O‘zbekiston | 13:40 / 03.12.2019
25276
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistondan O‘zbekistonga kuniga o‘rtacha 15 mln kVt⋅s elektr energiyasi import qilinmoqda

1 dekabr kuni Turkmanistondan O‘zbekistonga 14,9 million kVt⋅s, 2 dekabr kuni esa 15,4 million kVt⋅s elektr energiyasi import qilindi. Bu haqda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati ma'lumotida keltirilgan.

«Joriy yilning 1 dekabridan boshlab Turkmanistondan o‘zaro imzolangan shartnomaga ko‘ra, elektr energiyasini yetkazib berish boshlandi va shu kuni jami 14,9 mln kVt⋅s elektr energiyasi yetkazib berildi. 2 dekabr kuni esa, elektr energiyasini yetkazib berish 15,4 mln kVt⋅s ni tashkil etdi.

Alohida ta'kidlash kerakki, elektr energiyasini yetkazib berish shartnomada belgilangan, kelishilgan grafiklar va miqdorlar asosida amalga oshirilmoqda.

Joriy rejimlarda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasaruffidagi elektr tarmoqlari va podstansiyalari shartnomada belgilangan miqdordagi elektr energiyasini hududiy tarmoqlar chegarasigacha cheklanishlarsiz yetkazib berish imkoniyatiga ega ekanligini ma'lum qiladi», deyiladi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 30 noyabr kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» «Turkmanenergo» bilan elektr energiyasini import qilish yuzasidan bir yillik kelishuvga erishilgani, 1 dekabr kunidan buyon O‘zbekistonda elektr energiyasi ta'minotida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berib, tarmoqdagi cheklovlar keskin kamayishini ma'lum qilgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatiga reja bo‘yicha har kuni 16,6 million kVt⋅s elektr yetkazib berish kerak, amalda kuniga 17,4 million kVt⋅s yetkazilyapti. Aslida viloyatning ehtiyoji 20 million kVt⋅s dan kam emas.

Bundan avvalroq «Daryo» nashri Turkmanistondan uzatilayotgan elektr tarmog‘i yuqori kuchlanish bilan ishlagani sabab tarmoq kontakti qizib ketgani, shuning uchun viloyatning yetti tumani ayrim hududlarida to‘rt soat elektr bo‘lmagani haqida xabar tarqatgandi.

Mavzuga oid