Jahon | 12:10 / 04.12.2019
61277
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda sobiq ichki ishlar vaziri va prezident xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari qamaldi

Turkmanistonda sobiq ichki ishlar vaziri Iskandar Mulikov qator jinoyatlar, jumladan, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish va juda katta miqdorda pora olishda ayblanib sudlandi. Bu haqda mamlakat bosh prokurori Botir Atdayev davlat xavfsizlik kengashi yig‘ilishida xabar berdi.

Turkmaniston televideniyesi sochi butunlay olib tashlangan va qo‘llariga kishan taqilgan sobiq vazirni ko‘rsatdi, deb yozmoqda «Alternativniye novosti Turkmenistana».

Iskandar Mulikov

«Mening jinoyatlarim aniqlanganidan keyin qonuniy asosda jinoiy javobgarlikka tortildim, - dedi I.Mulikov ko‘zlarini ko‘tarmagan holda. - Men noto‘g‘ri xatti-harakatimni tan olaman va afsuslanyapman».

Migratsiya xizmatining sobiq rahbari, o‘z vaqtida prezident xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan Meylis Nobatov ham shu kabi jinoyatlarda ayblangan.

Meylis Nobatov

Nobatovning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatlarini 2015-2019 yillarda, «yuqori lavozimlarda ishlagan paytida» sodir etgan. Migratsiya xizmati rahbari lavozimidan ketganidan keyin, u bir necha bor prezident tansoqchilari tarkibida ko‘rinish bergan.

44 yoshli Iskandar Mulikov esa Turkmaniston Ichki ishlar vazirligini 2009 yildan buyon boshqarayotgandi. U bu lavozimga 34 yoshda tayinlanib, eng yosh ichki ishlar vaziriga aylangan va o‘z lavozimini avvalgi «hamkasblari»dan ancha uzoq vaqt davomida egallagan.

Sobiq ichki ishlar vaziri shu yilning 1 oktyabrida barcha unvonlaridan mahrum qilingan va ishdan bo‘shatilgandi. Manbalarda uning ishdan bo‘shatilishi uzoq muddatga qamalgan tadbirkor Chara Qulovning ishi bilan bog‘liq ekani aytiladi. Xabar qilinishicha, sobiq vazirlar va yuqori lavozimli shaxslar tadbirkor Ch.Qulov bilan birga hokimiyatni qo‘lga olish niyatida bo‘lgan.

Mavzuga oid