O‘zbekiston | 13:40 / 04.12.2019
5665
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya harbiylarining hamkorlikdagi qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

Sharqiy harbiy okrug «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydonda «Sharq–2019» O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi harbiy xizmatchilarining hamkorlikdagi 5 kunlik taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti ma'lum qilmoqda.

Dastlab «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydonida ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirokida brifing tashkil etilib, hamkorlikdagi mashqlarni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar kelishib olindi.

O‘quv mashg‘ulotlari ochilishida ta'kidlanganidek, ushbu mashqlar har ikki tomon uchun ham jangovar salohiyat, professional tayyorgarlik bo‘yicha bilimlarni oshirish hamda xalqaro terrorizmga qarshi kurashda tajriba almashishda muhim o‘rin tutadi.

Bir nechta o‘quv joylarida qatnashchilar bilan jangovar va maxsus taktik tayyorgarlik yo‘nalishlarida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bo‘linmalar oldiga qo‘yilgan o‘quv vazifaga ko‘ra, shartli dushman obektlarini qidirib topish, harakatlanish vaqtida qo‘qqisdan paydo bo‘lgan kichik guruhlarni yakson qilish talab etildi. Bunda asosiy e'tibor harbiy xizmatchilarning jipsligini ta'minlash, bir-birini qo‘llagan holda dushman obektiga talofat yetkazish kabi amaliy mashg‘ulotlarga qaratildi.

«Sharq–2019» hamkorlikdagi o‘quvlari davomida tungi sharoitda ham mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.

Shartli dushman ehtimol tutilgan hududda razvedka ishlari o‘tkazilib, olingan ma'lumotlar zudlik bilan yuqori qo‘mondonlikka yetkazildi. Bo‘linma komandiri tomonidan tegishli qaror qabul qilingach, qo‘qqisdan hujum boshlandi. Shartli dushman obektlari va ularning jangovar texnikalari nishonga olindi. Hamkorlikdagi bo‘linmalarning tezkor va shiddatli harakati tufayli shartli terrorchilar to‘dasi batamom tor-mor qilindi.

Hamkorlikdagi o‘quvlarining yopilish qismida mashg‘ulotlar yuksak saviyada o‘tganligi, mashqlar ikki davlat harbiylariga tajriba almashishlari uchun katta imkoniyat yaratgani alohida e'tirof etildi.

Mavzuga oid