O‘zbekiston | 11:32 / 02.12.2019
124412
2 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar bundan buyon istagan odamiga mashina, uy sovg‘a qilolmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda ilg‘or paxtakorlar, paxta terimi rejasini bajargan klaster rahbarlari, uch va undan ortiq egiz farzand ko‘rgan oilalar, iqtidorli yigit-qizlarga avtomobil, uy sovg‘a qilinishi, hokimlar ularni kimning hisobidan berayotgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Moliya vazirligi davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Abruyevning aytishicha, bundan buyon hokimlar istagan odamiga mashina, uy sovg‘a qilolmaydi, faqatgina mahalliy kengashlar ma'qullagan yo‘nalishlarga qo‘shimcha daromadlarni ishlatishlari mumkin.

“Bundan keyin mahalliy hokimliklar faqatgina mahalliy kengashlar ma'qullagan yo‘nalishlarga qo‘shimcha daromadlarni ishlatishlari mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rdik - hokimlar uy-joy, mashinalarni qayerdan olib berayotgani haqida jamoatchilikda savollar tug‘ilyapti. Bular qo‘shimcha daromadlar hisobidan olindi, deyishlari mumkin. Mahalliy hokimliklarning qo‘shimcha daromadlari ham baribir mahalliy budjetning mablag‘i. “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasi bilan budjet mahalliy budjet kengashida qanday tasdiqlansa, qo‘shimcha daromadlar ham xuddi shu tartibda tasdiqlanishi kerak degan norma kiritildi. Bu budjet intizomini tartibga soladi”, deya Jamshid Abruyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, hokimlarga favqulodda vaziyatlardagi kichik xarajatlar uchun mablag‘larni mahalliy budjetdan olishga ruxsat berilyapti. Bunda ham pullar nimaga sarflangani haqida har chorakda hisobot topshirilishi shart. Ammo favqulodda xarajatlar uchun deb mahalliy budjet puliga uy, mashina olisholmaydi, faqatgina ta'mirlash va boshqa shunga o‘xshash holatlarga xarajat qilishlari mumkin.

Mavzuga oid