan Jyek Merrit bo‘ldi.

Jyek Merrit o‘z qotili ishtirok etgan reabilitatsiya dasturining muvofiqlashtiruvchisi bo‘lgan

Merrit Kembrij universiteti tomonidan mahkumlar uchun tashkil etilgan «Birgalikda o‘qiymiz» reabilitatsiya dasturining muvofiqlashtiruvchilaridan biri bo‘lgan. Bu tadbirda talabalar va sobiq mahkumlar, jumladan Usmon Xon ham ishtirok etgan.

Politsiya so‘zlariga ko‘ra, Xon zaldagi insonlarga pichoq bilan tashlangan, shundan so‘ng London ko‘prigiga chopib chiqqan, u yerda yo‘lovchilar uni to‘xtatib qo‘llarini qayirishgan, so‘ngra politsiya uni otib tashlagan.

Natijada Jyek Merrit va nomi oshkor etilmayotgan bir ayol halok bo‘lgan. Yana uch kishi — bir erkak va ikki ayol pichoqdan jarohatlangan. Ikki kishining ahvoli barqaror, uchinchi odam yengil jarohatlar olgan.

London politsiyasi hujum qilgan shaxsning sheriklari bo‘lmagan, degan xulosaga kelgan.

Politsiyaga ko‘ra, hujum besh daqiqa davom etgan, Usmon Xonning bir o‘zi harakat qilgan.

Hammasi London ko‘prigidan sal naridagi «Fishmongers Holl» baliqfurushlar gildiyasida boshlangan. U yerda mahkumlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha konferensiya o‘tayotgan edi.

Konferensiya Kembrij universiteti tomonidan tashkil etilgan «Birgalikda o‘qiymiz» dasturiga bag‘ishlangan edi. Unga ko‘ra talabalar va Britaniya qamoqxonalarida muddat o‘tayotgan mahkumlar birgalikda dars qilishlari kerak.

Bunday dasturdan ko‘zlangan maqsad mahkumlarning ijtimoiy moslashuvi va unda qatnashayotgan talabalar uchun qimmatli tajriba bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, qotil ertalabki o‘quv sessiyasida qatnashgan va bir necha seminarda ishtirok etgan. Ularda u o‘z muddatini qanday o‘taganini gapirib bergan.

Xon soat 14:00da odamlarga tashlangan. Uning nishoni konferensiyada ishtirok etayotgan o‘qituvchilar va talabalar bo‘lgan, deb yozadi Daily Telegraph.

Usmon Xonda portlatib yuboraman deya tahdid qilgan portlovchi qurilmaning mulyaji bo‘lsa ham, konferensiyada ishtirok etayotgan shaxslardan biri— sobiq mahkum uni tinchlantirishga harakat qilgan.

Times’ga ko‘ra, u 2004 yilda bir ayolni o‘ldirgani uchun 15 yilga qamalgan 42 yoshli Jyeyms Ford edi. Uning ozod bo‘lish muddati yaqinlashib qolgan va shu konferensiyada qatnashish uchun unga javob berilgan ekan.

Shundan so‘ng Xon London ko‘prigiga chopib chiqqan, uni u yerda bir necha kishi qurolsizlantirib, yerga yotqizishgan.

Britaniya politsiyasining aksilterrorchilik bo‘linmasi rahbari Nil Basu hujum qilgan shaxsning motivlari haligacha ayon emasligi, biroq politsiya sodir bo‘lgan voqeani terakt o‘laroq baholashini aytib o‘tgan.

Vahima va o‘tkinchilarning qahramonligi

London-brij Britaniya poytaxtining gavjum moliyaviy va turistik markazida joylashgan. Ikki yil muqaddam bu yerda yirik terakt sodir bo‘lgan, sakkiz kishi halok bo‘lib, ellikka yaqin inson jarohatlangandi.Juma kuni voqea yuz bergach, ijtimoiy tarmoqlarda politsiyachilar bir odamni boshqalaridan ajratib olib, otib tashlagani tasvirlangan videolar tarqala boshladi.

Jinoyatchini to‘xtatgan yo‘lovchilarni Britaniya matbuoti oddiy qahramonlar deb atagan
Foto: Reuters

Boshqa videoda shu odam ko‘prikdagi yo‘lkada qimirlamasdan yotgani, politsiyachilar uni yigirma metrlardan turib nishonga olayotgani tasvirlangan.

Bundan tashqari, bu shaxs bilan kurashga kirishganlardan biri hujum qilgan shaxsdan tortib olingan pichoq bilan chekkaga yugurib ketayotgani kadrlarga muhrlangan.

BBC’ning o‘sha payt ko‘prikda tasodifan bo‘lgan muxbiri Jon Makmanusga ko‘ra, u avval bir guruh erkaklar mushtlashgani — bir shaxsni tinchlantirishga harakat qilishganini ko‘rgan.

Shundan so‘ng darhol politsiya yetib kelgan, odamlar ko‘prikdan qocha boshlashgan, avval ikkita o‘q ovozi yangragan, so‘ngra yana bir necha marta o‘q uzishgan.

«Rus ruletkasi»

Britaniyaning terrorizmga qarshi kurashish milliy departamenti sobiq rahbari Kris Fillipsga ko‘ra, bu voqeadan so‘ng huquq tizimi qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

«Biz odamlarni qamoqxonalardan chiqaramiz. Biz odamlarga og‘ir jinoyati uchun jazo tayinlaymiz, keyin esa ular radikallashuvdan xalos bo‘lmasdan turib ozodlikka chiqaramiz, — degan Fillips. — Shundan keyin qanday qilib politsiya va maxsus xizmatlardan xavfsizligimizni ta'minlashni talab qilishimiz mumkin?»

«Biz o‘zimizga ma'lum radikal jinotchilarning ko‘chalar erkin sayr qilib yurishiga sharoit yaratib, insonlar hayoti bilan rus ruletkasi o‘ynayapmiz», — degan aksilterrorchilik xizmatining sobiq rahbari.

Shanba kuni voqea joyiga Britaniya bosh vaziri Boris Jonson borgan. U voqea joyiga to‘rt daqiqada yetib kelgan politsiyachilarni maqtagan.

Foto: Getty Images

Jonson og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun sudlanganlarni muddatidan avval ozod qilish tizimi kerakli natijalarni bermayotganini aytib o‘tgan. Bosh vazir og‘ir jinoyatlar uchun jazoni qat'iylashtirishini va'da qilgan va bunday jinoyatchilar uchun avtomatik mudattidan avval ozod qilish amaliyotini bekor qilish kerakligini aytib o‘tgan.

Qirolicha Yelizaveta II halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta'ziya izhor qilib, huquq-tartibot organlariga jonbozligi uchun tashakkur bildirgan.

London meri Sodiq Xon yaqin kunlar ichida Angliya poytaxtida patrul qo‘riqlash xizmati kuchaytirilishi, ko‘chalarda qurollangan politsiyachilar paydo bo‘lishiga va'da bergan.

Mavzuga oid