Jamiyat | 17:30 / 03.12.2019
22606
4 daqiqa o‘qiladi

Uyini sel yuvib ketgan fuqarolarga davlat yordami berilmaydimi?

Samarqandda bahorda uyini sel yuvib ketgan fuqaro qishni chaylada kutib olayotgani, hokimlikka qayta-qayta murojaat qilib haligacha bitta g‘isht ololmagani yuqoridagi savolni yuzaga keltirmoqda. Rostdan ham, bizda tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlar o‘z holiga tashlab qo‘yiladimi?

Shu yilning mart-aprel oylarida Samarqanddagi yomg‘irlar ko‘plab xonadonlarga zarar yetkazgandi. Sel oqibatlarini bartaraf etish maqsadida shahar hokimligi huzurida maxsus shtab tashkil etilib, uyini tiklashda yordam so‘ragan fuqarolarga qurilish materiallari berilishi ma'lum qilingandi.

Samarqand shahri, Rudakiy ko‘chasi, 36-uyda yashovchi Muhiddin Primqulov tabiiy ofat oqibatida uysiz qolgan fuqarolardan biri. Sel uning uyini butunlay yuvib ketgan.

Og‘ir operatsiyani boshdan o‘tkazgan ayoli, olti yoshli bolasi bilan uysiz qolgan fuqaro bir necha marta hokimlik va boshqa idoralarga yozma murojaat qilgan. Maqsad, oldin aytilganidek, ozgina qurilish materiallari berilsa qishgacha uyning bir xonasini bo‘lsa-da tiklash edi.

Hokimlik tomonidan kelgan dastlabki javob xatiga Muhiddin Primqulov haligicha tushunmayotganini aytmoqda. Sel sabab uysiz qolganini aytib yordam so‘ragan fuqaroga Samarqand shahar hokimligidan 2019 yil 19 aprelda quyidagi mazmunda javob xati kelgan:

Xullas, «2019 yil uchun tuzilayotgan manzilli dasturning navbatdagi ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilgan».

Nima qilib bo‘lsa ham qishgacha boshpana tiklash kerak. Bahor o‘tib, yozning ikkinchi oyida ham hech qanday najot bo‘lmagach, Muhiddin aka yana murojaatlarni boshlaydi.

Samarqand shahri hokimi nomiga yozilgan arizada ahvolini batafsil ma'lum qiladi. Hokimlikdan yordam kelmasa-da, hartugul javob xati bo‘ladi.

Samarqand shahri hokimi o‘rinbosari imzosi bilan kelgan xatda tabiiy ofatdan ko‘rilgan zararni qoplashda talab etiladigan mablag‘lar ajratilishiga yordam so‘rab viloyat hokimligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga murojaat etilgani bayon qilingan. Shuningdek, mavjud qonun-qoidalarga ko‘ra, fuqaro uy-joyi ta'mirini o‘z hisobidan qilishi lozimligi eslatib o‘tilgan. Bu aftidan, «o‘zing ta'mirlab ol», degani bo‘lsa kerak. Chunki rostdan ham fuqaroga keyinchalik ham hech qanday yordam ko‘rsatilmaydi. 

Kutaverib, sovuq kunlarga yetgan M.Primqulov oxiri xaroba ustida chayla qurib oladi. Plyonka, latta va boshqa materiallar bilan o‘rab olingan boshpanada oila qilish qiyin — Muhiddin aka oxir-oqibat yolg‘iz ana shu chaylada yashab kelmoqda.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

TAHRIRIYaTDAN: Aslida, fuqaro o‘z uy-joyini o‘zi ta'mirlashi lozimligi tahririyatga ham yaxshi ma'lum. Ammo gap tabiiy ofatdan qattiq zarar ko‘rganlarga yordam haqida ketyapti.

Butun dunyoda tabiiy ofatdan aziyat chekkanlar taqdiri kun tartibidagi asosiy masalaga aylanadi. Davlat tomonidan, homiylar va jamoat tashkilotlaridan ham imkon qadar bunday kishilar uylari tiklanishiga harakat qilinadi.

Sarlavhada «Uyini sel yuvib ketgan fuqarolarga davlat yordami berilmaydimi?» degan savol qo‘yilishi bejiz emas. Nafaqat Samarqand, balki boshqa viloyatlardan ham ba'zan tahririyatga tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlar haqda murojaat bo‘lib turadi. Xo‘sh, bizda ularga yordam qo‘lini cho‘zish amaliyoti bormi yoki faqat M.Primqulovgina kimlarningdir e'tiborsizligidan og‘ir ahvolda qolib ketganmi?

Mavzuga oid